Isroil armiyasining yo‘qotishlari, Eron harbiy kemasiga kiberhujum va Rossiyada admiral iste’fosi - kun dayjesti

Jahon 22:03 / 16.02.2024 19432

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

G‘azoda va G‘arbiy sohilda 130 kundan ziyod davom etayotgan agressiya oqibatida Isroil armiyasining yo‘qotishlari ham kundan kunga ortib bormoqda.

Isroil armiyasi halok bo‘lgan zobitlar va askarlar to‘g‘risidagi yangilangan ma’lumotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon halok bo‘lgan isroillik harbiylar soni 571 nafarga yetgan. Ularning 233 nafari oddiy askarlar.

Livandagi «Hizbulloh» shialar harakati Isroilning 11 nafar askarini o‘ldirgan. Yana ikki askar G‘arbiy sohilda «Islom jihodi» tomonidan o‘ldirilgan.

Yo‘qotishlar ro‘yxatiga o‘z kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan yoki nosoz o‘q-dorilarning portlashi natijasida o‘lgan harbiylar ham kiritilgan. Jangovar harakatlar asnosida Isroilning oliy martabali besh nafar polkovnigi o‘ldirilgan. Shuningdek, 10 nafar podpolkovnik va 42 nafar mayor o‘ldirilgan.

Bularning barchasi G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni oldida hech narsa emas. Chunki birgina o‘tgan sutka ichida G‘azo sektorida 87 kishi o‘ldirildi, 104 kishi jarohatlandi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon Isroil agressiyasi qurbonlari soni 28 ming 663 kishiga yetgan, yana 68 ming 395 kishi turli darajada yarador qilingan.

Qizil dengizdagi vaziyat

Pentagon Yamandagi husiychilar mo‘ljallangan, Eronda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘lar ortilgan kemani ushlashganini ma’lum qildi.

NBC telekanalining xabariga ko‘ra, AQSh Eronning «Behshod» kemasiga ham kiberhujum uyushtirgan. Ushbu kema Adan qo‘ltig‘ida suzib, razvedka bilan shug‘ullanib, yon-atrofdan o‘tayotgan yuk tashuvchi kemalar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida «Ansorulloh» harakatiga a’zo husiychilarga uzatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Eron tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, kiberhujum «Ansorulloh»ga ma’lumot uzatilishining oldini olish maqsadida tashkillashtirilgan.

AQSh va Buyuk Britaniya harbiy harakatlar bilan husiychilarni to‘xtata olmayapti. Husiychilar harakati vakili Yahyo Sariya yuk kemalariga berilgan yangi zarbalarni sanab o‘tdi

«Biz Adan qo‘ltig‘ida Britaniyaning «Lycavitos» kemasiga hujum qildik. 7 oktyabrda buyon bizning kuchlarimiz jami 34 ta kemaga qarshi operatsiyalar o‘tkazishdi. Ularning 14 tasi AQShga, 3 tasi Buyuk Britaniyaga va 17 tasi Isroilga tegishli. Bizning Qizil dengizdagi operatsiyalarimizdan so‘ng bu yo‘ldan foydalanayotgan Isroil kemalari soni nolga tushdi».

Yahyo Sariya husiychilar Amerika-Britan agressiyasiga javob berish uchun kelgusida choralar qabul qilish, Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha pozitsiyani mustahkamlash jarayonida ekanini ma’lum qilgan.

Ukraina Avdiyivkadan chekinmoqda

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Donetsk oblastidagi Aydiyivka shaharchasini qariyb egallab bo‘lgan, deb yozadi The Washington Post. Ukraina qurolli kuchlari askarlariga ko‘ra, Avdiyivkani tashlab chiqish — vaqt masalasi, payshanba kuni ular ayrim pozitsiyalarni tark etishga majbur bo‘lishgan, chunki Rossiya kuchlari shiddat bilan bostirib kelishgan.

3-alohida shturm brigadasi vakili Oleksandr Borodin Avdiyivkadagi vaziyat «juda og‘ir»ligini ta’kidlagan: Rossiya qo‘shinlari son jihatidan ustun, kuchlardagi nisbatan 7 ga 1 ni tashkil etmoqda. «Bu yerda ikkita hujum armiyasi harakatlanmoqda. Bular yettita brigadadan iborat. Ayni paytda pozitsiyalarni saqlab qolish to‘g‘risidagi buyruqlarni bajarmoqdamiz», — degan u.

Rossiyaning Z-kanallari Rossiyaning Slavyansk brigadasi jangchilari «Zenit» istehkom hududida bayroq tikishganini ma’lum qilib, videodalil ham e’lon qilishdi. Bu joyning egallanishi Avdiyivkani shturm qilishni osonlashtiradi.

Ukraina Qurolli kuchlari «Tavriya» qo‘shinlari guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy «barcha ssenariylar hisobga olingan holda» yangi pozitsiyalar tayyorlab qo‘yilganini ma’lum qildi. Shahardagi vaziyatni u ham murakkab, biroq nazorat qilsa bo‘ladigan deb atagan.

«Hammasi Belarusdan boshlangan»

Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko va Belarus hududi Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan. Bu haqda jurnalistlarga vazirlar ishtirokidagi Shimoliy Atlantika kengashi boshlanishi oldidan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ma’lum qilgan.

«Rossiya Ukraina chegaralari bo‘ylab qo‘shin to‘playotgan paytda ular bu faqat qo‘shinlarni taqsimlash, deb bahona qilgandi. Bosqinning katta qismini aynan Belarusdan turib amalga oshirishdi. Shu sababli Belarus Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga eng avvalidan ishtirokchi bo‘lgan», — degan Stoltenberg.

Stoltenberg Belarus jahonning har qanday boshqa davlati kabi erkinlik va demokratiya sharoitida yashashga haqli ekanini qayd etgan.

«NATO erkinlik va demokratiyaning asosiy qadriyatlariga ko‘ra qurilgan. Biz barcha xalqlar erkinlik va demokratiya sharoitida yashashga haqli, deb o‘ylaymiz. Bu Belarus xalqiga ham taalluqli», — degan NATO bosh kotibi.

Ukrainaga yordam

NATO Ukraina va uning mudofaa investitsiyasini qo‘llab-quvvatlashni oshiradi.

NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari Rossiyaning Ukrainaga harbiy agressiyasi sharoitida ruslarni tiyib turish va ulardan mudofaa qilishni muhokama etishgan.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaga zarur qurol-yarog‘lar, ta’minotlar va o‘q-dorilarni yetkazishga, shuningdek, 10 mlrd dollarlik mudofaa investitsiyasi rejasi doirasida ishlab chiqarishni yanada kuchaytirishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Stoltenberg Qora dengizda Rossiya denat kemasiga zarba berilib cho‘ktirilgani uchun Ukraina harbiylarini maqtab qo‘ydi va AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishidan umid qilayotganini bildirdi.

Buyuk Britaniya ortidan Fransiya ham Ukraina bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaydi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida ikkitomonlama kelishuv imzolaydi, deb xabar beradi Associated Press.

Kutilishicha, hujjat 16 fevral kuni imzolanadi. Bu o‘tgan yili Vilnyusda o‘tgan NATO sammitida Ukraina va G7 davlatlari o‘rtasidagi kelishilgan bitimlar bo‘yicha imzolanayotgan ikkinchi kelishuv bo‘ladi.

Rossiyada admiral iste’fosi

Darvoqe, Qora dengizda cho‘ktirilgan kema bo‘yicha. Ruslarning «Tsezar Kunikov» katta desant kemasi g‘arq qilingach, Rossiyaga tegishli Telegram-kanallar Qora dengiz floti qo‘mondoni iste’foga chiqarildi.

Admiral Viktor Sokolovning iste’foga chiqarilganini 15 fevral kuni bir nechta Z-Telegram-kanallar yozib chiqdi. Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin Telegram-kanallarning yozishicha, Qora dengiz flotiga vaqtinchalik yangi qo‘mondon etib flotning shtab boshlig‘i Sergey Pinchuk tayinlangan.

Agar Sokovlovning iste’fosi tasliqlansa, u Rossiyaning Ukraina bilan urushi mobaynida Qora dengiz flotining ishdan olingan ikkinchi qo‘mondoni bo‘ladi. «Moskva» kreyseri yo‘q qilingach, 2022 yilning avgustida Sokolov o‘sha vaqtdagi qo‘mondon admiral Igor Osipov o‘rniga tayinlangan edi.

Nemis tahlilchisi Yulian repkening hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki yil ichida Rossiyaning Qora dengiz floti o‘zining 20 foiz kemalaridan ayrilgan. Ularning ichida flot flagmani «Moskva» kreyseri ham bor. Ayni paytga kelib Rossiya Qora dengizdagi eng katta flotga ega davlat rutbasini Ruminiyaga topshirib bo‘ldi.

Ukrainaning zarbalari

Ukrainaning Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalaridan so‘ng Rossiya million tonna neft mahsulotlari eksportidan ayrilgan.

Yil boshidan buyon kamida to‘qqiz marta Rossiyaning neft-gaz infratuzilmasiga Ukraina pilotsiz parvoz qurilmalarining hujumlari yirik neft kompaniyalarining eksportiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.

Yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, Rossiyalik neftchilar xorijga dengiz portlari orqali 10,8 mln tonna neft mahsulotlari sotgan, deb xabar beradi Reuters ochiq manbalarga asoslanib. Ukraina hujumlari natijasida yirik neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarishni to‘liq yoki qisman to‘xtatishga majbur bo‘lgani uchun yillik hisobda eksport 1 mln tonnaga yoki 9 foizga kamaygan.

Darvoqe, Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini Ukraina orqali tranzit qilishdan ortiq manfaatdor emasligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Yevropaning ayrim davlatlariga Ukrainaning «Naftogaz» kompaniyasi gaz haydash quvurlari orqali Rossiya gazini yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma 2024 yilning 31 dekabrida tugaydi. Yevropa tomoni shartnomani uzaytirish niyatida emas.

Ko‘proq yangiliklar: