Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi yadroviy kosmik qurol ishlab chiqishga urinmoqda - OAV

Jahon 19:36 / 17.02.2024 6655

Rossiya yadroviy kosmik qurollarni ishlab chiqmoqda, u portlatilganda hukumat va tijorat sun’iy yo‘ldoshlarini yo‘q qila oladigan kuchli elektromagnit impuls (EMP) hosil qiladi, deb xabar berdi CNN AQSh razvedkasi ma’lumotlariga tayanib.

Ushbu qurol ko‘p sonli sun’iy yo‘ldoshlarni, jumladan, mobil va internet aloqalarini ta’minlaydigan yo‘ldoshlarni o‘chirib qo‘yishi mumkin. Masalan, bu qurol Starlink kabi kichik sun’iy yo‘ldoshlarning katta guruhini yo‘q qilishga qodir bo‘ladi.

Biroq, bu qurol, masalan, yuqoriroq orbitada joylashgan GPS sun’iy yo‘ldoshlarining ishlashiga ta’sir qilishi mumkinligi noma’lumligicha qolmoqda. Pentagonning sobiq yuqori martabali mulozimi so‘zlariga ko‘ra, hamma narsa portlashgacha bo‘lgan masofa va uning kuchiga, shuningdek, sun’iy yo‘ldoshlarning yoshiga bog‘liq.

Nashrning boshqa manbasiga ko‘ra, orbitadagi har qanday EMP qurilmasining eng katta xavfi shundaki, u ishdan chiqqan sun’iy yo‘ldoshlardan iborat «mina maydoni»ni yaratishi mumkin. Bu esa yangi sun’iy yo‘ldoshlarga xavf tug‘diradi.

Shu bilan birga, ba’zi suhbatdoshlar fikriga ko‘ra, Rossiya faqat oxirgi chora sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan qurol yaratmoqda, chunki u fazodagi har qanday, jumladan, Rossiya sun’iy yo‘ldoshlariga ham zarar keltiradi.

Fevral oyi o‘rtalarida AQSh Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi raisi Mayk Tyorner «milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid» haqida ogohlantirib, prezident Jo Baydendan ma’lumotlarni oshkor etishni talab qilgan edi. ABC telekanali manbalarining ta’kidlashicha, gap Rossiyaning koinotda yadro qurolini joylashtirish rejalari haqida ketmoqda.

Keyinroq AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Rossiya sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollarni ishlab chiqayotganini aytdi. Jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda u qurol ishlab chiqish bosqichida ekanligini va hozircha bevosita xavf tug‘dirmasligini ta’kidladi. Kirbi shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Rossiya va boshqa davlatlar bilan bu qurollar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri diplomatik aloqalarni boshlaganini aytdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi qurollar ishlab chiqilishi haqidagi xabarlarni Vashington tomonidan Kongressni Ukrainaga yordam ajratish loyihasiga ovoz berishga ishontirishga qaratilgan «hiylasi» deb atadi. Shuningdek, u Vashington Moskva bilan aloqa o‘rnatmaganini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: