Toshkent hayvonot bog‘ida jirafa nobud bo‘ldi

O‘zbekiston 02:22 9803

Toshkent hayvonot bog‘ida 8 yanvar kuni jirafa nobud bo‘ldi. Bu haqda hayvonot bog‘i ma’muriyati xabar berdi.

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

«Biz jirafani saqlab qolish uchun barcha davolash usullarini qo‘lladik. Jumladan, xalqaro veterinariya videokonferensiyalarida ishtirok etgan mutaxassislarning yordami va xorijiy hamkasblar bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvdan foydalandik», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, patologanatomik tekshiruv natijalari jirafaning o‘limiga oshqozon burulishi sabab bo‘lganini ko‘rsatgan.

«Barcha harakatlarimizga qaramay, natija fojiaviy bo‘ldi. Jirafalarning anatomik va fiziologik xususiyatlari tufayli, ularning oshqozon-ichak tizimida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib bo‘lmaydi. Chunki jahon amaliyotida bunday kasalliklarni muvaffaqiyatli davolash holatlari mavjud emas», — deya ta’kidlanadi xabarda.

6 yanvar kuni hayvonot bog‘i jirafa 11 kundan beri suyuqlik ichishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan. 

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

«Bizning jirafamizda kasallik belgilari paydo bo‘lganda va «oshqozon atoniyasi» tashxisi qo‘yilganda, hayvonot bog‘i xodimlari va veterinarlar darhol davolash ishlarini boshlashdi. Shu bilan birga, Rossiya va Estoniyadagi jirafalar bo‘yicha yetakchi veterinarlardan maslahat olindi va video konferensiya o‘tkazildi.

Afsuski, barcha harakatlarimizga qaramasdan, hayvonning holati og‘irlashmoqda. Bugun kasallikning o‘n birinchi kuni bo‘lib, jirafa suyuqlik ichishdan bosh tortyapti, ko‘z o‘ngimizda kuchsizlanib bormoqda. Oshqozon motorikasini tiklashning iloji bo‘lmayapti», — degan Toshkent hayvonot bog‘i bosh veterinari Mahmud Qo‘ziboyev.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil fevralda Farg‘onadagi hayvonot bog‘ida Qozog‘istondan keltirilgan Maksim laqabli jirafa nobud bo‘lgandi. U yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan sovuq kunlarda shamollab qolgan.

O‘sha yilning sentabrida esa Toshkent hayvonot bog‘ida Alatau laqabli jirafa nobud bo‘lgandi. Uning o‘limdan keyingi patologoanatomik va laborator tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, hayvonning o‘limi proventrikulyar timpaniya tufayli yuzaga kelgan miya ishemiyasi tufayli sodir bo‘lgan. Timpaniya, o‘z navbatida, o‘n ikki barmoqli ichakning tug‘ma nuqsoni tufayli yuzaga kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: