Odilning supergolidan 0:6gacha. Osiyo kubogi tarixidagi eng yaxshi ishtirok va Avstraliyadan uchralgan «nokaut»

Sport 14:57 / 11.01.2024 9558

Roppa-rosa 13 yil avval – 2011 yilning yanvarida Qatar ilk marta Osiyo kubogiga mezbonlik qilgandi. Vadim Abramov murabbiyligidagi milliy jamoamiz turnir kashfiyotiga aylanib, Osiyo kubogidagi eng yaxshi natijasini qayd etgan. Unutilmas voqealarga boy bo‘lgan musobaqaning yarimfinalida Avstraliyadan qabul qilingan qaqshatqich zarbaning alami hamon unutilmadi. Bu safargi to‘qnashuv oldidan o‘zaro hisob-kitobimiz borligini unutmaslik shart.

Vadim Abramovning tayinlanishi va tanqidlar

JCh-2010 saralash bosqichidagi muvaffaqiyatsizliklar, qolaversa Osiyo kubogi-2011 saralash bosqich so‘nggi turida Toshkentda BAAdan uchralgan mag‘lubiyatdan (0:1) keyin Mirjalol Qosimov iste’foga chiqarildi. O‘zbekiston 2-o‘rin bilan Qatardagi turnirga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, O‘FF rahbariyati milliy jamoaning Qosimov bilan Osiyo kubogida natija ko‘rsata olishiga ishonmaydi va uning o‘rniga ko‘pchilik uchun kutilmaganda Vadim Abramov bosh murabbiy etib tayinlanadi. Asosan «Traktor», «Lokomotiv» va O‘zbekiston yoshlar jamoasida ishlab, aytarli natija ko‘rsatmagan murabbiyning O‘FF tomonidan bosh murabbiy etib tayinlanishi o‘shanda tanqidga uchragandi.

Qolaversa, milliy jamoaning Osiyo kubogigacha nomdor raqiblar bilan emas, asosan klublar bilan nazorat bahsi o‘tkazib Qatarga yo‘l olgani va tarkibda ko‘pchilik kutmagan nomlar borligi Vadim Abramovga nisbatan OAV va muxlislar bosimini kuchaytirgandi.

Odildan supergol va ochilish o‘yinida mezbon ustidan g‘alaba

Turnir oldidan tanqid toshlari ostiga qolib ketgan Vadim Abramov boshchiligidagi jamoamiz Osiyo kubogi-2011 ochilish o‘yinidan keyin barcha xavotirlar o‘rinsiz ekanini ko‘rsatib berishdi va muxlislar hamda OAVning bosh jamoamizga nisbatan qarashini 180 darajaga o‘zgartira olishdi.

 «A» guruhida Qatar, Kuvayt va Xitoyga qarshi bahs olib borgan vakillarimiz 1-turdagi ochilish o‘yinida mezbonlar ustidan ajoyib g‘alabaga erishadi. Odil Ahmedovning chamasi 30 metrlardan Qatar darvozasiga yo‘llagan supergoli bilan hisob ochilgan bo‘lsa, Server Jeparov jamoamizning 2-goliga mualliflik qilgandi.

Kuvayt bilan o‘yindagi g‘alaba evaziga vakillarimiz muddatdan avval guruhdan chiqish vazifasini bajargach, 3-turda Xitoy bilan 2:2 hisobi qayd etiladi va O‘zbekiston – peshqadam, Qatar 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanma oladi. Aleksandr Geynrixning xitoyliklar darvozasiga yo‘llagan superzarbasi esa musobaqaning eng chiroyli goli deb topilgandi.

Ulug‘bek Baqoyevning dubli va tarixiy natija

Qatardagi turnirgacha chorakfinal – O‘zbekiston uchun o‘tib bo‘lmas dovon bo‘lib qolayotgandi. Bu safargi 1/4 finalda vakillarimiz turnirda eng yaxshi natijasini qayd etayotgan, guruhida Saudiya Arabistoni va Suriyani mag‘lubiyatga uchratgan, Yaponiya bilan esa durang qayd etgan Iordaniyaga qarshi ro‘baro‘ kelishdi. Muhim bahsda Vadim Abramovning Maksim Shatskixni asosiy tarkibga qo‘ymay, o‘rniga Ulug‘bek Baqoyevni tushirgani barchani ajablantirgandi. Ammo aynan Baqoyev muhim pallada o‘yin taqdirini hal qildi. Hujumchining 46 va 49-daqiqalardagi gollari O‘zbekistonga g‘alaba keltirib, milliy jamoa o‘z tarixida ilk bor Osiyo kubogi yarimfinaliga yo‘llanma oldi. Final ostonasidagi bahsda esa jamoamizni Avstraliya kutib turgandi...

Avstraliyadan qaqshatqich zarba

Yana bir chorakfinalda Avstraliya Iroq bilan o‘yinning 119-daqiqasida Kyuellning goli evaziga qiyin g‘alaba erishib, O‘zbekistonning yarimfinaldagi raqibiga aylangandi. O‘yin oldidan ko‘pchilik mutaxassislar O‘zbekiston okeaniyaliklardan kuchsiz emasligi va Abramov shogirdlarining finalga ham chiqa olishi haqida gapira boshlagandi.

Biroq, o‘yin oldidan tarkibda muammolar yo‘q emasdi. Chorakfinalda jarohat olgan Ignatiy Nesterov o‘rnini yarimfinalda Temur Jo‘rayev egallab, ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi. O‘yinning 5-daqiqasidayoq Harri Kyuellning golidan keyin milliy jamoamiz o‘yinida parokandalik kuzatildi. Darvoza va himoya chizig‘idagi qo‘pol xatolardan keyin avstraliyaliklarning Temur Jo‘rayev darvozasi tomon har bir yurishi golga aylanayotgandi. Hisob 0:3 bo‘lib turgan paytda chorakfinaldagi qahramon Ulug‘bek Baqoyevning qizil kartochka olib maydondan chetlatilishidan so‘ng, jamoamiz batamom tor-mor etiladi – 0:6...

Qaqshatqich zarbadan 3 kun o‘tib, 3-o‘rin uchun o‘yinda milliy jamoamiz Janubiy Koreya bilan bahsning 40-daqiqasidayoq 0:3 hisobida yutqazayotgan va jamoamizni navbatdagi sharmandalik kutayotgan edi, go‘yo. Jamoamiz joniga oro kirgan Aleksandr Geynrix dublga erishib, «nokaut»dan keyin muxlislarga tasalli bergandi – 2:3. Finalda esa Yaponiya Avstraliyani mag‘lub (1:0) etib, Osiyoda tengsizligini ko‘rsatgan.

Qatar-2011ning yakuni qo‘rqinchli tugagan bo‘lsa-da, Abramov boshchiligida qo‘lga kiritilgan 4-o‘rin – O‘zbekiston milliy jamoasining turnirdagi eng yaxshi ishtiroki bo‘lib qolmoqda. Oradan 13 yil o‘tib, bosh jamoamiz aynan Qatarda eng yaxshi natijamizni yangilashiga umid bildirib qolamiz. Ayniqsa, Avstraliya bilan 2011 va 2019 yilgi turnirdan o‘zaro hisob-kitobimiz borligini unutmaslik shart...

Osiyo-2011. «A» guruhi

1-tur. 2011 yil 7 yanvar

Qatar – O‘zbekiston – 0:2

Gollar: Odil Ahmedov (59), Server Jeparov (77).

2-tur. 2011 yil, 12 yanvar

O‘zbekiston – Kuvayt – 2:1

Gollar: Maksim Shatskix (41), Server Jeparov (65) – Badir al-Mutva (49, penalti).

3-tur. 2011 yil, 16 yanvar

Xitoy – O‘zbekiston – 2:2

Gollar: Yu Xai (6), Xao Yun min (56) – Odil Ahmedov (30), Aleksandr Geynrix (46).

Chorakfinal. 2011 yil 21 yanvar

O‘zbekiston – Iordaniya – 2:1

Gollar: Ulug‘bek Baqoyev (47, 49) – Bashar Mustafo Bani Yosin (58).

Yarimfinal. 25 yanvar

O‘zbekiston – Avstraliya – 0:6

Gollar: Harri Kyuell (6), Sasha Ognenovski (35), Devid Karni (66), Emerton (73), Karl Valeri (82), Robbi Kruze (83).

3-o‘rin uchun o‘yin

O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 2:3

Gollar: Aleksandr Geynrix (45, penalti, 53) – Ku Ja Chol (18), Ji Dong Von (28, 39).

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: