Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalar Rossiyaning Belgorod shahri o‘qqa tutilishidan keyin Ukraina qurolli kuchlari Belgorod oblastidagi harbiy obektlarga hujum uyushtirgani, shahardagi turar joy kvartallari esa go‘yoki Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlarining noprofessional harakatlari oqibatida zarbaga uchraganini bildirgan. Shu ma’nodagi izohlar «Ukrainskaya pravda», «RBK-Ukraina» va «Suspilne» nashrlarida berilgan.
«Ukraina mudofaa kuchlari aynan harbiy obekt sanaladigan nishonlarga qarshi qator tadbirlarni amalga oshirmoqda. Biz Belgorodda kuzatgan fuqarolik infratuzilmalari zarbaga uchrashi Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimining noprofessional harakatlari oqibati, shuningdek o‘ylangan va rejalashtirilgan provokatsiya hisoblanadi», — degan «Ukrainskaya pravda» suhbatdoshi.
Nashr suhbatdoshi hujumning o‘zini Rossiya armiyasining shu kunlarda Ukraina shaharlari bo‘ylab amalga oshirilgan yopirilma zarbalariga javob deb atagan.
«Bular Dnipro, Xarkiv, Odessa vahshiylarcha o‘qqa tutilishi va tinch aholi vakillari o‘ldirilishi oqibatlari bo‘lgan umumiy chora-tadbirlardir. Bu tadbirlar davom ettiriladi», — degan «RBK-Ukraina» manbasi.
RF Mudofaa vazirligi ham Belgoroddagi portlash Rossiya HHM tizimi ishi ekanini rasman tan olgan.
Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa tizimi «Olxa» raketasini tutib olgani va uning bir nechta reaktiv snaryadlari va kasseta qismi Belgorod shahriga qulaganini bildirgan.
- Belgorod o‘qqa tutilishi oqibatida, FVVning so‘nggi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 22 kishi halok bo‘lgan, yana 100 dan oshiq kishi yaralangan. Guvohlar bu urush boshidan buyon amalga oshirilgan eng kuchli o‘qqa tutish bo‘lganini aytishgan.
- Rossiya hukumati ham urush boshlanganidan buyon faqat harbiy obektlarga zarba berishini aytib keladi. 29 dekabr kuni Ukraina shaharlari o‘qqa tutilganidan keyin ham BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishida Rossiya vakili Vasiliy Nebenzya «agar ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlamaganida, tinch aholi vakillari orasida qurbonlar bo‘lmasdi» deb aytgandi.