«MYu» hujumchilari gol ura boshladi, Ispaniyada peshqadam ochko yo‘qotdi. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 16:06 / 15.01.2024 10546

«Old Trafford»dagi uchrashuv gollarga boy bo‘ldi.

«Manchester Yunayted» – «Tottenhem» - 2:2
Gollar:
1:0 – 3 Hoylund, 1:1 – 19 Risharlison, 2:1 – 40 Reshford, 2:2 – 46 Bentankur.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Evans (Martines, 63), Varan, Uan-Bissaka, Antoni, Eriksen (Maktominey, 58), Brunu Fernandesh, Maynu, Garnacho, Reshford, Hoylund.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udoji, Emerson, Heyberg, Bentankur, Skipp (Dregushin, 85), Jonson, Verner (Hil, 80), Risharlison.
Ogohlantirishlar: Uan-Bissaka (24), Bentankur (25), Hoylund (45).

APLda beshinchi o‘rin ham YeChLning yangi mavsumi uchun yo‘llanma berishi deyarli aniq bo‘lsa-da, «Tottenhem» va «MYu» top-4 uchun kurashishda davom etmoqda. Ten Hag Kazemiro, Martines va Shou tiklanib safga qaytganini aytgandi, ammo ulardan hech biri boshlang‘ich tarkibdan joy olmadi (uchinchisi hatto zayavkaga kiritilmagan). «Tottenhem»ning ham tarkib borasidagi muammolari yo‘q emas – Son Osiyo Kubogiga, Bissuma va Sarr – Afrika Kubogiga ketgan (manchesterliklarda ham boshqa qit’a futbolchilari yetarlicha topiladi, ammo marokashlik Amrabat asosiy tarkib futbolchisi emas, kamerunlik Onana esa jamoasining turnirdagi ilk o‘yinidan 24 soat oldin klubi uchun o‘ynab berishga rozi bo‘ldi).

Barcha muammolarga qaramay (balki shunday muammolar tufayli) birinchi bo‘lim ancha tomoshabop kechdi. Uchinchi daqiqadayoq Hoylund hisobni ochdi. Daniyalik hujumchi Angliya chempionatida qatorasiga 18 turda gollar hisobini ocha olmagandi, endi esa qatorasiga ikkinchi o‘yinni golsiz tark etmaydigan bo‘ldi. Bu safar u Onana boshlab bergan hujum davomida Reshfordning uzatmasidan keyin taxminan o‘n metr masofadan turib yaqin to‘qqizlikka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

«Tottenhem» esa odatdagidek o‘z hujumkor o‘yinini namoyish etishda davom etdi. Mehmonlar ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qilishdi va burchak zarbasidan keyin hisobni tenglashtirishdi: Porroning uzatmasi va Risharlisonning bosh bilan aniq zarbasi. Braziliyalik hujumchi uchun bu so‘nggi olti turdagi oltinchi gol bo‘ldi. Ushbu forvard «Tottenhem»ga kelganidan buyon eng yaxshi formasida bo‘lib turibdi.

Birinchi bo‘lim oxirlarida «MYu» yana oldinga chiqib oldi. Yana Hoylund bilan devor uslubida o‘ynagan Reshford uzoq burchakka yerlatib aniq zarba berdi – 2:1. Bu Markusning joriy mavsumda «Old Trafford»da urgan birinchi goli bo‘ldi.

«Tottenhem» o‘yinda ikkinchi bor hisobda ta’qib etuvchi maqomiga tushib qoldi, ammo o‘yin teng edi va londonliklar hali yana o‘z so‘zini aytishi tabiiy edi. Tanaffus arafasida Romeroning zarbasi to‘singa tegdi, tanaffusdan keyin esa — «shporlar» darhol gol urishdi. Bu safar Bentankur o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, unga golli pasni esa bir necha kun oldin jamoaga kelgan Verner berdi. Germaniyalik hujumchi 47 daqiqa ichida 2021/22 yillar mavsumida «Chelsi» safida bergan golli uzatmalari soniga teng uzatmani amalga oshirishga ulgurdi.

Ikkinchi bo‘limda esa yoki «shporlar» qo‘shishdi, yoki «MYu» sur’atni pasaytirdi. O‘yinning asosiy vaqtida «Tottenhem» darvozasi oldida faqat bir xavfli vaziyat yuzaga keldi, ammo Maktomineyning uzoqdan yo‘llagan zarbasi darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi. Londonliklar uchinchi golga maksimal darajada yaqin keldi deyish qiyin edi, ammo Onana darvozasi tomon hujumlar yetarlicha bo‘ldi.

O‘yin baribir 2:2 hisobida yakunlandi, holbuki Maktominey 90+5-daqiqada g‘alaba golini urishi mumkin edi. Shotlandiyalik yarimhimoyachi darvozabon hududida turib bosh bilan yo‘llagan zarba biroz yuqoridan o‘tib ketdi. Natijada «Tottenhem» to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «Arsenal»ga yetib oldi, Arteta jamoasi tur o‘yinini 20 yanvar kuni «Kristal Pelas»ga qarshi o‘tkazadi. Ten Hag va Postekoglu jamoasi ikki haftaga yaqin davom etadigan qishki ta’tilga yo‘l olishdi.

Martines JCh-2022 finalini eslatdi

«Everton» – «Aston Villa» 0:0
«Everton» – Pikford, Koulmen, Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko, Dukure, Xarrison, Garner, Onana, Danjuma (Maknil, 63), Kelvert-Lyuin (Betu, 63).
«Aston Villa» – Martines, Konsa, Diyego Karlos (Kesh, 74), Langle, Moreno, Beyli (Duran, 64), Makginn (Dzanolo, 89), Kamara, Duglas Luis, Diabi (Tilemans, 64), Uotkins.
Ogohlantirishlar: Uotkins (31), Diyego Karlos (48), Tarkovski (72), Langle (73), Tilemans (75).

Shanba kuni «Manchester Siti» ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi, bir kun o‘tib esa chempionlar Shon Daychdan sovg‘a qabul qilib olishdi, uning boshqaruvidagi «Everton» «Aston Villa»ni to‘xtatdi. Agar Morenoning goli VAR tekshiruvidan keyin ofsayd tufayli bekor qilinmaganida, birminghemliklar uchun barchasi osonroq kechishi mumkin edi. Tanaffus arafasida esa mehmonlar durang hisobni bazo‘r saqlab qolishdi va Emiliano Martines supermen rejimini yoqishiga to‘g‘ri keldi. Mezbonlarning hujumlaridan biri vaqtida u yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Kalvert-Lyuinni to‘xtatib, barchaga JCh-2022 finalini eslatib qo‘ydi, keyin esa rikoshet orqali kelgan zarbani qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘limda «Villa» kuch tejab o‘ynadi va faqat oxirgi daqiqalarda to‘la kuch bilan oldinga tashlandi, ammo ikki yaxshi vaziyatdan foydalana olmadi. «Irislar» darvozaboni Pikford bejiz APLda quruq o‘yinlar soni bo‘yicha yetakchi emasligini (7) ko‘rsatdi. Himoyachilar ham uyaltirishmadi va qiyin pallalarda unga yordam berishdi. Endilikda Angliya chempionatidagi 97-o‘yinida ilk bor golsiz durang qayd etgan Unai Emeri jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha «Man Siti»dan ortda qolib, uchinchi o‘rinda joylashgan. Lekin «shaharliklar»da ham, peshqadam «Liverpul»da ham va to‘rtinchi o‘rinda ta’qib etayotgan «Arsenal»da ham bitta zaxira o‘yini bor.

Ispaniya: «Jirona» autsayderga yutqazishiga sal qoldi

Almeriya – Jirona 0:0
Almeriya – Luish Mashimianu, Pubil (Ramazani, 68), Montes (Suares, 84), Chumi, Akeme, Arribas (Kayki, 84), Edgar Gonsales (Poso, 63), Robertone, Lopi, Baptistao, Embarba (Melero, 69).
Jirona – Gassaniga, Yan Kouto (Tsygankov, 57), Martines, Blind, Xuanpe, Migel Guterres, Fernandes (Savio, 67), Aleish Garsiya, Martin, Torre (Solis, 57), Dovbik (Stuani, 67).
Ogohlantirishlar: Baptistao (21), Fernandes (34), Akeme (56), Xuanpe (65), Savio (71), Montes (79), Kayki (84), Martines (90).
Chetlatish: Aleish Garsiya (80).

«Real» va «Barselona» Ispaniya Superkubogi uchun kurashayotgan mahalda la liga doirasida «Jirona» turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida turgan jamoa maydonida jiddiy muammoga uchradi. Birinchi bo‘limda «Almeriya» yaxshiroq va faolroq o‘ynadi, kataloniyaliklar esa o‘ziga o‘xshamasdi. Natijada mehmonlar safidagi eng yaxshi futbolchi darvozabon Gassaniga bo‘ldi. O‘yinning yakuniy ko‘rsatkichlaridan xulosa qilish mumkinki, «Jirona»ning omadi kelib ochko olgan, chempionatda hali biror marta g‘alaba qozona olmagan mezbonlar bir necha bor gol urmaslik qiyin bo‘lgan vaziyatlarda gol ura olmagan. Qolaversa, Michel Sanches keyingi turda jamoaning muhim futbolchilaridan biri Aleysh Garsiyaning xizmatlaridan foydalana olmaydi, u ikkinchi bo‘limda raqib yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotganida «so‘nggi umid foli»ni ishlatishga majbur bo‘ldi. Bir ochkoga ega bo‘lgan «Jirona» birinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa-da, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha ustunlik endi «Real»da.

Italiya: «Latsio» top-4 uchun kurashmoqda

«Latsio» – «Lechche» 1:0
Gol:
1:0 – 58 Felipe Anderson.
«Latsio» – Provedel, Marushich, Gabarron (Romanioli, 24), Hila, Pellegrini (Ladzari, 65), Luis Alberto (Vesino, 65), Genduzi, Rovella, Felipe Anderson, Dzakkani (Immobile, 79), Isaksen (Pedro, 46).
«Lechche» – Falkone, Jandre (Venuti, 57), Baskirotto, Pongrachich, Gallo (Dorgu, 85), Ramadani, Gonsales (Strefetssa, 72), Kaba (Blen, 72), Uden (Pikkoli, 85), Almkvist, Krstovich.
Ogohlantirishlar: Dzakkani (45), Jandre (45), Venuti (75), Genduzi (77), Ramadani (81), Vesino (89), Immobile (90), Pongrachich (90).

Mavsum startida «Latsio» klub antirekordlarini qaytadan yozgan, Mauritsio Sarri iste’fo yoqasiga kelib qolgan va rimliklar jamoasini sovrinlar uchun kurashdan chiqarib qo‘yishgandi. Ammo «burgutlar» asta-sekin qanotlarini to‘g‘riladi va yana parvozga chiqdi. «Lechche» bilan o‘yinda Felipe Andersonning zarbasi keltirgan g‘alaba — barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlar qo‘shib hisoblanganda qatorasiga beshinchisi bo‘ldi. O‘tgan hafta — jamoa uchun ideal kechdi, chorshanba kuni «Latsio» «Roma» bilan derbida g‘alaba qozonib, Italiya Kubogi finaliga chiqqandi. Jamoa endi chempionat turnir jadvalida «Napoli»ni hamda bu turda «Kalyari»ga yutqazgan «Bolonya»ni ortda qoldirgan holda beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Qolaversa, «Latsio» bir necha soat davomida kuchli to‘rtlikni yakunlab turgan «Fiorentina» bilan ochkolar bo‘yicha tenglashib olgandi.

«Milan» – «Roma» 3:1
Gollar:
1:0 – 11 Adli, 2:0 – 56 Jiru, 2:1 – 69, penalti Paredes, 3:1 – 84 Ernandes.
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Kiyer, Gabbiya, Ernandes (Ximenes, 89), Loftus-Chik, Adli (Dzeroli, 89), Reynders, Pulishich (Musa, 79), Rafael Leau (Okafor, 79), Jiru.
«Roma» – Svilar, Chelik (Zalevski, 78), Liorente (Heysen, 78), Manchini (Pellegrini, 46), Kristensen, Spinatssola, Paredes, Kristante, Bove, Al-Sha’roviy (Belotti, 61), Lukaku.
Ogohlantirishlar: Manchini (43), Kristante (56), Kiyer (71), Heysen (81), Gabbiya (90).

Milanga tashrif oldidan Joze Mourinioning eng yorqin iqtiboslari kitobi yana bir ajoyib ibora bilan boyitildi. «Ammo biz — «Roma» bo‘lganimiz va odamlar mening ismimni Joze Garri Mourinio Potter deb bilishgani uchun, bizdan talab darajasi sezilarli darajada oshmoqda», —degan portugaliyalik mutaxassis mavjud qiyinchiliklarni unutmaslikka chaqirgan holda. Dibala yana jarohat olgan va Mourinioning fikricha, jamoa usiz o‘ynashi «Manchester Siti» Holandsiz o‘ynashidan qiyinroq, chunki Xosep Gvardiolada Alvares ham bor.

Umuman olganda, «San-Siro»dagi o‘yin rimliklar jamoasi argentinalik yulduzisiz butunlay boshqa jamoaga aylanib qolishi to‘g‘risidagi qarashlarni yana bir bor tasdiqladi. Ammo, mezbonlar juda osonlik bilan hisobni ochishdi - Adli bitta harakat bilan ikki himoyachini gazonga yotqizib, keyin burchakka aniq zarba yo‘lladi. Ko‘p o‘tmay Ernandesning zarbasi to‘singa tegdi, ikkinchi bo‘limda esa darvozabon hududida bo‘sh qoldirilgan Jiru ham osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi - ushbu fransuz hujumchisi Italiyadagi qatorasiga uchinchi mavsumida kamida o‘nta gol urmoqda.

Bir yil oldin ham «Roma» shu maydonda umidsiz holatga tushib qolgan, ammo 0:2 hisobidan chiqib ketib, «Milan»dagi inqirozli davrni boshlab bergandi. Bu safar ham Paredes Pellegrini tomonidan ishlangan penaltini aniq ijro etib, o‘yinga intriga qaytardi, ammo mezbonlar bu safar g‘alabani qo‘ldan chiqarmadi. O‘yin oxirida Jiruning tovonda yo‘llagan pasidan keyin Ernandes yana bir chiroyli gol urdi. Milanliklar «Fiorentina»ni sakkiz ochkoga ortda qoldirgan holda uchinchi o‘rinni mustahkamladi.

Germaniya: kichik «Borussiya» Dortmundni xursand qildi

«Borussiya» M – Shtutgart 3:1
Gollar:
1:0 – 1 Hak, 2:0 – 19 Hak, 2:1 – 55 Vagnoman, 3:1 – 90 Siyebatsho.
«Borussiya» M – Nikolas, Skalli, Elvedi, Fridrix, Nets, Vaygl, Kone (Kramer, 90), Rayts, Onora (Ngumu, 75), Hak (Noyhaus, 90), Plea (Siyebatsho, 66).
«Shtutgart» – Nyubel, Shtensel (Leveling, 46), Anton, Zagadu, Mittelshtedt (Ruo, 46), Vagnoman, Karazor (Raymund, 82), Shtiller, Fyurix, Miyo, Undav.
Ogohlantirishlar: Vaygl (35), Mittelshtedt (45), Elvedi (70), Raymund (83), Miyo (83), Kramer (90).

Bir kun oldin yutqazgan «Leypsig» ortidan uchinchi o‘rinda borayotgan «Shtutgart» ham muammoga uchradi. Mavsum boshidan buyon 17 gol urgan Girassi Afrika Kubogiga yo‘l olgani tufayli tarkibi kuchsizlangan jamoa Menxengladbaxdagi o‘yinda birinchi hujumdayoq gol o‘tkazib yubordi. Hak to‘pni burchakka joylaganida o‘yin boshlanganidan atigi 20 soniya o‘tkazdi va bundesligada bunday tezkor gol 2019 yildan buyon urilmagandi. Mehmonlar to‘pga egalik qilib, tashabbusni o‘zida saqlab turdi, ammo mezbonlar xatolar uchun jazoladi.

Bo‘lim o‘rtalariga borib Pleaning nozik uzatmasidan keyin Hak dublni rasmiylashtirdi. Lekin «Shtutgart»ning asosiy hujumchisiga aylanib qolgan Undav ikkita imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Shu bilan birga u javob goli urilgan hujumda o‘zi istamagan holda qatnashdi. To‘p uning yelkasiga tekkanidan keyin Levelingaga borib tushdi, u esa Vangomanni qulay vaziyatga chiqardi. Ammo mehmonlar boshqa gol ura olishmadi va o‘yin oxirida qarshi hujumdan uchinchi golni o‘tkazib yuborishdi. Tarkibini Sancho bilan kuchaytirgan va ta’qibni davom ettirayotgan Dortmundning «Borussiya» klubi esa bosimni oshirmoqda.

Fransiya: «PSJ» komplekslaridan qutuldi

«Lans» – «PSJ» 0:2
Gollar:
0:1 – 30 Barkolya, 0:2 – 89 Mbappe.
«Lans» – Samba, Gradi, Danzo, Medina, Mauassa (Chaves, 46), Frankovski, Diuf (Fyuljyeni, 74), El-Enaui (Sishuba, 86), David Koshta (Tomasson, 74), Sotoka, Vai (Said, 74).
«PSJ» – Donnarumma, Markinos, Danilu Pereyra, Ernandes, Soler (Fabian Ruis, 62), Ugarte, Vitinya, Zair-Emeri, Dembele, Barkolya, Mbappe.
Ogohlantirish: Soler (52)
Chetlatish: Gradi (45).

«PSJ» Lansda 2014 yil oktyabrdan buyon g‘alaba qozona olmagan. Albatta, bunga lansliklar bir necha yil davomida ikkinchi divizionda o‘ynagani ham sabab. Ammo ular elitaga qaytganidan keyin ham parijliklar uchta safar uchrashuvidan faqat bittasida qo‘shimcha daqiqalarda hisobni tenglashtirib, jami bir ochko olishgan (=1-2). Lekin har qanday seriya qachondir barham topadi, bu safargi o‘yin esa avvalboshdan mezbonlar uchun yaxshi kechmadi. 7-daqiqadayoq Donnarumma penalti qaytardi, Frankovski to‘pni markazga yo‘llab adashdi. Birinchi bo‘lim oxirida esa Gradi maydondan chetlatildi. Bungacha Mbappe Barkolyani yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborishi natijasida hisob ochilgandi, o‘yin oxirida esa, «Lans» hisobni tenglashtirish uchun oldinga tashlanganida, Kilian Dembelening ajoyib pasini golga aylantirdi. Parijliklar bu jamoaga qarshi o‘yinlardagi komplekslarga barham berdi. Ikkinchi o‘rin bilan farq esa — sakkiz ochkoga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: