Qashqadaryolik ota 3 nafar farzandi uchun aliment evaziga Toshkent shahridan uy olib berdi

Jamiyat 14:16 / 13.02.2024 15871

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi ota 3 nafar farzandi uchun aliment evaziga Toshkent shahridan uy olib bergan. Bu haqda Kun.uz’ga Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, MIB Yakkabog‘ tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor E.B.dan, undiruvchi G.X. foydasiga 3 nafar voyaga yetmagan farzand ta’minoti uchun daromadning ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro ishi mavjud.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida, qarzdor va undiruvchi o‘zaro kelishuvga erishgan. Ota farzandlari 18 yoshga to‘lgunicha aliment pullari hisobiga Toshkent shahri, Sergeli tumanida joylashgan xonadonlardan birini hadya qilgan.

Uy undiruvchining nomiga rasmiylashtirib berilgandan so‘ng ijro hujjatining ijrosi amalda tamomlangan.

Ko‘proq yangiliklar: