Yozyovonlik Ahmadjon Ismoilov qariyb 50 yildan buyon limonchilik bilan shug‘ullanadi. Dastlab 1 sotix maydonda ish boshlagan otaxonning bugun 26 sotix limonzori bor. “Donasi 1 so‘m bo‘lgan paytda 100 dona limonni sumkaga joylab Qo‘qon, Andijon, Namangan va Marg‘ilon shaharlariga olib borib sotib kelardim. Issiqxonaga kirib shoxlarida uyulib yotgan mevasini ko‘rganimda kayfiyatim ko‘tariladi”, deydi bog‘bon.
“Asli tarix o‘qituvchisiman. 43 yil ilgari texnikumda ishlardim. 1976 yilda kardionevroz kasalligi bilan og‘ridim. O‘sha kezlarda Toshkent telekanalida o‘zbek limonchilik maktabi asoschisi Zayniddin Faxriddinov haqida ko‘rsatuv ko‘rib qoldim.
Tsitrus meva haqidagi gaplarni, foydali tomonlarini eshitib, limon bog‘i tashkil qilish niyati paydo bo‘ldi va shu kundan harakatni boshladim. U paytlar limonning donasi 1 so‘m edi, bu pulga esa 10 ta non sotib olish mumkin edi.
Ko‘chatini axtarib ko‘p joyga bordim. Amallab topib 1 sotix joyga 15 tup ko‘chat o‘tqazdim. Bugunga kelib 26 sotix yerda limon bog‘im bor. 31 yoshimda kasallikka chalingan edim, hozir 78 yoshga kirdim, shukurki, kasallikdan butkul forig‘ bo‘ldim. Har kuni limonxonaga kirib mehnatlarim samarasini ko‘rib quvonib ketaman. Limon sababli sog‘aydim, deya ta’kidlaydi bog‘bon.
Ahmadjon Ismoilovning hikoya qilishicha, u avvaliga hosilni bozorga olib chiqib sotishga biroz uyalgan. Sababi, u paytlarda o‘qituvchining savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi uyat sanalgan. Ammo keyinchalik bunga ko‘nikib ketgan.
“Birinchi marta 100 dona limonni uzib, Farg‘ona shahriga bozorga olib bordim. 2 soatda sotib tugatdim. O‘shanda limonlarim puli 100 so‘m pul bo‘ldi, bir oylik maoshim esa 95 so‘m edi. Shunday qilib bir oylik maoshimni 1 kunda limondan topib qo‘ydim”, deya eslaydi otaxon.
Bog‘bon asta-sekin bo‘sh vaqtlarida hosilni Qo‘qon, Andijon, Namangan, Marg‘ilon shaharlariga olib borib sotib keladigan bo‘lgan.
“O‘zbekistonda limon yetishtirish boshlanganiga 50 yildan oshdi, men esa 43 yildan beri limondan daromad qilaman. Issiqxonada 250 tup limon bor, 10 tonnadan ortiq hosil olaman”, deydi Ahmadjon Ismoilov.
Bog‘bonning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yili qish sovuq kelgani uchun ko‘p joyda limonlarni sovuq urib ketdi. Shuning uchun narx ko‘tarilgan. Yaxshi parvarish qilinsa limon odamni boy qiladi. Yozyovon sharoitida 1 tup limon kamida 50 kg meva beradi, Quva, Namangan yerlarida 100 kilogrammdan ham oshiq hosil berishi mumkin ekan.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov