ESPN: O‘zbekiston «oq bo‘rilari» futbol bo‘yicha 2026 yilgi JCh yulduziga aylanishi mumkin

Sport 14:01 / 22.01.2024 9998

«Dunyo» xabariga ko‘ra, maqolada FIFA 2026 yilda erkaklar o‘rtasida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar sonini 32 tadan 48 taga oshirgani yozilgan. «Bu ko‘plab milliy jamoalarga navbatdagi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini taqdim etadi. Mazkur imkoniyat sharofati bilan ko‘plab mamlakatlar dunyodagi eng yirik va nufuzli sport musobaqasi bilan bog‘liq e’tiborni his qilishi, shuningdek, o‘z davlatlarida futbol rivojini sezilarli darajada oshirishi mumkin bo‘ladi», – deyiladi maqolada.

ESPN’da e’lon qilingan maqolada ta’kidlanganidek, Qatarda futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bo‘lib o‘tyapti. FIFA Osiyo qit’asi uchun jahon chempionatiga chiqish uchun yo‘llanmalar sonini deyarli ikki baravar oshirdi va ular to‘rttadan sakkiztaga yetdi. O‘zbekiston ushbu o‘zgarishlarning asosiy manfaatdorlaridan biriga aylanishi mumkin.

«Jahon chempionatida mamlakatlar sonini ko‘paytirmagan holda ham O‘zbekistonning imkoniyatlari juda yuqori, – deydi muallif. – Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasini «Oq bo‘rilar» deb atashadi. Mamlakat bosh jamoasi Markaziy Osiyoda eng kuchli va Osiyo futbolida eng tez rivojlanayotgan jamoalardan biridir».

Nashrda, shuningdek, O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalari so‘nggi yillarda yaxshi natijalar ko‘rsatayotgani ta’kidlangan. «Masalan, o‘tgan yilning noyabr oyida qit’a miqyosida yarimfinalga chiqqan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Indoneziyada o‘tkazilgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashdi va Angliya terma jamoasini sensatsion tarzda mag‘lub etdi», – deya ma’lum qilingan manbada.

ESPN O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon biror marotaba jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritmaganini ham urg‘ulagan. Vaholanki, O‘zbekiston terma jamoasi 1996 yildan beri har bir Osiyo kubogi finaliga yo‘llanma olmoqda va 2004 yildan buyon barcha turnirlarda pley-off bosqichiga yo‘l olyapti, jumladan, 2011 yilda yarim finalga chiqqan.

«2023 yil sentabr oyida O‘zbekiston o‘rtoqlik maqomidagi bahsda AQShga 3:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Meksika bilan esa murosa yo‘lini tanladi. Qayd etish kerakki, O‘zbekiston «Oq bo‘rilari» Shimoliy Amerikaga revansh olish uchun yana qaytish ilinjida», – deb yozgan ESPN.

Ko‘proq yangiliklar: