QQSni qaytarib berish bo‘yicha imtiyoz milliy valutada eksport qilgan tadbirkorlarga ham tatbiq qilinadi

O‘zbekiston 13:36 / 12.02.2024 4648

Davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida ham ish o‘rinlari va tovar aylanmasini “soyadan” chiqarish zarurligi ta’kidlandi. Qayd etilishicha, endilikda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish bo‘yicha imtiyoz milliy valutada eksport qilgan tadbirkorlarga ham tatbiq qilinadi.

Shuningdek, yig‘ilishda go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 315 mln dollar resurs yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘ chorva kompleksini tashkil qilish, qoramol olish, omuxta-yem chiqarish uchun milliy valutada 17 foizdan 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga beriladi.

Chorva xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga ham 1 trln so‘m imtiyozli kredit yo‘naltiriladi. Ushbu kreditlarning 18 foizdan oshgan qismi Tadbirkorlik jamg‘armasidan barcha tadbirkorlarga qoplab beriladi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda joriy yilda baliq yetishtirish hajmini 1 mln tonnaga yetkazish va qo‘shimcha 50 ming aholini band qilish tarmoq mas’ullarining asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi.

Daryo bo‘ylarida kamida 500 ta havza tashkil qilib, kooperatsiya asosida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish topshirildi. “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida baliq boqish uchun garovsiz kreditni 100 mln so‘mgacha oshirish taklif qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: