Donetsk oblastining Avdiyivka shahrida Ukraina qurolli kuchlari uchun kritik vaziyat yuzaga keldi, deya ma’lum qildi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi Jon Kirbi jurnalistlar uchun brifing chog‘ida. «Biz ukrainlardan vaziyat o‘ta murakkab ekani, Rossiya qo‘shini har kuni ukrain pozitsiyalariga hujum qilishda davom etayotgani to‘g‘risida xabar oldik. Avdiyivka Rossiya nazorati ostiga o‘tishi xavfi bor», — degan Kirbi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘p jihatdan joylardagi ukrain qo‘shinlarida artilleriya o‘q-dorilari tugayotgani bilan bog‘liq.
«Rossiya ukrain pozitsiyalarini shturm qilish uchun yangi yollanganlarning yangi to‘lqinlari ortidan yangilarini yuborishda davom etmoqda va kongress qo‘shimcha harbiy yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qila olmayotgani uchun biz Ukrainaga ular rossiyaliklarning hujumlarini qaytarishi uchun juda zarur bo‘lgan artilleriya snaryadlarini bera olmadik», — degan Kirbi.
Rossiya kuchlari Avdiyivkadagi ukrain qo‘shinlari guruhidan yetti barobar ko‘p, vaziyat o‘ta kritik holatda, degan «Azov» 3-shturm brigadasi vakili Oleksandr Borodin (ushbu brigada bir necha kun oldin Avdiyivka yo‘nalishiga yuborilgandi). «Ayrim bo‘linmalar bizga 360 daraja bo‘ylab ishlay oladi,
ya’ni vaziyat chindan ham og‘ir», — degan ukrain televideniyesi efirida chiqish qilgan Borodin.
Ukraina Avdiyivkadan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlagan, deya xabar bergan Amerikaning The Washington Post gazetasi ukrain harbiylariga asoslangan holda. Nashr suhbatdoshlari Avdiyivkaning boy berilishi — «vaqt masalasi» bo‘lib qolganini ma’lum qilishgan. Nashrning qayd etishicha, vayronaga aylangan kokskimyo zavodi ukrainlarning shahardagi so‘nggi tayanchi bo‘lib qolmoqda.
Avdiyivkaga shimoldan kirib kelish joyi Rossiya armiyasi tomonidan egallangan, bu yerda Zelenskiy bir yarim oy muqaddam video e’lon qilgandi. Shahar shimoliy chekkalarida RF bayroqlari o‘rnatilmoqda. 15 fevral kuni rossiyalik harbiy muxbir Yevgeniy Poddubniy shunday videolarni namoyish etdi. Videodagi geolokatsiyadan bu shahar nomi yozilgan stela atrofi ekanini ko‘rish mumkin, bu yerda ukrain harbiylari shaharga kirib kelishda fotosuratga tushar, Zelenskiy esa 2023 yil 29 dekabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadagi pozitsiyasiga tashrif buyurganida shu yerda video olgandi. Ukrainlarning OSINT DeepState loyihasi rus qo‘shini Avdiyivka shimolida ilgarilayotganini tasdiqlagan va Poddubniy e’lon qilgan videoda aks etgan uchastkani RF armiyasi nazoratiga o‘tgan hudud sifatida qayd etgan. RF qo‘shinlari egallagan yo‘l orqali Avdiyivkadagi ukrain garnizoniga ta’minot yetkazib berilardi.
Volodimir Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari «imkon qadar ko‘proq ukrainlar hayotini saqlab qolish uchun» bor imkoniyatni ishga solayotganini ma’lum qilgan. U bu haqda ukrain xalqiga 15 fevral yakunlari bo‘yicha qilgan videomurojaatida frontdagi vaziyatni sharhlay turib aytgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina QK bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy hamda mudofaa vaziri Rustem Umerovning hisobotini tinglagan. «Frontdagi — Avdiyivkadagi va umuman butun sharqdagi vaziyatni. Armiyamiz imkon qadar ko‘proq ukrainlar hayotini saqlab qolish uchun yetarli boshqaruv va texnik imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun maksimal darajada harakat qilamiz», — degan Zelenskiy. Ukraina prezidenti Avdiyivkadan qo‘shinlar olib chiqilayotgani haqidagi xabarlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri izohlamagan. Ukraina QK bosh shtabi ham bu haqda hech narsa demagan.
Rossiya armiyasi 2023 yil oktyabrida Avdiyivkani shturm qilishni boshlagan — va o‘tgan vaqt davomida katta yo‘qotishlarga uchragandi. Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni general Valeriy Zalujniy noyabr oyida RF qurolli kuchlari Avdiyivkaga hujum davomida o‘n mingga yaqin kishisidan ayrilganini ma’lum qilgandi. Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi oktyabr-noyabr oylarida Rossiya, katta ehtimol bilan, urush boshidan buyon eng katta yo‘qotishlariga duchor bo‘lganini, «bu ko‘p jihatdan Avdiyivkaga yurish bilan bog‘liqligi»ni ma’lum qilgandi. AQSh razvedkasi dekabr oyida RF qurolli kuchlarining bu yo‘nalishdagi yo‘qotishlarini halok bo‘lgan va yaralangan 13 ming askarga, zirhli texnikadagi yo‘qotishlarni — 220 ga yaqin mashinaga baholagandi. «Mediazona» va BBC rus xizmatining ochiq manbalar asosida frontda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar hisobini yuritib boruvchi jurnalistlari bir necha marta Avdiyivka shturmi boshlanganidan buyon nekrologlar (o‘lim xabarlari) jiddiy o‘sayotganini qayd etishgan. Avdiyivka hududida jang qilayotgan harbiylarning qarindoshlari qo‘mondonlik bu yo‘nalishda safarbar qilinganlarni «qasddan qirayotgani»dan shikoyat qilishgan.
Avdiyivka — Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk chekkasidagi muhim istehkomi. Shahar anneksiya qilingan Donetskdan 15 kilometr masofada joylashgan. 2014 yilda Avdiyivka bir necha oy davomida ayirmachilar nazoratida bo‘lgan, ammo Ukraina QK shaharni qaytarib olgandi. 2022 yil fevralida keng ko‘lamli urush boshlangach, Rossiya qo‘shini Avdiyivkaga bir necha bor yurish uyushtirdi. «Ukrainskaya pravda»ning shaharda bo‘lgan jurnalistlari uylarning aksar qismi vayron bo‘lgani, Avdiyivkada qolgan aholi esa «sovuq, suv bosgan yerto‘lalarda jon saqlayotgani» haqida hikoya qilishgan.