Sirdaryoda o‘quvchilar boshqargan Gentra kanalga ag‘darilib, egizaklar suvda oqib ketdi

Jamiyat 09:29 / 16.01.2024 16036

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida o‘quvchilar bo‘lgan Gentra kanalga tushib ketdi. Viloyat IIB holat yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni ochiqladi

Ma’lum qilinishicha, 14 yanvar kuni haydovchi avtomashinani Guliston tumani, Inoqlik mahallasi hududidan o‘tgan O‘ng tarmoq kanalining o‘ng tomonida joylashgan mahalliy ichki yo‘l bo‘ylab boshqarib borayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, kanalga tushib ketgan. 

Bolalarning 3 nafari tirik qolgan, 2 nafari esa suvda oqib ketgan. Ikki yigit egizak bo‘lgan. 

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura holat yuzasidan «Daryo»ga bergan ma’lumotga ko‘ra, voyaga yetmagan M.I. tegishli hujjatlarsiz buvisi B.I. ga tegishli bo‘lgan qizil rangli Gentra’ni Guliston tumani, «Inoqlik» MFY hududidan oqib o‘tuvchi Do‘stlik kanali bo‘yidagi avtoyo‘lda boshqarib borayotib, boshqaruvni yo‘qotishi natijasida mazkur kanalga tushib ketgan va yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan.

Voyaga yetmagan M.I. yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan vaqtda mashinada yo‘lovchilar, uning sinfdoshlari voyaga yetmagan S.V., S.V., N.I. va D.N. bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganidan so‘ng, avtomashinadan M.I., N.I. va D.N. avtomashina oynalarini sindirib, suvdan chiqqan, biroq voyaga yetmagan S.V. va S.V. chiqolmagan. 

Gentra favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruvchilari tomonidan Do‘stlik kanalidan olib chiqilganda, voyaga yetmagan S.V. va S.V.ning murdasi topilmagan bo‘lib, hozirda ularni topish choralari ko‘rilmoqda.

Hodisa sodir bo‘lgan joy viloyat prokurori, viloyat IIB boshlig‘i, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, tuman prokurori, tuman IIB boshlig‘i ishtirokida hamda viloyat tergov-tezkor guruhi, EKB ekspertlari, favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruvchilari, ishtirokida ko‘zdan kechirilib, protsessual tartibda bayonnoma rasmiylashtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: