“Dok-1 Maks”dagi zaharni ishlab chiqaruvchigina aniqlashi mumkin edi” – Davlat farmakopeyasi bosh muharriri

O‘zbekiston 14:32 / 03.02.2024 21547

“Dok-1 Maks”da aniqlanib, bolalarning zaharlanishiga sabab bo‘lgan modda uning xomashyosida tekshirilib, Hindistondagi ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘xtatilgan bo‘lishi kerak edi. Ishlab chiqarish jarayonida qilinadigan ishni tayyor preparat holida aniqlash mumkin emas. Chunki “Dok-1 Maks” preparatini tayyorlashda 12 ta har xil moddalar aralashtiriladi. Har bitta modda toza vaqtida xomashyosi tarkibidagi qo‘shimchalar va primislar miqdorini aniqlash imkoni bor. Lekin hammasi aralashib ketganidan so‘ng bunaqa imkoniyatni bermaydi. Shu bois, bu ishlab chiqaruvchi korxonaning vakolatida edi”, deydi Davlat farmakopeyasi bosh muharriri Habibulla Jalilov.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida Daryo nashri muxbirining O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” voqeasi takrorlanishi borasidagi savoliga Davlat farmakopeyasi bosh muharriri Habibulla Jalilov javob berdi.

Habibulla Jalilovga ko‘ra, O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” fojiasi ro‘y berganidan so‘ng, Farmatsevtika agentligining sobiq direktori va mas’ullari Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan. Shundan so‘ng sirop ishlab chiqaruvchisi — Marion Biotech Pvt.Ltd kompaniyasi joylashgan shtatning nazorat qiluvchi organi birinchi galda ishlab chiqaruvchi faoliyatini to‘xtatib, litsenziyasini bekor qilgan. Korxonaning 5 nafar mas’uli qamalgan. Ularga sudda qanday jazo tayinlangani ma’lum emas.

“Dori vositasini ishlab chiqarish jarayoni ko‘p bosqichli. Va mana shu ko‘p bosqichning har bittasida o‘ziga vakolatli bo‘lgan shaxslarga yuklatib qo‘yilgan. “Dok-1 Maks”da yuzaga chiqib, bolalarning zaharlanishiga sabab bo‘lgan primis uning xomashyosida tekshirilib, o‘sha jarayonda, Hindistondagi ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘xtatilgan bo‘lishi kerak edi. O‘sha yerda qilinadigan ishni, tayyor preparatda aniqlash mumkin emas. Chunki “Dok-1 Maks” preparatini tayyorlashda 12 ta har xil moddalar aralashtiriladi. Har bitta modda toza vaqtida, xomashyosida qancha qo‘shimcha moddalar bor, qancha primislar bor, aniqlash imkoni mavjud.

Lekin hammasi aralashib ketganidan so‘ng bunaqa imkoniyatni bermaydi. Shu bois, bu ishlab chiqaruvchi korxonaning vakolatida. Endi shu voqea yuzaga kelganidan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunga tezda munosabat bildirdi va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi laboratoriyaga tayyor mahsulot ichidagi shu primisni aniqlash mumkinmi deb savol qo‘yib, topshiriq berdi. Ular uch oy davomida olib borgan ilmiy tadqiqotlar davomida murakkab usulda shuni aniqlash metodikalarini ishlab chiqib, butun dunyodagi nazorat organlariga tarqatdi. Oldingi holatda Amerikada ham, Yevropada ham bu xomashyoda tekshirilar edi, tayyor mahsulotda tekshirilmagan, — deya ta’kidlagan u.

Avvalroq Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyev sudda bu dorining O‘zbekistonga kirib kelishini to‘xtatish iloji bo‘lmaganini ma’lum qilgandi.

“Xalqaro qonunchilikda, Britaniya farmakopeyasida dori vositalaridagi propilenglikol moddasi ichidagi yot modda etilenglikolni tekshirish ko‘zda tutilmagan, O‘zbekiston qonunchiligida sirop dori vositalaridagi yot moddalarni tekshirish ko‘rsatilmagan. Shu nuqtai nazardan xodimlarim tomonidan olib borilgan ishlar qonun doirasida amalga oshirilgan. Agar bu holatda mendan boshqa rahbar bo‘lganda ham xuddi shu mexanizmda voqea takrorlanar edi, chunki farmakopeyada bu ko‘rsatilmagan, qonunchilikda ham siroplarni yot moddalarga tekshirish aytilishi kerak edi”, degandi Farmagentlikning sobiq rahbari suddagi ko‘rsatmasida.

Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 Maks” fojiasida rasman 16 nafar bola hayot uchun xavfli darajada jiddiy jarohatlangan, 2 nafar bola yengil jarohat olgan, 68 nafar bola zaharlanish oqibatida vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: