“Davlat kafolatisiz tashqi qarz jalb qilish kengayishini kutyapmiz” - Mamarizo Nurmurodov

Iqtisodiyot 16:19 / 25.01.2024 11953

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yildagi ilk yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Yig‘ilishdan keyin MB boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Nurmurodov, tashqi qarzlar haqidagi savolga javob berarkan, 2024 yilda O‘zbekiston hukumati 5 mlrd dollar miqdorida tashqi qarz olishni rejalashtirganini qayd etdi.

“Bundan tashqari, davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz bor. Bu – tadbirkorlik sub’yektlari, tarmoqlar, banklar [jalb qiladigan qarzlarni] tashkil etadi. Tashqi bozorlardagi sharoitlarning qat’iylashuvi fonida bu [2023] yil oldingi yilga nisbatan ma’lum kamayish kuzatildi. Kelgusi [2024] yildan foizlar pasayishi hisobiga tashqi qarzlarni davlat kafolatisiz jalb qilish tizimi yanada kengayishini kutyapmiz. 6 foiz iqtisodiy o‘sishni faqat ichki resurs va jamg‘armalarga tayangan holda amalga oshirishimiz qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham biz tashqi bozorlardan mablag‘lar jalb qilishimiz faqat iqtisodiy o‘sishimizga zamin yaratadi”, dedi u.

Regulyator rahbarining qo‘shimcha qilishicha, 2023 yilda bank sektori uchun 14 mlrd dollar qarz jalb qilingan bo‘lsa, yil davomida qarzlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 12 mlrd dollarni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, hukumat rejalariga ko‘ra, 2024 yilda olinadigan 5 mlrd dollarlik davlat tashqi qarzining 2,5 milliardi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 milliardi investitsiya loyihalariga yo‘naltiriladi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan 25 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil oktyabr oyida O‘zbekiston 8,125 foiz stavkada 660 mln dollarlik suveren yevrobond chiqargan edi. Shuningdek, o‘shanda hukumat ilk marta milliy valutada 4,25 trln so‘mlik “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni ham London fond birjasiga joylagandi.

Ko‘proq yangiliklar: