227-1-modda bo‘yicha jarima miqdori kamaytiriladi

Iqtisodiyot 17:31 / 13.02.2024 20609

13 fevral kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlik sub’yektlari barqarorlik reytingining mazmun-mohiyatini yetkazish hamda reytingni aniqlash mezonlari bilan tadbirkorlarni tanishtirish maqsadida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi.

Unda ishtirok etgan Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227-1-moddasiga o‘zgartish kiritilishini e’lon qildi.

“Hukumat darajasida ko‘rib chiqilgan masala – 227-1-moddada jarimalar masalasi bor edi. Bu yerda o‘tirgan ma’lum tadbirkorlarimiz jarimaga tushgan. Men sizlarga e’lon qilmoqchimanki, 100 foizlik jarima 2 foizgacha tushirildi.

2-3 kunda yaxshi xabar kutib qolamiz”, – dedi Vahobov.

U ushbu masala 3-4 oydan beri hukumat darajasida muhokama qilinayotganini aytarkan, tegishli hujjat qo‘l qo‘yishga olib kirilganini ma’lum qildi.

“Bugun-erta yaxshi qaror chiqadi, shu yaxshi qaror evaziga tadbirkorlar uchun nima kutsak bo‘ladi?

100 foiz jarima to‘laganlarga [jarimaning] 98 foizi qaytarib beriladi, to‘lamaganlarga 98 foizi olib tashlanib, 2 foizi qoladi. Kelajakda 227-1-modda bo‘yicha 2 foizlik jarima qoladi”, – dedi SSP raisi.

227-1-modda haqida

2023 yil mart oyida Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, 227-1-moddasi qo‘shilgan edi. Unga ko‘ra, tadbirkor markirovka qoidalarini buzsa, maxsus hisoblash dasturlarini soliq organi bazasiga integratsiya qilmasa, bir chorakdagi (3 oy) sof tushumining 100 foizi miqdorida jarimaga tortiladi. Bu jarimaning yuqoriligi tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelyapti.

2023 yil oxirida Prezident huzuridagi kengash markirovkalash bo‘yicha jarimani kamaytirishni so‘radi. Kengashning bu muammo yuzasidan davlat rahbariga murojaat etishga qaror qilishi ortidan Soliq qo‘mitasi rahbarlari tadbirkorlar bilan muloqot qila boshladi. Savdo-sanoat palatasi 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish va belgilangan sanksiyani yengillashtirishni taklif etdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan qo‘llangan jarimalar miqdori jami trillion so‘mdan oshib ketgani haqida yozdi.

2024 yil fevral oyida Toshkent shahar ma’muriy sudi 227-1-modda bo‘yicha soliq organlari qarori ustidan shikoyat qilgan tadbirkorning foydasiga hal qiluv qarorini chiqardi.

Video:

Ko‘proq yangiliklar: