Otasi «MVD»da ishlashini aytib yo‘l-harakati qoidalarini buzgan yigitga chora ko‘rildi

Jamiyat 16:00 / 11.01.2024 25676

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan va YPX xodimlari to‘xtatganda «MVD»dagi Bekzod akaning o‘g‘illariman», degan yigitning videosi tarqaldi.

Holat yuzasidan IIV YHXBB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan va «MVD»dagi «Bekzod akaning o‘g‘li» topilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, videodagi yigit 2006 yilda tug‘ilgan Izzatullayev Asilbek Bekzod o‘g‘li bo‘lib, bu o‘smir mashinani hech qanday hujjatlarsiz boshqarib, qoidabuzarliklar sodir etib yurgan.

Surishtiruvlarda qoidabuzarning otasi To‘xtayev Bekzod Izzatullayevich IIVda emas, balki «O‘zdonmahsulot» AJda ishlashi aniqlangan.

Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan o‘smir boshqalarga tegishli turli mashinalarni boshqarib yo‘l harakati qoidalarini buzgan va jarayonni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Videolardan birida u Toshkent shahridagi ko‘chalardan birida mashina tezligini soatiga 176 kilometrga yetkazganini ko‘rish mumkin.

Qayd etilishicha, qoidabuzarning onasiga MJtKning 47-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan va BHMning 5 barobari miqdorida jarima solingan.

Avvalroq Namanganda otasiga tegishli Equinox mashinasini boshqarib 4 ta qoidabuzarlik sodir etgan o‘smirga qonuniy chora ko‘rilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: