Fransiya Ukrainaga Caesar gaubitsalarini beradi - Zelenskiy

Jahon 22:06 / 10.02.2024 10311

Prezident Vladimir Zelenskiy Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ukraina davlat rahbari Fransiyaga Makron ma’muriyati darajasida ham, fransuz jamiyati darajasida ham doimiy qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Ikki davlat rahbarlari jang maydonidagi mavjud vaziyat va Ukrainaning mudofaa ehtiyojlari, jumladan, uchuvchisiz samolyotlar, artilleriya tizimlari va snaryadlar, elektron urush tizimlari, portativ va uzoq masofaga mo‘ljallangan turli turdagi havo hujumidan mudofaa tizimlarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Fransiya va AQSh tomonidan «artilleriya koalitsiyasi» ishga tushirilganini yuqori baholadi, uning doirasida Parij Ukrainaga o‘nlab Caesar artilleriya tizimlari va snaryadlarini beradi.

Caesar yangi avlod o‘ziyurar artilleriya qismi bo‘lib, u frontdan 20 km va undan ortiq masofada dushmanga yuqori aniqlikda zarba berish imkoniga ega.

Zelenskiy va Makron G7 Vilnyus deklaratsiyasi doirasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjat tayyorlash masalasini ham muhokama qildi.

Ukraina va Fransiya prezidentlari bo‘lajak qo‘shma tadbirlar taqvimini ham muvofiqlashtirishdi.

18 yanvar kuni Parijda Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi (Rammshtayn formati) ishi doirasida faoliyat yuritadigan «artilleriya koalitsiyasi» tuzilgani haqida ma’lum bo‘ldi. Bu yil Fransiya 78 dona Caesar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, ulardan oltitasi narxini Ukraina to‘lamoqchi.

Fransiya ham o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda va bu yil Ukrainaga 155 mm qurollar uchun oyiga 3 mingta snaryad yetkazib beradi.

Bundan tashqari, Fransiya Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi 40 ta SCALP qanotli raketalarini, shuningdek, oyiga 50 ta AASM Hammer (A2SM) boshqariladigan aviabombalarni yetkazib beradi.

Ko‘proq yangiliklar: