O‘zbekiston | 15:51 / 24.02.2025
7585
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida avtomobil yo‘lining bir qismi o‘pirilib tushdi

Bunga yo‘l yoqasidan oqib o‘tuvchi Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘payishi sabab bo‘lgan. Hodisa oqibatida yo‘ldan o‘tayotgan Damas ag‘darilib ketgan. Yo‘l yarim yil muqaddam ta’mirlangandi.

Foto: Farg‘ona viloyati FVB axborot xizmati

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida avtomobil yo‘lining bir qismi o‘pirilib tushdi. Viloyat FVB holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 24 fevralga o‘tar kechasi Farg‘ona halqa avtomobil yo‘lining 286-kilometrida yo‘l qoplamasi cho‘kib qolgan.

Bunga yo‘lning o‘ng tomonidan oqib o‘tuvchi Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘payib, avtomobil yo‘lining tag qismidan sizib o‘tishi sabab bo‘lgan.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Kun.uz (@kun.uz)

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrda yo‘lda harakatlanib ketayotgan Damas rusumli avtomobil ag‘darilib ketganini ko‘rish mumkin. Avtomobil ichida bo‘lganlarning holati haqida ma’lumot yo‘q.

Hozirgi vaqtda mazkur avtomobil yo‘lining Qo‘qon-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha 285 kilometr va Farg‘ona-Qo‘qon yo‘nalishining 288 kilometrlaridan vaqtinchalik harakat cheklangan.

Tumanning 40 V 047 Bag‘dod-Dasht-Utarma (Qo‘qon-Farg‘ona) va 40 V 046 Yangiqo‘rg‘on-Utarma-Qaqir (Farg‘ona-Qo‘qon) avtomobil yo‘llari orqali harakat tashkil etilgan va yo‘l cho‘kkan qismida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur avtomobil yo‘li 2024 yil avgust oyida joriy ta’mirlangan. Transport vositasi harakat jadalligi sutkasiga 30–35 mingni tashkil etadi, harakat vaqtincha to‘xtatilib, tashkil etilgan avtomobil yo‘llarining 25 kilometrga uzaygan.

Farg‘ona viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bergan ma’lumotiga ko‘ra, 24 fevral kuni soat 18:00 ga qadar avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari yakunlanib transport vositalarining harakati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid