Erta yoshdan til o‘rgatish nafaqat til o‘rganishni osonlashtirishi, balki bolaning boshqa qobiliyatlari rivojlanishiga, keyinchalik boshqa tillarni o‘zlashtirishga ham yordam berishi haqida material tayyorlagan edik.
Bu galgi materialda O‘zbekistonda ham bolalariga go‘dakligidan til o‘rgatib, natijalarga erishayotgan onalarning tajribalari bilan bo‘lishamiz.
“Til o‘rgataman deb bolani qiynab qo‘ymaslik kerak” – birinchi ona tajribasi
Ma’suma Obidjonova, 3 yoshli Munisaning onasi
Bolaga til o‘rgatishda eng asosiy jihat muloqot deb o‘ylayman. Til o‘rgatish uchun qizim bilan 5-6 oylikdan (bola o‘zi gapirishga harakat qilib, turli tovushlarni ayta boshlagandan) shug‘ullana boshlaganmiz. Hozir uyda, asosan, o‘zbek tilida gaplashamiz, bog‘chasida rus tilida muloqot qiladi, dadasi esa faqat ingliz tilida gapiradi.
Kichikligidan uydagi hamma narsani ingliz tilida nomlarini aytib chiqardim. Masalan, "This is spoon", "This is fork" tarzida. Yana supermarketda soatlab vaqt o‘tkazardik. Chunki u yerda uyda yo‘q narsalar juda ko‘p va so‘z boyligini oshirish uchun buyumlarning nomlarini aytib bittalab tanishtirardim. Yurishni boshlagach, men aytib turardim, Munisa bolalar savatchasiga ularni solardi. Odatiy tarzda uyda ovqat pishirganda ham kerakli sabzavotlarni ingliz tilidagi nomlarini aytib olib berishini so‘rardim.
Munisa 3 yoshda:
2 yoshida unga maxsus planshet olib berdik. Planshetda kuniga taxminan 15-20 daqiqa ingliz tilini o‘rganishga yordam beruvchi o‘yinlar o‘ynaydi, til o‘rgatishiga yordam beruvchi multfilmlar ham ko‘ramiz. Til o‘rgatishda videolardan foydalanishda kontentni to‘g‘ri tanlashda e’tiborli bo‘lish kerak.
Bir nechta tilda gapiradigan bolalarning tili kech chiqadi degan gaplarga ishonish kerak emas. Masalan, Munisaning tili juda erta chiqqan, u birdaniga ingliz va o‘zbek tilida gapira boshlagan, tushungan. Bola bilan qancha ko‘p gaplashilsa, uning tili shuncha tez chiqadi.
Ko‘p tillilik bolaning xotirasini mustahkamlar ekan. Hozir Munisa 4-5 bandlik she’rlarni ham osongina yodlay oladi. Bundan tashqari, diqqatini juda yaxshi jamlay oladi. Biror narsaga kirishsa, to oxirigacha bormaguncha qo‘ymaydi. Odatda, kichik yoshli bolalarda tez chalg‘ib ketish holati kuzatiladi.
Yana bitta narsani qizimda sezyapman, u til bilgani uchun boshqa o‘zi bilmaydigan tillar, masalan, ispancha va nemischani ham his qila oladi, shu tillarda nimadir ko‘rsa, eslab qolib takrorlaydi. Miyasida bu tillarni sintez qilayotganini sezdim. Va shuning uchun hozir unga to‘rtinchi qilib turk tilini o‘rgatishni boshladik. O‘zim qizimga o‘rgatish uchun shu tilni o‘rganishni boshladim.
Bolasiga erta yoshdan til o‘rgatmoqchi bo‘lgan onalarga maslahatim bolaga aynan til o‘rgataman deb harakat qilish, uni majburlash kerak emas. U bilan ko‘proq muloqot qilish, qiziqishlarini topa olish va aynan u xohlagan o‘yinlar yordamida til o‘rgatishga harakat qilish kerak. Masalan, biz uy tozalayotgan paytimiz ingliz tilidagi "Clean up" mavzusidagi qo‘shiqlarni qo‘yamiz.
Men qizimni kuzatsam, u o‘zi kabi kichik bolalarni yaxshi ko‘radi. Shundan so‘ng uning o‘zi uchun Instagram sahifasi ochib bolalarga til o‘rgatishni maqsad qildik. Bunga Munisa qiziqadi, u hozirdan kamera bilan ishlay oladi.
“Til bilmaydigan onalar ham bolasiga til o‘rgata oladi” – ikkinchi ona tajribasi
Barno Ro‘ziqulova, 2 yarim yoshlik Temurbekning onasi
Hozirgi kunda asosiy e’tiborim farzandimni aqliy rivojlantirish va 3 yoshiga qadar 5 tagacha tilni o‘rgatishga qaratilgan. O‘zim “Bolalarga chet tillarni o‘rgatishda onalarning roli va ahamiyatini oshirish” mavzusida ilmiy izlanish olib boryapman. Temurbek hozirda 2 yoshu 5 oylik. Hamma narsaga qiziqadi va o‘zi sinab ko‘rishni xohlaydi, 3 ta tilda gapiradi, bular: o‘zbek, ingliz va rus.
Temurbek hali tug‘ilmasdan ilgari, homila paytidanoq u bilan ingliz tilida gaplashishni boshlaganman. Hozir esa kun davomida u men bilan ingliz tilida, dadasi bilan rus tilida muloqot qiladi. Qolgan oila a’zolarimiz esa o‘zbek tilida gaplashadi. Dadasi bilan men o‘zaro o‘zbek, ba’zida ingliz tilida muloqot qilamiz.
Bolaga erta yoshdan tilni o‘rgatishda aniq bir metod yo‘q. Lekin muhim rol o‘ynaydigan omillar bor. Bular mehr va e’tibor. Temurbek tilni muloqot orqali o‘rganyapti. U bilan uyqu oldidan va boshqa vaqtda birgalikda o‘qiydigan kitoblarimizning barchasi ingliz tilida. Dadasi bilan o‘qiydilar bolalar ensiklopediyasi esa rus tilida. Ba’zida uyquga ketar chog‘ida boshini silab o‘zbek tilida Erkin Vohidovdan she’rlar aytib beraman.
Biz kun davomida qiladigan barcha ishlarimiz va Montessori mashg‘ulotlarimiz ingliz tilida. Ya’ni taom tayyorlash jarayonini ham ingliz tilida aytib beraman. Temurbek multfilm ko‘rmaydi, lekin men bilan musiqa vaqtida ingliz tilida karaoke qiladi.
Temurbek hozir 3 tilda gapira oladi. U o‘zining xohishlarini o‘ziga qulay bo‘lgan tilda bayon qiladi. Ingliz tilida ko‘p muloqot qilganligi uchun shu tilda xohishlarini aytish unga osonroq. Bundan tashqari, u bir buyumning otini hech qiyinchiliksiz hayoliga kelgan tildagi otini aytadi, masalan unga “Daddy, wash hand” yoki, “Daddy, hand yuv” deydi.
Til bilish boshqa qobiliyatlarni rivojlantiradimi?
Temurbekning 3 tilni bilishi va Montessori mashg‘ulotlarining juda ko‘p ijobiy ta’sirini kuzataman va yozib boraman. Birinchisi – uning ikki qo‘lida ham bemalol yoza olishi, asosan chap qo‘lida yozishi va ovqatlanishi, shakllarni juda tez va aniq eslab qolishi. U ingliz tilida avtomobil turlarining hammasi qanday aytilishini biladi va hozirdan aniq tasvirli rasm chizadi.
Ikkinchi qobiliyati esa xotirasi o‘tkirligi. Tojik tilida muloqot qiladigan do‘stimizning uyida tojik tilida “Ne, biyo, te, diditash, amakash” deb gapira boshlaydi, yangi o‘rgangan so‘zini juda tez yodlab oladi. Uchinchidan, miyasida tilni tarjima qiladi. Masalan: dadasi “Teper nado skazat spasibo” desalar dadasiga “Thank you” deydi. Yoki, o‘zbek tilida xolasi nimadir so‘rasa, ingliz tilida javob qaytaradi. Rus tilida tana a’zolarini so‘rasangiz, ingliz tilida aytib beradi. Bu uning eshitgan tilini ingliz tiliga tarjima qilib, sizga javob berayotganini ko‘rsatadi.
Bolalarga mehr, e’tibor va erkinlik berish orqali unda hamma ijobiy ko‘nikmalarni shakllantirish mumkin, shu bilan bir qatorda boshqa tillarni o‘rgatish ham. Ona ingliz va rus tilini bilmasdan turib ham farzandiga o‘sha tillarni o‘rgata oladi, bunda Montessori ta’lim uslubi yordamga keladi.
“Hammasini bolaning o‘ziga qo‘yib berish kerak” – bolani jazolamasdan ham o‘qitishning imkoni bormi?
Bundan tashqari, ko‘proq kitob o‘qib berish, rasmli kartochkalar va o‘yinlar orqali bu jarayon yanada osonlashadi. Til biladigan onajonlar esa farzandi bilan ko‘proq muloqot qilishi va uning javoblarini eshitishi lozim. Eng muhimi, esa barcha jihozlarni va bolajon bilan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarni aniq tilda o‘tkazishi lozim.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.