«Real»da yo‘qotish, Angliyada chempionlik poygasi qizimoqda. Kun o‘yinlari

Sport 15:41 / 05.02.2024 24206

Angliya: chempionlik poygasi qizimoqda, «Liverpul» Londonda taslim etildi

«Arsenal» — «Liverpul» 3:1
Gollar:
Saka (14), Martinelli (67), Trossar (90+2) — Gabriel (45+3, avtogol).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Kiver, 46), Jorjinio, Edegor, Rays, Haverts, Martinelli (Trossar, 74), Saka (Nelson, 79).
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold (Roberson, 58), van Deyk, Konate, Gomes (Alkantara, 85), Mak Allister, Jons, Gravenberh (Elliott, 58), Jota, Dias, Gakpo (Nunes, 58).
Ogohlantirishlar: Gomes (25), Uayt (31), Konate (55), Gabriel (57), Kiver (69), Nunes (90), Saliba (90+1), Rays (90+4), Haverts (90+5). 
Chetlatish: Konate (88).

So‘nggi haftalarda APL peshqadami bo‘lib turgan «Liverpul» «Arsenal»ga qarshi yil o‘yini oldidan tarkib borasida muammolarga duch kelgandi. Mersisaydliklar shtabi hamon Saloh, Soboslai va Robersonning sog‘ayishini kutmoqda, o‘tgan turda Nunes ham kichik jarohat olgandi. Bundan tashqari, o‘yin arafasida fojia ro‘y berdi — «Liverpul»ning yangi yulduzi, «Chelsi»ga qarshi o‘yinning eng yaxshi futbolchisi Konor Bredlining otasi vafot etdi va u o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi. Klopp o‘ng qanotda yana Aleksander-Arnoldni tushirdi.

«Arsenal»da esa asosan bitta jiddiy yo‘qotish bor edi — Gabriel Jyezus jarohatlangan. Lekin Arteta markaziy forvard o‘rnida Nketia yoki Trossarni emas, Haversni tushirdi. «Kanonirlar» ustozi maydon markazi uchun tanlovi bilan raqiblarni hayron qoldira oldi — Jorjinio anchadan buyon «Arsenal»ning boshlang‘ich tarkibiga kirmay qo‘ygan, ammo shunday muhim o‘yinda Rays bilan birgalikda ikkinchi tayanch yarimhimoyachi pozitsiyasida tushdi.

Artetaning barcha rejalari ish berdi. Bu uchrashuvga superpressing qiluvchi ikki eng yaxshi jamoa to‘qnashuvi sifatida qarash ham mumkin edi. Va «Arsenal» «Liverpul»ga nisbatan yaxshiroq tayyorlangani ma’lum bo‘ldi: Havers va Edegor muntazam ravishda pressingning birinchi chizig‘ida joylashib, raqiblarni amalda darvozabon hududida qarshi olishdi. Shu tufayli mehmonlarda himoyadan chiqishda muammolar yuzaga keldi.

«Arsenal» birinchi bo‘limda yaqqol ustunlikka erishdi. Qarshi hujumda Havers yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, darvozabon zarbani qaytardi, ammo to‘p Sakaga kelib tushdi va hisob ochildi. Angliyalik futbolchi bu vaziyatda ofsayd qopqoniga tushib qolishi ham mumkin edi va mehmonlar hakamdan vaziyatni ko‘rib chiqishni talab qilishdi, ammo VAR Saka baribir to‘g‘ri holatda bo‘lgani va APLdagi sakkizinchi golini qoidalarga mos holda urganini qayd etdi.

Londonliklar bo‘lim oxirigacha hisobdagi farqni oshirishi mumkin edi, 45 daqiqalikda kutilgan gollar bo‘yicha 2,03 xG ko‘rsatkichi yuzaga keldi, ya’ni jamoada yana bir necha gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi.

«Liverpul» odatda jismonan kuchli bo‘lgan, lekin bu safar maydon markazini butunlay topshirdi. Mezbonlarda Rays raqib hujumlarini to‘xtatish va to‘pni olib qo‘yishga mas’ul bo‘ldi, jamoaning qolgan barcha a’zolari esa vaziyatlar yaratish bilan shug‘ullanishdi. Natijada bo‘lim boshidan oxiriga qadar aynan mezbonlar to‘xtovsiz ravishda hujumga o‘tishdi.

Lekin futbolda doim ham barchasi mantiqqa mos kelavermaydi. Va bo‘lim oxirida «Liverpul» baribir hisobni tenglashtirishni uddaladi. Saliba darvozabon hududiga kelgan to‘pni nazorat qilayotgandek va Diasni korpusi bilan to‘sib turgandi. Ammo kolumbiyalik futbolchi ayyorlik bilan to‘pga teginishga ulgurdi va to‘p avval Gabrielning qo‘liga, keyin darvoza to‘riga bordi. Bu vaziyatda Saliba to‘pni hech ikkilanmasdan uzoqlashtirishi kerak edi, ammo u va darvozabon bir-birini tushunmadi. Natijada, mehmonlar darvoza sohasi tomon birorta zarba yo‘llamagan bo‘lsa-da, hisobni tenglashtira oldi.

Tanaffusda Arteta Zinchenkoni maydondan oldi va Kivyorni tushirdi. Klopp esa 60-daqiqaga bormasdan uchtalik almashtirish qildi — Roberson, Elliott va Nunes maydonda paydo bo‘lishdi. Va shundan keyingina «Liverpul» o‘yindagi ilk zarbasini berdi. Lekin Dias tepgan to‘p Rayyaning qo‘liga borib tushdi.

«Arsenal» esa xotirjamlik bilan himoyalandi va qarshi hujumlarda payt poyladi.

Bu vaqt 67-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Ichkaridan uzatilgan to‘pga van Deyk ham, Alison ham yetib keldi, ammo himoyachi korpusi bilan o‘z darvozaboniga to‘pni uzoqlashtirishga xalaqit berdi, natijada Martinelli bo‘sh darvoza qarshisida to‘p bilan yolg‘iz qoldi va faoliyatidagi eng oddiy golni urdi. Bu amalda g‘alaba goli edi, shundan keyin «Liverpul» o‘ziga kela olmadi. 

Qolgan vaqtda ro‘y bergan to‘rt voqeani qayd etish mumkin. Birinchidan, Saka jarohat tufayli almashtirildi. Ikkinchidan, Konate chetlatildi — ikki bor oxirgi himoyachi pozitsiyasida turib raqibni to‘xtatib qolgani uchun ikki bor sariq kartochka oldi. Uchinchidan, Tiyago Alkantara maydonga chiqdi, bu uning ushbu mavsumdagi debyuti bo‘ldi. U «Liverpul» safida so‘nggi bor roppa-rosa bir yil muqaddam — 2023 yil 4 fevral kuni o‘ynagandi. To‘rtinchisi: Trossarning goli, u to‘pni maydonning qariyb yarmi bo‘ylab olib o‘tdi va Alisonning oyoqlari orasidan darvozaga kiritdi.

3:1 — londonliklar uchun o‘ta muhim g‘alaba. Arteta shogirdlari nafaqat hisobda, balki o‘yin bo‘yicha ham APL peshqadamini ojiz qoldirdi va oltin medallar uchun poygani maksimal darajada qizitdi. Endi «Arsenal» va «Liverpul»ni atigi ikki ochko ajratib turibdi, ortda esa zaxirada ikki o‘yini bor «Manchester Siti» kelmoqda. Gvardiola jamoasi bu o‘yinlarning ikkisini =am «Brentford»ga qarshi o‘tkazadi (birinchisini dushanba kuni).

Ispaniya: Madrid derbisida jangovar durang

«Real» — «Atletiko» 1:1
Gollar:
Dias (20) — Lorente (90+3). 
«Real» – Lunin, Karvaxal, Nacho, Mendi, Kroos, Valverde, Kamavinga, Bellinghem (Seballos, 88), Vaskes, Dias (Xoselu, 71), Rodrigo (Modrich, 76).
«Atletiko» – Oblak, Savich, Ermoso, Vitsel, Lorente, Rikelme (Molina, 46), Koke (Korrea, 68), Saul (Lino, 61), De Paul (Barrios, 61), Grizmann, Morata (Depay, 61).
Ogohlantirishlar: Saul (37), Ermoso (38), Koke (82), Barrios (85), Depay (90+6). 

«Real»da jarohatlar soni haddan oshiq ko‘payib ketdi. Bu ayniqsa markaziy himoyachilar to‘g‘risida. Militao va Alabadan tashqari, Ryudiger ham safdan chiqdi, u ukol bilan ham o‘ynay olmasligi ma’lum bo‘ldi va markazda qanot himoyachisi Karvahal Nachoga sherik bo‘ldi, uning o‘ng qanotini esa Vaskes egalladi. Qolaversa, tayanch zonasi vakili Tshuameni diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmasdi. O‘yindan oldingi mashg‘ulotlar chog‘ida esa Vinisius ham jarohatlandi. Avvaliga uning o‘rniga Xoselu tushishi xabar qilingandi, amalda maydonga Braim Dias chiqib keldi.

«Real»ning birinchi bo‘limdagi eng yaxshi o‘yinchisi esa aynan Dias bo‘ldi, u mezbonlarning hujumlaridagi asosiy kuchga aylandi. U shunchalik dadil o‘yin ko‘rsatdiki (tovon bilan pas berishi va to‘pni raqib oyoqlari orasidan o‘tkazishi shular jumlasidan), muntazam ravishda asosiy tarkibda tushadigan futbolchidek taassurot uyg‘otdi. Mehmonlar esa quyi blokda himoyalanishni afzal ko‘rishdi. Ko‘p hollarda «Atletiko»ning barcha futbolchilari maydonning uchinchi qismida joylashdi, ba’zida esa jarima maydoni ichiga qamalib olishdi.

Bu qaysidir ma’noda Simeone jamoasi zarariga ishladi. Bunday uslub qarshi hujumlar uyushtirilganida o‘zini oqlaydi, ammo bunday hujumlar amalda deyarli kuzatilmadi. Buning o‘rniga «Atletiko» futbolchilari o‘z jarima maydoni ichida raqiblarga yordam berib yubordi. «Real»ning goli juda osonlik bilan urildi. Mezbonlar hujum davomida ikki bor «Atletiko» futbolchilaridan devor sifatida foydalanishdi. Bu «Real»ning birtepar uslubdagi kombinatsiyasiga aylandi va unda Saul hamda Koke ham ishtirok etdi. Ularning oxirgisidan to‘p Diasga borib tushdi.

Shundan keyin «Atletiko» darhol burchak zarbasini ijro etdi va Vitselning zarbasi golga aylanishiga bir baxya qoldi va «Real» tanaffusga hisobdagi ustunlik bilan yo‘l oldi. Tanaffusdan qaytiboq mehmonlar darvozani ishg‘ol etishdi – Savichning zarbasi darvoza to‘riga borib tushdi. Ammo VAR bu holatda ofsayd qayd etdi – Saul chindan ham o‘yindan tashqari holatda edi va Luninni to‘sib turgandi.

Ikkinchi bo‘limda Bellinghem uch marta penalti so‘radi, ammo hakam «nuqta»ni ko‘rsatmadi (garchi birinchi holatda bunga asoslar bor edi). Bundan tashqari, «Real» xavfli qarshi hujumdan foydalana olmadi – bu vaziyatda to‘rt hujumchi ikki himoyachiga qarshi chiqib borgandi. 71-daqiqada esa Braim Dias turning eng chiroyli golini urishga juda yaqin keldi. U jarima maydoni ichida to‘pni avvaliga Ermosoning oyoqlari orasidan o‘tkazdi, keyin esa bir chalg‘ituvchi harakat bilan Vitselni yo‘ldan oldi, ammo olis burchak tomon yo‘llagan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi.

«Atletiko»da ham vaziyatlar yuzaga keldi, ammo bu vaziyatlar kam va yaqqol emasdi. Zarba berishga muvaffaq bo‘lingan holatlarda esa Lunin o‘zini ko‘rsatdi. Jumladan Grizmanning orqa turib tovonda yo‘llagan ayyorona zarbasini ham. Aftidan, Kepa Kurtua yo‘qligida asosiy darvozabon bo‘lish uchun raqobatda butkul yutqazdi.

«Real» bu safar ham uch ochkoni qo‘lga kiritishi muqarrardek ko‘rina boshlagan daqiqalarda esa «Atletiko» hisobni tenglashtirishga erishdi. Depay bosh bilan to‘pni oldinga tashlab berdi va Liorentening bosh bilan yo‘llagan zarbasi to‘sin ostidan to‘rga borib tushdi – 1:1. Mezbonlar butun o‘yin davomida ustunlik qilganiga qaramay, derbi durang hisob bilan yakunlandi.

Bu esa Ispaniyada chempionlik intrigaasi davom etadi degani. Kamida keyingi yakshanbaga qadar, o‘sha kuni priyedet Blind, Errera va bosh murabbiyi Michel Sanchesning diskvalifikatsiyasi tufayli kuchsizlangan «Jirona» «Santiyago Bernabeu»ga tashrif buyuradi. Hozirda jamoalar orasidagi farq ikki ochkoni tashkil etmoqda.

Italiya: Milanliklar amalda skudettoni hal qildi

«Inter» — «Yuventus» 1:0
Gol:
Gatti (37, avtogol).
«Inter» – Zommer, Darmian (Dumfris, 73), Acherbi, Pavar, Bastoni (de Vrey, 89), Dimarko (Karlos Augusto, 73), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li, Barella (Klassen, 89), Tyuram (Arnautovich, 77), Martines.
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Miretti, 88), Danilo, Bremer, Gatti (Aleks Sandro, 88), Kostich (Vea, 66), Rabio, Lokatelli, Makkenni (Alkaras, 90), Yildiz (Kiyeza, 66), Vlahovich.
Ogohlantirishlar: Vlahovich (18), Danilo (32), Mxitaryan (51), Tyuram (77), Bremer (87).

A Seriya peshqadamlari o‘rtasida kechgan Italiya derbisi «Inter»ning «Yuventus» ustidan g‘alabasi bilan yakunlandi. «Neradzurrilar» zaxirada bir o‘yini bor holatda asosiy raqobatchisidan to‘rt ochkoga o‘zib ketdi.

Bu o‘yinda 3-5-2 sxemasidagi «Inter» 3-5-2 sxemasidagi «Yuventus»ga qarshi maydonga tushdi. «Inter» ilk daqiqalardan to‘pni nazorat qildi (bu ko‘rsatkich 75 ga 25 foiz ko‘rinishigacha yetdi) va hududlar bo‘yicha ham ustunlik qildi. Mezbonlar Massimiliano Allegri mudofaasini qanotlar va yarimqanotlar orqali buzib o‘tishni maqsad qilgandi: futbolchilar katta guruh bo‘lib goh chapga (ko‘proq), goh o‘ngga tashlanar va bu hududlarda tezda kombinatsiyalar uyushtirilardi. «Yuventus» esa amalda jarima maydonida avtobus o‘rnatdi.

Avvaliga «neradzurrilar» qator burchak zarbalarini ijro etishdi, Mxitaryan ilk zarbani yo‘lladi. Ammo birinchi haqiqiy golli vaziyat bo‘lim o‘rtalariga borib yuzaga keltirildi. Armanistonlik yarimhimoyachi chap qanotdan jarima maydoniga kirib borgan Dimarkoga to‘pni yetkazib berdi, ammo u zarba berishda shoshildi va to‘ni darvozaga to‘g‘ri tepa olmadi. Keyin esa Chalxono‘g‘li o‘z jamoasi jarima maydoni atrofidan turib raqib jarima maydoni atrofida to‘p so‘ragan Dimarkoni uzun pas bilan ta’minladi, ammo hujum davomida turinliklar jarima maydoni ichida turgan Tyuram to‘pni qabul qila olmadi - Bremer to‘pni uning oyoqlari ostidan olib qo‘ydi. Lekin allaqachon gol hidi kela boshlagandi. Qolaversa, «Yuventus»ning qarshi o‘yini o‘xshamayotgandi. O‘yinning yarim soati o‘tayotganida Makkenni Vlahovich hisobni ochishi uchun barcha ishni qildi, ammo
shu kuni muntazam ravishda qo‘pol o‘ynagan va hakam bilan bahslashgan serbiyalik hujumchi jarima maydoni ichida to‘pga ilk teginishida ham muvaffaqiyatsiz harakat qilib, burchak zarbasi ishlash bilan cheklandi.

«Inter» esa tanaffus arafasida baribir o‘z maqsadiga erishdi. Simone Indzagi jamoasi gol urilgan epizodda o‘ng qanotdan boshliq topa oldi: Barella to‘pni jarima maydoni ichiga yetkazib berdi, Pavarning havodagi to‘pga zarba berishga urinishi o‘xshamadi, ammo shuning o‘zi «Yuventus» himoyachilarini chalg‘itdi va Gatti Tyuram bilan to‘p uchun kurashayotib uni o‘z jamoasi darvozasiga kiritib yubordi. Turinliklar avtogol tufayli yutqazadigan bo‘ldi. Ammo jarima maydoniga qamalib olinganda bunday vaziyat ehtimoli ortishi tabiiy edi. O‘yinning ilk 45 daqiqaligida zarbalar bo‘yicha hisob 9:2 (jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar – 7:2) ko‘rinishini oldi, ammo darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – faqat 1:0.

Tanaffusdan keyin ko‘proq pozitsion o‘yin kuzatildi, Indzagi va Allegri jamoalari bir-birining xatosini kutib o‘ynadi. Ammo yana «Inter» yaxshiroq harakat qildi. «Neradzurrilar»ning deyarli har bir qarshi hujumi xavfli tus oldi, «Yuventus»da esa qarshi hujumlar o‘xshamadi, mezbonlar to‘p yo‘qotilishi bilan kuchli pressing o‘tkazishdi va o‘z pozitsiyalariga qaytishga ulgurishdi. Chempionat peshqadami ikkinchi golga ham juda yaqin keldi, ammo Chalxono‘g‘lining qaytgan to‘pga bergan zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi. Umuman olganda, ushbu turkiyalik futbolchi shu oqshom juda kuchli o‘yin o‘tkazdi.

U Genrix Mxitaryan va Nikolo Barella bilan birgalikda maydon markazida hukmronlik qilib, o‘yin sur’atini boshqarib turishdi. Ularning raqiblari — Manuel Lokatelli va Adriyen Rabio — esa butun jamoasi kabi u qadar yaxshi ko‘rinmadi.

Qora-oqlar safidagi eng yaxshi o‘yinchi esa Voysex Shchensni bo‘ldi, u ikkinchi bo‘limda ikki bor qahramonlik ko‘rsatdi va turinliklarni o‘yinda qoldirdi. Marko Arnautovichning yaqin masofadan turib bergan zarbasini qaytarganida esa ushbu polyak o‘rnidan qo‘zg‘alishga va ikkinchi zarbaga reaksiya qilishga ulgurgandi, bu orqali u nafaqat turning, balki oyning va hatto yilning eng yaxshi seyvini ijro etdi.

Ikkinchi bo‘limda «Inter» zarbalar bo‘yicha ortda qoldi – 6:11, ammo jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha farq katta emas – 4:5, darvoza sohasiga aniq yo‘llangan zarbalar bo‘yicha esa yana ustun keldi (2:1). Va haqli g‘alabaga erishdi.

Italiya derbisidagi g‘alaba «Inter»ni skudetto sari yanada yaqinlashtirdi. Endi asosiy ta’qibchi «Yuventus» bilan oradagi farq to‘rt ochkoni tashkil etmoqda, agar qoldirilgan o‘yinda ham g‘alabaga erishilsa, bu farq yetti ochkoga yetadi.

Ko‘proq yangiliklar: