Haagadagi xalqaro tribunal Isroil bosh vaziri va sobiq mudofaa vazirini Falastindagi bemisl xunrezliklar uchun qamoqqa olishga buyruq bergani – tarixiy adolatning qaror topishi yo‘lidagi katta huquqiy, ma’naviy marra, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida.
Kecha, 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni qamoqqa olish uchun order berdi.
Ular urush metodi sifatida ochlik keltirib chiqarishda ifodalangan harbiy jinoyatlar hamda qotillik, ta’qib qilish va boshqa noinsoniy xatti-harakatlarda ifodalangan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.
Netanyahu va Galant, shuningdek, tinch aholiga qasddan hujum uyushtirish jinoyatiga aloqadorlikda ham ayblangan.
Isroil davlati bu hukmni juda salbiy qabul qildi. Mamlakat siyosiy elitasi jazavada. Nega? Sababi oddiy: bu suddan keyin isroillik harbiylar, boshqa siyosatchilar ham sudlanishi, aybdor deb topilishi, natijada butun Isroil davlatining xalqaro munosabatlari majruhlanishi mumkin.
Qolaversa, bu sud hukmi – juda og‘ir huquqiy-tarixiy tamg‘aki, bundan keyin “Isroil – eng og‘ir jinoyatlar qilgan va rasman ushbu jinoyatlarda ayblangan davlat” deb tan olinadi.
Xalqaro jinoyat sudi bayonotiga ko‘ra, Isroil “ataylab millionlab insonlarni G‘azoda ochdan o‘ldirish uchun blokada siyosatini olib bordi”, “ataylab tinch aholini o‘qqa tutib, o‘n minglab insonlarni o‘ldirdi”, degan ayblovlar ilgari surilmoqda.
Endilikda Rim statuti (XJSning asos hujjati)ni ratifikatsiya qilgan davlatlar Netanyahu ushbu davlatlarga borgan taqdirda uni ushlab berishi kerak bo‘ladi. Bu – Isroil bosh vaziri va davlatchiligini juda qiyin ahvolga soladi.
Xalqaro jinoyat sudining Rim Statuti / Yashil rang – a’zo mamlakatlar; sariq rang – a’zo bo‘lish haqidagi qaror qabul qilgan, ammo uni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar; binafsharang – a’zoligini to‘xtatgan mamlakat; sabrizang – a’zo bo‘lish haqidagi qarorini ratifikatsiya qilmay turib bekor qilgan mamlakatlar; qizil – a’zo bo‘lmagan mamlakatlar.
Sud hukmiga munosabatlar turlicha bo‘ldi. AQSh, har doimgidek, Isroil tarafda. Vashington bu masalada yakkalanib qoldi. AQSh prezidenti Bayden “bu hukmdan jahlim chiqdi, biz Isroil xavfsizligini himoya qilamiz” dedi. AQShlik senator Tom Kotton esa yanada radikalroq fikr bildirdi: “Kimki bu qarorni ijro qilsa, o‘zidan ko‘rsin, kerak bo‘lsa bostirib kiramiz”.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari va siyosatchilari sud qaroriga itoat etishini bildirmoqda. “XJS qarori so‘zsiz bajarilishi kerak, bu hukm siyosiy emas, huquqiy”, dedi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar komissari Jozef Borrel. Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Niderlandiya va boshqa davlatlar sud hukmini bajarishga tayyorligini bildirishdi. Bu degani, agar ushbu davlatlarga Netanyahu yoki Galant kelishsa, ular qamoqqa olinishi va XJSga topshirilishi kerak.
Isroil XJS xujjatlarini ratifikatsiya qilmagan. AQSh ham. Lekin Falastin – XJS a’zosi. Shuning uchun Falastin hududida, uning aholisi bilan sodir bo‘lgan jinoyatlar sud tomonidan inobatga olindi.
Bu sud hukmi nafaqat Isroil uchun, balki uning eng asosiy homiysi va himoyachisi bo‘lgan AQSh uchun ham katta muammo bo‘ladi. AQShdagi Isroil lobbisi, shu paytga qadar rasmiy Vashingtonni Isroil manfaatlariga bo‘ysundirib, bog‘lab keldi. Natijada, Isroilning Yaqin Sharq mintaqasidagi siyosati, mintaqa va AQShning manfaatlari uchun uchta yo‘nalishda katta muammolar va zararlar keltirdi.
Birinchidan, Isroil sababli, AQShga bo‘lgan global ishonch juda katta ko‘lamda yemirildi. Mintaqada va global darajada AQShga “ikki standartli davlat” deya qarash odatiy holga aylandi. AQShning aynan Yaqin Sharqdagi siyosati sababli, undan masofa saqlash va muqobil geosiyosiy vektor izlash kuchayib bordi, bormoqda.
Ikkinchidan, Yaqin Sharq mintaqasi xonavayron bo‘ldi. Mintaqa urushlar o‘chog‘iga aylanib qolgani, beqarorlik o‘chog‘i ekani hammaga ma’lum. Isroil AQShning qo‘li bilan bu yerda shu paytgacha juda ko‘plab urushlar olib bordi. Isroilning maqsadi – mintaqada unga soya soladigan qudratliroq davlat bo‘lmasligi kerak. Agar mintaqada biron musulmon davlat gullab-yashnay boshlasa, va geosiyosiy mustaqil bo‘lishga intilsa – Isroil AQSh orqali unga urush ochishga intildi. Shuning uchun keyingi o‘n yilliklarda Isroil mintaqadagi ko‘plab davlatlarni muttasil zaiflashtirib keldi. Iroq, Liviya, Suriya, Sudan, Livan, Somali – bu AQSh va Isroil birgalikda urush ochib, xonavayron qilingan davlatlar hisoblanadi. Hali Isroilning “qora ro‘yxati”da Eron, Turkiya, Qatar va boshqa davlatlar ham bor. Kimki Isroilning genotsidini tanqid qilsa, u dushman hisoblanadi.
Uchinchidan, Isroilning strategik maqsadi – Falastin davlati tashkil topishiga imkon bermaslik. Buning uchun Isroil muttasil genotsidlar, urushlar, tozalashlar, bosimlar qilib keldi. Isroil hech bir sharoitda “ikki davlat” g‘oyasini qabul qilmaydi. AQSh esa Isroilning bu siyosatini BMT va boshqa institutlarda turib himoya qiladi. Natijada, bugun global maydonda xalqaro huquq majruhlandi, inson huquqlari va demokratiya obro‘sizlandi.
Isroil rasmiylarining Xalqaro jinoyat sudi tomonidan ayblanishi – katta tarixiy, huquqiy, ma’naviy marra hisoblanadi. Kelajakda katta o‘zgarishlar uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Isroil hali qilgan jinoyatlarini tan olish bosqichidan uzoq. Hali Falastin davlati tashkil topish vaziyatiga yaqin emas. Lekin jarayon ketayapti. Isroil – tarixiy inqirozda. Va albatta, qilgan jinoyatlari uchun javob berish vaqti keladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi