«Real»da bahsli, «Barsa»da qiyin g‘alaba. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 15:55 / 22.01.2024 9723

Angliya: Nunesning yubiley goli

«Bornmut— «Liverpul» 0:4
Gollar:
Nunes (49, 90+3), Jota (71, 80).
«Bornmut» – Neto, Aarons, Mifem, Zabarnyy, Xill (Kelli, 55), Kristi, Kuk (Billing, 83), Taverne, Klyuyvert (Bruks, 69), Sinisterra (Skott, 55), Solanke (Mur, 83).
«Liverpul» – Alisson, Bredli (Bek, 83), van Deyk, Konate, Gomes, Mak Allister, Jons (Klark, 83), Elliott (Gravenberh, 64), Jota (Gordon, 90+4), Dias (Gakpo, 64), Nunes.
Ogohlantirishlar: Kuk (59), Bredli (66), Nunes (90+7).

Qaysidir klublar Afrika va Osiyodagi kubok turnirlari tufayli kuchsizlangan, kimdir tarkibdagi muammolarni oson yengib o‘tmoqda. «Liverpul» ham yanvarda Salohsiz o‘ynashga ko‘nikib bo‘lgan, u har ikki yilda qit’a birinchiligida ishtirok etish uchun ketadi. Joze Mourinio biroz avvalroq bergan intervyusida bejiz mersisaydliklar zaxira o‘rindig‘i keng ekanini e’tirof etmagandi va Diogu Jotani alohida qayd etgandi. Portugaliyalik forvard esa «Bornmut»ga ikki gol urib, vatandoshining tezislarini tasdiqladi.

Ammo baribir yakshanba kungi o‘yin qahramoni nomiga Nunes ko‘proq loyiq. Nima bo‘lganda ham birinchi bo‘lim golsiz durang bilan yakunlanganidan keyin aynan urugvaylik hujumchi hisobni ochib berdi, qo‘shib berilgan daqiqalarda esa statistika nuqtayi nazaridan e’tiborli natija qayd etdi — klub va milliy jamoadagi gollari sonini 100 taga yetkazdi. Bundan tashqari, Nunes APLda gollar va golli uzatmalar soni bo‘yicha ikkita raqamda ifodalanadigan natija qayd etayotgan birinchi futbolchiga aylandi. Qisqacha aytganda, Yurgen Klopp jamoasining chempionat peshqadami bo‘lib turganida uning katta hissasi bor. Endi mersisaydliklar ikkinchi o‘rindagi «Manchester Siti»dan («shaharliklar»da bitta zaxira o‘yini bor) besh ochkoga o‘zib ketgan. Shu bilan birga, jamoani keyingi turlarda qiyin raqiblar kutmoqda – 1 fevral kuni uyda «Chelsi», 4 fevral kuni safarda «Arsenal»ga qarshi.

Ispaniya: «Real» 0:2 dan chiqib ketdi, «Jirona»ni eplab bo‘lmayapti

«Real» — «Almeriya» 3:2
Gollar:
Bellinghem (56, penalti), Vinisius (67), Karvaxal (90+9) — Ramazoni (1), Gonsales (43).
«Real» – Arrisabalaga, Karvaxal, Nacho (Dias, 46), Ryudiger, Mendi (Fran Garsiya, 46), Kroos (Kamavinga, 82), Valverde (Seballos, 70), Chuameni, Bellinghem, Vinisius, Rodrigo (Xoselu, 46).
«Almeriya» – Luish Mashimianu, Pubil (Poso, 70), Edgar Gonsales, Chumi, Kayki, Akiyeme, Arribas (Lazaro, 77), Robertone (Melero, 85), Lopi, Milovanovich (Suares, 70), Ramazoni (Embarba, 77).
Ogohlantirishlar: Ramazoni (52), Lopi (64), Garitano (64), Poso (75), Gonsales (84), Kamavinga (90), Karvaxal (90+10), Bellinghem (90+11), Suares (90+11).

O‘tgan turda «Almeriya» «Jirona»dan ochko olib, «Real»ga o‘ziga xos sovg‘a tayyorlagandi. Ammo chempionat turnir jadvalining eng so‘nggi pog‘onasida turgan ushbu jamoa «Santyago Bernabeu»ga ham ochko olish maqsadida tashrif buyurgandi. Madridliklar 38-soniyadayoq gol o‘tkazib yuborib shok holatini boshdan kechirdi. Bu tasodif deb hisoblangan taqdirda ham bo‘lim oxirida «Almeriya» hisobdagi ustunligini oshirishga erishdi va «to‘qqizlik»ni aniq nishonga olgan Edgar Gonsales Madrid jamoatchiligini qiyin ahvolda qoldirdi.

Ammo faqat Karlo Anchelottini emas, u tanaffusda uchta almashtirishni amalga oshirdi va ikkinchi bo‘lim boshidanoq vaziyatni o‘nglashga kirishdi. Bu bo‘limda esa barcha muhim qarorlar VAR yoki monitor qarshisiga borgan bosh arbitr tomonidan qabul qilindi.

Birinchi holatda keyinroq Bellinghem tomonidan aniq ijro etilgan penalti belgilandi.

O‘yinning 53-daqiqasida jarima maydoni ichida Ryudiger va Hoselu qanotdan uzatilgan to‘p uchun kurashdi, to‘p esa raqib himoyachilaridan biri Kaykining qo‘liga tegdi. Lekin bu yaqqol vaziyat emasdi: Ryudiger tom ma’noda o‘z raqibining yelkasiga chiqib ketdi, Hoselu va himoyachi o‘rtasida esa manyovr uchun masofa juda qisqa edi. Arbitr Fransisko Ernandes VAR hakami tavsiyasi bilan monitor qarshisiga bordi va nuqtani ko‘rsatdi.

Bir necha daqiqa o‘tib «Almeriya» uchinchi bor darvozani ishg‘ol etdi: vinger Ramazani Serxio Arribasani qulay vaziyatga chiqardi, «Real» tarbiyalanuvchisi esa sovuqqonlik bilan Kepani dog‘da qoldirdi va golni nishonlamadi.

Lekin ko‘p o‘tmay nishonlaydigan narsaning o‘zi yo‘qligi ayon bo‘ldi: hujum startida Dion Lopi Bellinghemdan uzoqlashishda qo‘li bilan raqibning yuziga urib yuborgandi, ammo hakam bir necha metr masofada turgan bo‘lsa-da, o‘yinni to‘xtatmagandi. Videoassistent esa Ernandesga xatosini ko‘rsatdi va gol bekor qilindi.

«Almeriya» vakillari qattiq norozilik bildirishdi, zaxira o‘rindig‘idagilar oyoqqa turishdi, bosh murabbiy Gaiska Garitanoga sariq kartochka ko‘rsatildi. O‘yin oxirida esa u ikkinchi bor ogohlantirildi va chetlatildi.

Eng bahsli vaziyat esa 67-daqiqada yuzaga keldi: Vinisius to‘p uchun kurashda yiqilayotib to‘pni darvoza to‘sini ostiga yo‘naltirishni uddaladi, ammo u bu ishni yelkasi bilan bajardi.

Avvaliga Ernandes braziliyalik futbolchi qo‘l bilan gol urdi degan qarorga kelgandi.

Keyin esa yana VAR monitoriga bordi va golni hisobga oldi. Darvoqe, bu hujum davomida Junior lateral Mark Pubil bilan kurash olib borgan va katta ehtimol bilan yiqilayotib to‘pni qo‘l bilan o‘ziga to‘g‘rilab olgandi. Videoassistent esa bu vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi.

Ko‘p o‘tmay Bellinghem yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi, ammo arbitr ofsayd qayd etdi. «Real» bu o‘yinni endi yuta olmaydigandek ko‘rinayotgandi, ammo 99-daqiqada Dani Karvaxal jarima maydoni ichida Judning uzatmasini darvozaga to‘g‘rilab yubordi.

Bu madridliklarning la liga tarixidagi eng kech urilgan golt bo‘ldi: bundan oldingi rekord Gonsalo Higuain tomonidan 2008 yilda urilgan, o‘shanda u «Atletiko» darvozasini 97-daqiqada penaltidan ishg‘ol etgandi. Shunday ekan, Danining goli nafaqat g‘alaba goli, balki tarixiy golga aylandi.

Karlo Anchelotti jamoasi bu g‘alaba evaziga Ispaniya chempionatida yana birinchi o‘ringa ko‘tarildi («Jirona»ning «Sevilya»ga qarshi o‘yini keyinroq boshlandi). «Almeriya» esa «Real» ustidan 2008 yildan buyon ilk g‘alabaga erishish imkoniyatini qo‘ldan bosh berdi, o‘shanda jamoani Unai Emeri boshqargan. Hozir esa jamoa turnir jadvalida o‘ta qiyin holatda qolmoqda: 17-o‘rin bilan oradagi farq to‘qqiz ochkoga yetgan.

«Betis» — «Barselona» 2:4
Gollar:
Isko (56, 59) — Torres (21, 28, 90+2), Feliks (90).
«Betis» – Ruy Silva, Bellerin, Papastatopulos, Pesselya, Abner, Isko, Roka, Kardozo (Altimira, 73), Luis Enrike, Diao (Fekir, 46), Villian Joze (Iglesias, 46).
«Barselona» – Penya, Kunde, Arauxo, Kubarsi (Feliks, 81), Balde, Gundo‘g‘an, de Yong, Pedri (Lopes, 71), Ferran Torres, Yamal, Levandovski (Roke, 63).
Ogohlantirishlar: de Yong (57), Abner (72), Roke (90+6).

«Barselona»ning o‘yini ham hissiyotlarga boy bo‘ldi. Ko‘k-anorranglilar «Balaidose»da «Betis»ni qatorasiga yettinchi bor mag‘lub etdi, ammo bunga erishish oson kechmadi. Kataloniyaliklar ikkinchi bo‘lim boshida uch daqiqa ichida ikki gol ustunligini boy berishdi va yana ochko yo‘qotishga yaqin edi. Agar o‘yin shunday yakunlanganida, Xavi keyingi intervyularida «Barsa» uch sovrin uchun kurashni davom ettirayotgani haqidagi gaplarini takrorlay olmasdi. Va hech kim tarkibdagi kadrlar muammosini yodga olib o‘tirmasdi, bu o‘yin boshlang‘ich tarkibida Yamaldan tashqari yana bir 16 yoshli futbolchi bor edi — markaziy himoyachi Kubarsi asosiy jamoada debyut qildi.

Shunga qaramay, ko‘k-anorranglilar safida 100-o‘yinini o‘tkazgan Ferran Torres jamoaga g‘alaba keltirdi. Bu oqshom uning personal benefisiga aylandi — het-trikdan tashqari Feliksning g‘alaba goliga pas berdi — «Barselona» mavsum boshidan buyon uning 85-daqiqadan keyin urgan gollari evaziga 10 ochko olgan. Braziliyalik iste’dod Vitor Rokening ham o‘yinini e’tirof etish mumkin, u «Betis»da yana porlayotgan Iskoning ikki golidan keyin Levandovski o‘rniga tushirilgandi.

«Real»ning sobiq futbolchisining kuchli zarbasiga qarshi Penya hech narsa qila olmadi.

Ikkinchi epizodda esa Isko ofsayd qopqonini chetlab o‘tdi va jamoadoshining uzatmasiga yetib borib burchakni nishonga oldi.

Bu harakati uchun raqib bosh murabbiyidan ham olqish oldi.

Xavi bu yorqin g‘alabadan keyin «Real» manziliga tosh olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi: «Agar men «Almeriya» bilan o‘yindagi hakamlik haqida munosabat bildirsam, meni diskvalifikatsiya qilishadi. Nima bo‘lganini barcha ko‘rdi. «Xetafe» bilan o‘yindan keyin nimadir g‘alati ekanini angladim. Chempionatda g‘olib chiqish juda qiyin bo‘ladi».

«Jirona» — «Sevilya» 5:1
Gollar:
Dovbik (13, 15, 19), Tsigankov (56), Stuani (89) — Romero (10). 
«Jirona» – Gassaniga, Yan Kouto, Blind, Xuanpe (Yakobishvili, 30), Migel Guterres, Errera (Solis, 66), Martin, Tsigankov (Fernandes, 66), Portu, Dovbik (Stuani, 73), Savio (Torre, 73).
«Sevilya» – Dmitrovich, Navas, Ramos, Nyanzu, Bade (Markao Teysheyra, 46), Pedrosa, Suso (Mejbri, 62), Jordan, Sou (Agume, 77), Okampos (Mariano Dias, 77), Romero (Lamela, 62).
Ogohlantirishlar: Sou (61), Mejbri (63).

«Barselona» va «Real» o‘rtasida hakamlik masalasi bo‘yicha munosabat — barcha uchun og‘riqli mavzu ekani tushunarli. Faqat Xavi buni chempionlik uchun kurashdagi murakkablik sifatida keltirishi kamida «Jirona»ga nisbatan adolatsizlikdir. Kataloniyaning bu jamoasida hakamlar simpatiyasi ham, ma’muriy resurslar ham yo‘q, ammo aynan shu jamoa chempionatda peshqadamlik qilmoqda va hamshaharlarini sakkiz ochkoga ortda qoldirgan.

Ha, «Barsa»da zaxira o‘yini bor. Xuddi soyadagi yetakchi bo‘lib qolishda davom etayotgan «Real»da borligi kabi. Ammo Michel Sanches jamoasi yana g‘alaba qozonmoqda. O‘tgan turda jamoa juda yomon o‘ynagan va yarimhimoya yetakchisi Aleysh Garsiyadan ham ayrilgandi. «Sevilya»ga qarshi o‘yinda esa 10-daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordi. Lekin keyin «Jirona» va shaxsan Dovbikka uch gol urib, barchasini o‘zgartirib yuborish uchun 9 daqiqa yetarli bo‘ldi. Kataloniya ertagi hali yakunlanmaydi.

Italiya: Allegri saralanganlar klubida

«Lechche» — «Yuventus» 0:3
Gollar:
Vlahovich (59, 68), Bremer (85).
«Lechche» – Falkone, Jandre, Baskirotto, Pongrachich, Gallo (Dorgu, 65), Uden (Perotti, 66), Ramadani, Gonsales (Blen, 60), Kaba, Almkvist (Sansone, 72), Krstovich (Pikkoli, 72).
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Sandro, 81), Danilo, Bremer, Gatti, Kostich (Ayling, 74), Lokatelli, Makkenni, Miretti (Vea, 57), Yildiz (Milik, 74), Vlahovich.
Ogohlantirishlar: Makkenni (23), Kaba (89).

«Inter» Italiya Superkubogi finali uchun tayyorlanayotgan mahalda «Yuventus» birinchi o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyatidan foydalanib qoldi. Birinchi bo‘limda jiddiy raqobat ko‘rsatgan va o‘z darvozasidan gol ham o‘tkazmagan raqibni jamoa o‘z uslubida taslim etdi. Vlahovichning goli hal qiluvchi bo‘ldi. «Lechche» darvozaboni zarbani qaytardi, Kambiyazo to‘pni egalladi va uni qatorasiga uchinchi tur o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan serbiyalik hujumchiga tashlab berdi.

Vlahovich hozirda yuqori sport formasiga chiqqan va buni keyingi golli hujum ham tasdiqladi, Dushan Makkennining uzatmasidan keyin to‘pni darvozaga kiritib yubordi. U turinliklar safida so‘nggi yarim asrda ketma-ket ikki mavsumda gollari sonini 10 tadan oshirgan 23 yoshga chiqmagan ikkinchi futbolchi bo‘ldi. Bungacha bunday natijaga Dibala erishgandi. Vlahovich «Keksa sinioralar» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri A seriyadagi 300-g‘alabasini nishonlashini ham ta’minladi. Ushbu mutaxassis Jovanni Trapattoni (352) va Nereo Rokko (302) kabi afsonalar bilan bir kompaniyaga kirdi. U «Milan» afsonasini yaqin vaqtlar ichida quvib o‘tishi tayin.

Germaniya: Bremen 16 yil kutdi

«Bavariya» — «Verder» 0:1
Gol:
Vayzer (59).
«Bavariya» – Noyyer, Upamekano, de Ligt, Devis (Tel, 65), Gerreyru (Goretska, 65), Kimmix (Myuller, 64), Laymer, Koman (Shupo-Moting, 84), Sane, Musiala, Keyn.
«Verder» – Tsetterer, Vayzer, Yung, Shtark, Fridl, Agu (Deman, 89), Deman, Linen, Stage, Shmid (Kovnatski, 84), Njinma (Gross, 89), Voltemade (Borre, 65).
Ogohlantirishlar: Kimmix (17), Shmid (70), de Ligt (74).

«Bavariya» «Verder» bilan o‘yinda jiddiy muammoga uchradi. Bremenliklar muntazam ravishda Noyyerni sergak turishga va qahramonlik ko‘rsatishga majbur qilishdi va uning darvozasini ishg‘ol ham etishdi. Ammo gol VAR aralashuvidan keyin bekor qilindi, bremenliklarning hujumi Musialaga qo‘pollik bilan boshlangani ma’lum bo‘ldi. Amaldagi chempionlarning birinchi bo‘limdagi holatini Keynning ko‘rsatkichi yaqqol ifodalaydi. Angliyalik futbolchi to‘pga atigi yetti bor tegindi va bu kontaktlarning birortasi raqib jarima maydonida emasdi.

Ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgara boshlagandek, Tomas Tuxel jamoasining bosimi kuchaygandek ko‘ringandi. Lekin «Alyans Arena»da 2008 yildan buyon g‘alaba qozona olmagan «musiqachilar» baribir barcha qoidalarga mos keladigan golni urishdi. Vayzer Deyvisni ortda qoldirdi va o‘tkir burchakdan to‘pni darvoza to‘sini ostiga mixladi. Mehmonlar bu gol ustunligini qahramonlarcha saqlab qolishdi va «Bavariya»ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlari keskin pasayib ketdi. Myunxenliklarning «Bayyer» bilan oradagi farqi yetti ochkoni tashkil etmoqda va «Union»ga qarshi qoldirilgan o‘yindagi g‘alaba ham vaziyatni jiddiy o‘zartira olmaydi. Leverkuzenliklar endi myunxenliklar bilan kechadigan o‘zaro qarama-qarshilikda g‘alaba qozonishga majbur emas, jamoalarning birinchi davradagi o‘zaro o‘yini durang bilan yakunlangandi (2:2).

Kun statistikasi

  • Niderlandiya chempionatida PSV ilk bor ochko yo‘qotdi. Eyndhoven jamoasi 18-turga kelib seriyasini to‘xtatdi, ikkinchi davra startida «Utrext» bilan durang o‘ynaldi (1:1).
  • «Vest Hem» yarimhimoyachisi Uord-Prouz gollarining 58,5 foizini jarima zarbalari (17) yoki penaltidan (14) urgan.
  • 103-daqiqa — APL tarixida eng kech urilgan gol vaqti, uning muallifi «Sheffild Yunayted» hujumchisi Makbarni bo‘ldi.
Ko‘proq yangiliklar: