“Ziyolilar o‘zini ko‘rsatadigan davr keldi” – Ozodbek Nazarbekov bilan suhbat

Jamiyat 19:07 / 24.12.2023 40734

“Tomoshabinning o‘zi san’at asarini qabul qilmay qo‘ydi. Masalan, «Million» jamoasini hamma tanqid qiladi, lekin necha kun konsert bersa ham, zal to‘la bo‘ladi. Seriallarning saviyasizligi bilan bog‘liq muammoning ildizi asosan xususiy kanallarga borib taqaladi. Muhokamaga sabab bo‘ladigan sahnalarni tomoshabinning o‘zi talab qiladi”. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kun.uz’ga bergan intervyusida prezident raisligida Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidan xulosalar haqida fikr yuritdi.

22 dekabr kuni prezident Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Tadbirda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Kun.uz muxbiri nima uchun ushbu mavzular prezident darajasida ko‘tarilib muhokama qilingani, jadidlar masalasi nega hamon dolzarbligi, teatr san’ati ahvoli hozir qanday ekani va nima o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgani, seriallarning saviyasizligidagi muammoning ildizi qayerdaligi kabi savollar yuzasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan suhbatlashdi.

— Ozodbek aka, 22 dekabr kuni prezident Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Siz o‘zingiz ham bu tadbirda qatnashdingiz va unda ko‘tarilgan masalalar bevosita siz rahbarlik qilayotgan sohaga dahldor. Nima deb o‘ylaysiz? Nima uchun ma’naviy-ma’rifiy mavzu prezident darajasida ko‘tarilib muhokama qilindi, bunga nima zarurat bor edi?

— O‘zi bu yig‘ilishga 2-3 oydan beri tayyorgarlik bo‘layotgan edi. Lekin o‘tgan oylarda prezidentimizning grafiklari tig‘iz bo‘lgani uchun biroz ortga surildi. Bu yig‘ilish har yili yil yakunida bo‘lishi kerak, Ma’naviyat kengashining raisi prezidentimizning o‘zlari. O‘tgan yillardagi pandemiya va boshqa muammolar sabab oxirgi marta 2019 yil bo‘lgan edi. Bu safargi yig‘ilish Respublika miqyosida juda keng tarzda bo‘ldi.

Bu yo‘nalishga katta urg‘u berilib, shu darajadagi yig‘ilish bo‘ldi. Sir emaski, butun dunyoda beqaror vaziyat hozir, barcha ko‘rib turibdi. Xalqaro darajadagi kelishuvlar ham kuchini yo‘qotyapti, bepisandlik bo‘lyapti. Ertaga geosiyosiy maydonda davlatlar bu holatdan qay kayfiyatda chiqadi, dunyo siyosati qay tomonga o‘zgaradi — buni hech kim oldindan aytib berolmaydi. Siyosiy beqarorlik mavjud dunyoda. Shu ma’noda Markaziy Osiyo barcha katta davlatlarning e’tiborida turibdi, Markaziy Osiyo ularning hammasiga kerak. Bunday beqaror vaziyatda qaysi davlatga «uchqun» borib tegishi, bu baloning urchib ketmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Shuning uchun o‘zimizda milliy immunitet shakllanishi shart, jamiyatimizga suv va havoday zarur bu.

Prezidentimiz boshchiligidagi kechagi yig‘ilishni shaxsan men ziyoli qatlamga, ijodkorlarga chaqiriq deb tushundim. Ya’ni ziyolilarning o‘zini ko‘rsatadigan davri keldi. Prezidentimiz ham el boshiga ish tushganda, ziyolilar maydonga chiqishini aytib, jadidlarimizdan misol keltirgani bejiz emas.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov / Foto: Kun.uz

— Davlat rahbari jadidlar maslasiga yana to‘xtalib o‘tdi. Sizningcha, jadidlar masalasi nima uchun muhim? Prezident nimani nazarda tutayapti?

— Qiyoslaydigan bo‘lsak, jadidlarning dasturi, maqsadi bugungi bizning dasturlar bilan juda o‘xshash. Ilm-fanni, madaniyatni rivojlantirish orqali 3-renassansni boshlash rejalari bo‘lgan. Bugun yurtimizda asosan ta’limga, ilm-fanga katta e’tibor berilyapti. Kechagi yig‘ilishning umumiy mohiyatida madaniyat, ma’rifat va ma’naviyatni qo‘llash, rivojlantirish orqali inson intellektini, insoniy madaniyatni saqlagan jamiyat yaratish bor. Bu narsa aynan jadidlar g‘oyasi bilan mos keladi. Shuning uchun ham jadidlarga murojaat qilish bugungi siyosatimizni amalga oshirishda juda katta dastak bo‘loladi.

— Prezident Madaniyat vazirligiga Teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish rejasini topshirdi. Shuningdek, idora va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e’lon qilish taklif etilib, xodimlarning teatrlarga borishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Bu nimaga kerak, qanday ahamiyati bor? Teatrlar bo‘yicha ahvol qanday edi va endi nima o‘zgaradi?

— Jurnalistlar tomonidan teatga odamlar kelmay qo‘yganiga sabab teatrning o‘zi, degan bir ma’nodagi savollar bo‘ladi. Shunaqa savol qo‘yayotgan jurnalistning o‘zi teatrga bormagan bo‘lib chiqadi. Gap mana shunda, ya’ni teartning darajasi tushgani – odamlarning o‘zi bormay qo‘ydi.

Prezidentimiz teatrlarga tashrif buyurish grafigini qilamiz, dedilar. Davlat idoralari xodimlari teatrga borishi kerak, ya’ni teatrga qaytishni davlat idoralari xodimlaridan boshlaylik, xalqqa teatrga kiringlar deyishdan oldin o‘zimiz boshlaylik, degan ma’nodagi chaqiriq bilan bo‘ldi deb o‘ylayman bu taklif.

Hali teatrlarda ham qilinadigan ishlar ko‘p. Qaysi ma’nodaki, biz hali teatrlarga yangi texnologiyalar olib kirmadik, jahon teatr sahnalarida dengizni ham ko‘rish mumkin, olov ham yonadi kerak bo‘lsa. Umuman, yangi texnologiyalar bilan sahnada hayratomuz ishlar qilish mumkin bugungi kunda. Biz shuni hali qilmadik, hali ham faqat aktyor mahoratiga tayanyapmiz. Aslida bu ham kuchli professionalizm, yuqori baholanadi bunday sahnalar. Lekin bugungi kun talabi ham bor, bugun tomoshabin bemalol boshqa teatrlar bilan solishtirib ko‘rishi mumkin. Ya’ni hali yangi texnologiyalar kiritilmagani ham bir kichik sabab, bu esa bizning, madaniyat sohasidagi kamchilik.

Aytganimdek, teatr saviyasi tushib ketgani yo‘q. Shunchaki ijtimoiy tarmoqlardagi ma’rifiy qo‘shiq bilan bemaza qo‘shiqning ko‘rishlar soniga qaralsa, ma’lum bo‘ladi o‘zi. Tomoshabin saviyasini ko‘rsatadi bu. Ya’ni tomoshabinning o‘zi istamayapti, san’at asarini xohlamayapti. Masalan, «Million» jamoasini hamma tanqid qiladi, lekin necha kun konsert bersa ham, zal to‘la bo‘ladi. Rostdan shunaqa norozi bo‘lsa, bormasin, «o‘ladi» shu bilan, keyingi yil konsert bermaydi. Lekin unaqa emas-da. Demoqchimanki, «qars» ikki qo‘ldan chiqadi. Ijod ahli ham katta asarlar yaratishi uchun shu darajada tushunadigan muxlis kerak. Masalan, maqom eshitish uchun bilim bo‘lishi, badiiy saviya yuqori bo‘lishi kerak. Mana shunday haqiqatlar bor.

Prezidentimizning ham teatrni qo‘llaylik deyotganlari bekorga emas. Teatrda inson qaysidir obrazda o‘zini ko‘radi, albatta. Teatr — oyna. Azaldan teatr tarbiya vazifasini o‘tagan. Uning shu mavqeini qaytarish uchun boshida grafik asosida bo‘lsa ham borish kerak. Bir marta borgan odam ikkinchi marta o‘zi boradi, o‘zim necha marta guvohi bo‘lganman. Shu sababli inson bir marta bo‘lsa ham teatrga borishi kerak. Grafik asosida borganlarning 70 foizi keyin o‘zi boradigan bo‘ladi. Teatr o‘ziga sehrlay oladi.

— Yig‘ilishda milliy kinoseriallar ishlab chiqishda mavjud tizimni tubdan isloh qilish kerakligi aytildi. Seriallar va filmlarni isloh qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Biz bilamizki, jamoachilik milliy seriallarning saviyasizligidan shikoyat qilib keladi. Nima deb o‘ylaysiz, kechagi yig‘ilishda berilgan topshiriqlar seriallar ishlab chiqarish sohasida ham tub burilish bo‘la oladimi? Seriallar saviyasizligidagi muammoning ildizi qayerda o‘zi?

— Muammoning ildizi ko‘proq xususiy kanallarga borib taqaladi. Ya’ni ular mana shunaqa muhokamaga sabab bo‘ladigan sahnalarni talab qilishadi, bunday ahmoqona talablar ham okean ortidan kirib kelayotgan illatlardan biri. Kurakda turmaydigan mavzular talab qilishadi. Aholining o‘zi ham shu narsalarni ko‘ryapti-da, o‘zi aytmasa ham, qoralab tursa ham, baribir shunga talabi bor. Real hayotda boshqa, muhokama maydonida boshqa. Ijodkorlarning ichki madaniyatiga ham bog‘liq, shunday ijodkorlar borki, ming talab qilsa ham, u ishni qilmaydi.

Kinodagi katta muammolar hal bo‘lib boryapti, juda abgor holatga kelib qolgan edi. Harholda kino sohasi etagini yig‘ishtirdi, yaxshi kinolar ham chiqa boshladi. Metsenatlik madaniyati yo‘q bizda. Butun dunyoda kinoga o‘zini oqlaydigan biznes loyiha sifatida qaraladi, lekin bizda bunday emas. Kino sohasida tadbirkorlar yo‘q. Bu sohaga investor bo‘lish uchun esa sohani tushungan, bilimli kishi bo‘lishi kerak. Butun dunyoda kinoga davlat pul bermaydi, har zamon qanaqadir tarixiy filmga pul ajratishi mumkin, lekin doimiy homiylik qilmaydi. Kino o‘zini o‘zi boqadi, kerak bo‘lsa budjetgayam yordam beradi. Biz u darajaga chiqishimizga hali bor, buni tan olish kerak. Lekin harholda kinomiz ancha oyoqqa turdi. Texnikalar sotib olindi, kecha ham kinoshaharchalar qurish uchun yer ajratish bo‘yicha topshiriq bo‘ldi. Kino pavilonlarimiz paydo bo‘lsa, ancha yaxshi ish bo‘ladi, ayniqsa tarixiy filmlar uchun. Sharoit yo‘qligi uchun ham O‘zbekistonda tarixiy filmlar kam olinali, sifatli bo‘lmaganiga sabab esa katta mablag‘ kerak. Har bir qahramon uchun alohida kiyim tikilmaydi, individual ishlanmaydi. Shunday kamchiliklarimiz bor, mablag‘ bilan bog‘liq masala bular, lekin yechsa bo‘ladi, birinchi qadamlar qo‘yilyapti. 2024 yildan kino pavilonlar tashkil etilsa, bu ham katta imkoniyat beradi.

— Hatto mana uchta hududda, ya’ni Toshkent viloyati, Samarqand va Buxoroda Sinema-parklar ochilishi kutilyapti. Bu kelajakda, aytaylik, Turkiyadagi tasvirga olingan seriallar darajasiga chiqishga imkon beradimi?

— Erta yo indin bo‘ladi, deb aniq aytolmayman. Dunyoda hatto ssenariy yozish talablari ham o‘zgarib ketgan, O‘zbekistonda ssenarist, dramaturg yetishmasligi bor. Aktyorlarimiz-ku yetarli. Asarlar yo‘q bizda. To‘g‘ri, kechagi kun talabiga javob beruvchi juda zo‘r dramaturglar bor, ularning ham yoshi o‘tib qoldi, yoshlarning ko‘zi bilan asarlar yozishlari ham qiyin, ulardan o‘zgarish talab qilish ham noo‘rin. Shu sababli yosh dramaturglar kerak bizga, ammo, afsuski, bunday yoshlarimiz juda kam. Bu narsalar iziga tushishi uchun hali vaqt bor, mutaxassislar yetishguncha kutamiz ham. Prezidentimiz ham soha vakillarini chet ellarga tajriba oshirishga yuborish kerakligini aytdilar. Jarayonni tezlashtirish uchun chetdan yetuk ssenarist, dramaturglarni taklif qilib, seminarlar, mahorat darslari tashkil etish rejalarimiz bor. Aytganimdek, ko‘proq bugungi kun talablariga javob beruvchi dramaturg, ssenaristlar tayyorlash ustida bosh qotirishiz kerak. 

Ko‘proq yangiliklar: