Yangilangan Volga
Rossiya sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturovning ma’lum qilishicha, 2024 yil o‘rtalaridan Rossiyada zamonaviy Volga mashinasini ishlab chiqarish boshlanishi rejalashtirilgan. Avtomobil zamonaviy dizaynga ega bo‘ladi, ammo logotip o‘zgarishsiz qoladi.
“Barcha kelishuvlar yakuniy bosqichda. Mazkur qaror e’lon qilingan kundan, ya’ni 2023 yil may oyidan buyon ish to‘xtovsiz davom etmoqda. 2024 yil o‘rtalaridan Nijniy Novgorod avtomobil klasterida ushbu avtomobilni ishlab chiqarish boshlanishi kutilmoqda”, degan Manturov TACC’ga bergan intervyusida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qadimiy markadagi yangilangan avtomobillar Xitoy kompaniyalaridan biri ishtirokida ishlab chiqarilishi mumkin.
Xiaomi SU7 elektromobili
Xitoyning Xiaomi kompaniyasi o‘zining ilk SU7 elektromobilini rasman taqdim etdi.
SU7 besh o‘rindiqli sedan bo‘lib, davlatga tegishli Beijing Automotive (BAIC) bilan hamkorlikda yaratilgan. Model nomidagi harflar “Speed Ultra” degan ma’noni anglatadi.
Model ikkita versiyada ishlab chiqariladi:
- Xiaomi SU7: 299 ot kuchiga ega bitta dvigatelli, 100 km/soat tezlikka 5,28 soniyada erishadi, maksimal tezligi 210 km/soat, to‘liq quvvatda 668 km masofani bosadi.
- Xiaomi SU7 Max: ikkita 673 ot kuchiga ega dvigatelli, 100 km/soat tezlikka 2,78 soniyada erishadi, maksimal tezligi 265 km/soat, to‘liq quvvatda 800 km masofani bosadi.
Tezkor quvvatlantirish imkoniyati bor: 220 km masofani bosib o‘tish uchun 5 daqiqa, 510 km uchun esa 15 daqiqa kifoya qiladi.
Barcha elektronika HyperOS tizimida ishlaydi, u Xiaomi smartfonlari bilan integratsiyalashgan. Salondagi asosiy multimedia ekrani diagonali 16,1 dyuym va o‘lchami 3K. Rul chambaragi orqasida qo‘shimcha 7,1 dyuymli displey ham mavjud. Orqa o‘rindiqdagi yo‘lovchilar uchun Xiaomi Pad va iPad uchun qulay o‘rnatish moslamalari mavjud.
Televizorga aylanadigan stol
Xitoyning Yummy Technology startapi 4K sensorli ekran va Android operatsion tizimiga ega NXTABL aqlli stolini taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 60 Gs yangilanish tezligiga ega 43 dyuymli LCD displey bilan jihozlangan qurilma kofe stoli dizaynida ishlangan. Shu sababli foydalanuvchilar ovqatlanib bo‘lgach, bemalol uni televizorga aylantirishi mumkin.
NXTABL 8 GB tezkor va 128 GB ichki xotiraga ega. U HDMI, USB-C, USB-A portlari, Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.0’ni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘rnatilgan Android operatsion tizimi bilan turli xil ilovalarni osongina yuklab olishi mumkin.
Hozirda startapning boshlang‘ich narxi 799 dollarni tashkil etadi, ammo keyinchalik bu narx yana qimmatlashishi mumkin.
iPhone uchun antiqa g‘ilof
CES ko‘rgazmasida iPhone uchun mo‘ljallangan va mexanik QWERTY klaviaturasi bilan jihozlangan Clicks g‘ilofi taqdim etildi. Aksessuar eski BlackBerry smartfonlarini sog‘inadigan va tugmali telefonlarni afzal ko‘radiganlar uchun yaratilgan.
Clicks iPhone smartfoniga Lightning yoki USB-C orqali ulanadi. Aksessuar juda jips o‘rnashadi va klaviatura bilan monolit gadjet hissini yaratadi. U yoritiladigan tugmalarga va harflarning tanish tartibiga ega.
iPhone 14 Pro va 15 Pro uchun mo‘ljallangan g‘ilof smartfon uzunligini 188,45 mm (+41,85 mm)ga oshiradi. Umumiy vazniga esa 62 gramm qo‘shiladi.
Klaviaturada batareya yo‘q, u smartfon batareyasidan quvvat oladi. Maxsus ulagich iPhone smartfonini aksessuar orqali quvvatlantirish imkonini ham beradi.
Tugmaga ega bo‘lish nafaqat qulay yozish, balki ekran maydonini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi, chunki gadjet apparat klaviaturasi sifatida taniladi.
iPhone 14/15 Pro uchun mo‘ljallangan Clicks narxi 139 dollarga, iPhone 15 Pro Max uchun mo‘ljallangan modeli esa 159 dollarga sotiladi. Aksessuar kulrang va sariq ranglarda taqdim etiladi. Unga rasmiy veb-sayt orqali oldindan buyurtma berish mumkin.
BYD Tesla’ni quvib o‘tdi
Amerikaning Tesla kompaniyasi 2023 yil to‘rtinchi choragida sotilgan elektromobillar soni bo‘yicha birinchi marta o‘zining raqobatchisi – Xitoyning BYD avtomobilsozlik kompaniyasiga yetakchilikni boy berdi.
Oktyabr va dekabr oylari orasida Tesla butun dunyo bo‘ylab 484 507 ta elektromobil sotdi, bu uchinchi chorakka nisbatan 11 foizga ko‘p. Biroq, BYD 2023 yilning so‘nggi uch oyida 526 409 ta elektromobil sotdi va raqobatchisidan o‘zib ketishga muvaffaq bo‘ldi.
Biroq 2023 yil hisobiga Tesla elektromobil savdosi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi. AQSh kompaniyasi mijozlarga 1,8 million elektromobil yetkazib berdi va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan oshib ketdi. BYD o‘tgan yili 1,6 million elektromobil va yana 1,4 million gibrid avtomobil sotdi.
Xitoyning birinchi elektrosamolyoti
Xitoydagi Syandaohu fuqaro aviatsiyasi aeroportida AG60E elektrosamolyotining sinov parvozi amalga oshirildi. AG60E'ning uzunligi 6,9 metr, qanotlari kengligi 8,6 metr, maksimal tezligi esa – 185 km/soat.
Bir paytlar amalga oshirilishi fantaziya sifatida ko‘rilgan elektrosamolyotlar akkumulyatorlar va boshqa komponentlardagi texnologik innovatsiyalar sababli reallikka aylandi. Elektrosamolyotlar parvoz paytida zararli chiqindilar chiqarmaydi, shuningdek, oddiy vertolyotlar va samolyotlarga qaraganda boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish oson. Bu ularning kelajakda yanada rivojlanishiga imkon berishi mumkin.