Navoiyda Cobalt portlashi oqibatida 3 yoshli bola vafot etdi

Jamiyat 10:16 / 25.12.2023 38952

2023 yil 24 dekabr kuni Qiziltepa tumanida Cobalt mashinasida chaqnash sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro D.F. tumanning Bo‘ston maxallasida joylashgan “Burger” kafesiga qo‘ng‘iroq qilib, pitssa zakaz qilgan va metan-shoxobchadan chiqqach buyurtmani olib ketishini bildirgan. Haydovchi soat 10:20 larda tumanning Malikobod mahallasi hududida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasidan gaz quyib chiqqan. So‘ngra kafe oldiga borib, buyurtmani kuta boshlagan.

Shu paytda mashinaning gazballoni portlagan. Avtomobilning orqa o‘rindig‘ida haydovchining 2020 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Sh.R. bo‘lgan.

Ota va o‘g‘il turli darajadagi og‘ir tan jarohatlari olib, Qiziltepa tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan voyaga yetmagan Sh.R. jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Hozirda holat bo‘yicha Qiziltepa tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oldinroq Buxoro shahrida ham harakatsiz holatda turgan Cobalt avtomobilining gazballoni portlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: