«Quyosh» minora, «Aqlli» doska va iPhone’ning yangi xavfsizlik funksiyasi – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 18:00 / 16.12.2023 36852

YouTube’da «kommentlar»ni pauzaga qo‘yish

YouTube foydalanuvchilarga o‘z videolariga izoh qoldirishni vaqtincha to‘xtatib turish imkonini beruvchi yangilanishni chiqardi. Kompaniyaning fikricha, bu blogerlarga kontent ustidan ko‘proq nazorat o‘rnatish va sharhlarni moderatsiya qilishga kamroq chalg‘ish imkonini beradi.

O‘zgarishdan oldin YouTube foydalanuvchilari sharhlarni saqlab qo‘yishi va e’lon qilishdan oldin tekshirishi yoki sharhlar bo‘limini butunlay yopib qo‘yishi, shuningdek, izohlarni avtomatik ravishda e’lon qilish ham mumkin edi.

Yangilanishda ba’zi funksiyalar nomi o‘zgartirildi: «Nazoratni kuchaytirish» va «Ehtimoliy nomaqbul izohlarni ko‘rib chiqish uchun qoldirish» kabi variantlar endi yo‘q. Hozir quyidagi variantlar mavjud: «Yoqish», «O‘chirish» va «To‘xtatib turish».

iPhone’da yangi xavfsizlik funksiyasi

Apple kompaniyasi iPhone uchun yangi xavfsizlik sozlamalarini ishga tushiradi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

IOS 17.3'ning beta versiyasida “o‘g‘irlangan qurilma himoyasi”(Stolen Device Protection) funksiyasi sinov tariqasida ishlatib ko‘rilgan. Bunda qurilma o‘g‘irlansa, o‘g‘rilar telefon egasining shaxsiy ma’lumotlariga, jumladan, uning to‘lov ma’lumotlariga hamda iCloud’da saqlangan surat va videolarga kira olmaydi.

«Quyosh» minora

Iordaniya va Qatar universitetlari olimlar guruhi balandligi taxminan 200 metr bo‘lgan «quyosh» minorasini modellashtirishdi. Minoradagi vertikal yo‘naltirilgan turbinalar havo oqimlarini yuqoriga va pastga harakatlantiradi, bu esa qurilmaning 24/7 rejimida ishlashiga imkoniyat beradi.

Yangi tizim TsS (Twin technology solar system) deb nomlangan. Diametri 250 metr bo‘lgan ulkan issiqxona tipidagi kollektor katta maydondan isitiladigan havoni to‘playdi va uni markazdagi diametri 13,6 metr bo‘lgan teshik orqali chiqaradi. Kuchli havo oqimi esa 200 metr balandlikdagi minora ostidagi katta turbinani aylantiradi.

Qayd etilishicha, taklif qilinayotgan loyiha yiliga jami 753 MW elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Xususan, yuqori oqim 350 MW quvvatni (faqat quyosh nurida) ta’minlaydi, kecha-yu kunduz ishlaydigan pastga oqim esa taxminan 400 MW elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

«Aqlli» doska

Xiaomi kompaniyasi Mijia LCD Blackboard deb nomlangan doskani taqdim etdi. Yangi qurilma ulkan planshetga o‘xshaydi, uni devorga yopishtirib qo‘yish mumkin.

Doskaning diagonali 39 dyuymni tashkil etib, maxsus LCD plyonka bilan qoplangan. Ekrandagi hamma yozuvni bitta tugmani bosib o‘chirish mumkin.

Mijia LCD Blackboard atigi ikki dona AA batareyada ishlaydi. Ekranni tozalash opsiyasidan kuniga taxminan 100 marta foydalanilganda, batareyalar quvvati 280 kungacha yetadi.

Xiaomi’ning mazkur yangi texnalogiyasi 33 dollardan sotuvga chiqarilgan.

Sun’iy intellekt asosida ishlovchi teleboshlovchilar

Channel1 telekanali turli xil tillarda efirni olib bora oladigan boshlovchilarni taqdim etdi. Ularning hech biri hayotda mavjud emas, balki sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi.

Ma’lum qilinishicha, yangiliklar ham sun’iy intellekt tomonidan yaratiladi va turli uslubda: rasmiy va hazil bilan tomoshabinlarga taqdim qilinadi. Xususan, butun dunyo bo‘ylab ishonchli manbalardan ma’lumotlarni to‘planadi va ular tegishli tartibda saralanib, efirga uzatiladi.

Mazkur loyihani 2024 yilda to‘lib amalga oshirish rejalashtirilgan.

Quyoshda kuchli chaqnash

14 dekabr kuni Quyoshda X2,8 intensivlikdagi kuchli chaqnash sodir bo‘ldi, deb xabar berdi «Fobos» ob-havo markazi. 

«Bizga eng yaqin yulduzda bunday intensivlikdagi chaqnash oxirgi marta 2017 yilda qayd etilgan», deyiladi xabarda. 

NASA ham xuddi shunday intensivlikdagi kuchli chaqnash haqida yozdi. 

Quyoshdagi chaqnashlar odatda magnit bo‘ronlariga sabab bo‘ladi. Bu safargi chaqnash R3 (kuchli) darajasida baholangan. Maskur hodisa past chastotali radioaloqadagi nosozliklarga olib kelishi, bu esa, o‘z navbatida, kemalar va samolyotlarning holatini aniqlashda xatolarga sabab bo‘lishi mumkin.  

Ko‘proq yangiliklar: