O‘zbekiston | 16:55 / 16.01.2024
30443
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘zbekistonliklar yana YTH qurboni bo‘ldi

Rossiyaning Samara oblastida O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatiga oid davlat raqami taqilgan Lada Largus va «Gazel» yuk mashinasi o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. YTH oqibatida Largus yo‘lovchilari bo‘lgan uch kishi halok bo‘lib, yana to‘rt nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

16 yanvar kuni Rossiyaning Samara oblasti Stavropol rayonida insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi, deb xabar bergan region prokuraturasi.

M-5 «Ural» trassasida O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati davlat raqami belgisi bo‘lgan Lada Largus va «Gazel» yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashgan.

Largus avtomobilida jami yetti kishi bo‘lgan. «Samara onlayn» portali o‘z manbasiga tayanib yozishicha, ularning barchasi — O‘zbekiston fuqarolaridir. YTH oqibatida uch kishi halok bo‘lib, to‘rt yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. Rossiya huquq-tartibot organlari hozircha halok bo‘lganlar va jabrlanganlar O‘zbekiston fuqarolari ekani haqida rasman ma’lumot bermadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Largus haydovchsi boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, «Gazel» bilan to‘qnashgan. Prokuratura trassaning mazkur uchastkasidagi yo‘l qoplamasi holatini ham o‘rganmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, 11 yanvar kuni ham Rossiyaning Penza oblastida ichida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan JAC miniveni qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Volvo rusumli yuk mashinasiga urilgandi. YTH oqibatida minivendagi yetti kishi, jumladan haydovchi voqea halok bo‘lgan, shifoxonada yana bir kishining joni uzilgandi. Jarohatlangan yana bir kishi shifoxonada qolmoqda. Qurbonlarning jasadlari o‘tgan haftaning shanba kuni O‘zbekiston mudofaa vazirligi harbiy-transport samolyoti orqali vatanga qaytarilgandi.

Mavzuga oid