Bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sirdaryo viloyatidagi xonadonlardan birida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 108 138 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan. Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov bu holat bo‘yicha ma’lumot berdi:
“2023 yilda 291 ta holatlarda qiymati 92 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona xodimlari tomonidan 56 ta qonunbuzarlik holatlari 14 mln so‘mlik tamaki mahsulotlarining aylanmasiga chek qo‘yildi.
Bugungi tadbirda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida qonunbuzar Abduboyev tomonidan muqaddam qo‘shni davlatdan olib kelingan tamaki mahsulotlarini xonadoniga joylashtirayotgan paytda qo‘lga olingan. Guliston shahar sudining hukmiga ko‘ra, fuqaro sodir etgan jinoyati uchun 8 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan”.
Tadbirdan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida noqonuniy tamaki mahsulotlari respublikadagi geografik murakkab anklav hududlar orqali, daryo yoki tog‘li hududlar orqali olib kirilayotgani aytildi.
“Yillar davomida bunday holatlar soni o‘sib bormoqda. 2023 yilda 291 ta holat aniqlangan. Shunda 150 dan ortiq holatlarda shaxslarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Qolgan holatlar bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda aynan tamaki mahsulotlari muomalasi bilan bog‘liq modda bor, shu modda bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilib tuman sudlariga chiqarilgan. Ularga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rilgan. Jinoiy ishlar bo‘yicha barcha holatlarda aybdorlik darajasiga qarab sud hukmi bilan jazo qo‘llanadi. Aytib o‘tganimdek, sanksiyalar yengil emas. Harakatiga mutanosib jazo choralari qo‘llanib kelinyapti”, deya ta’kidladi Bojxona qo‘mitasi surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akrom Ahlimirzayev.
Solishtirma tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda ushlab qolingan noqonuniy tamaki mahsulotlari miqdori 2022 yilga nisbatan 3,5 barobarga oshgan.