Yo‘qotilgan pullar, ishsizlik va stress – O‘zbekistondan Yangi Zelandiyaga borgan o‘zbeklar nimaga chuv tushdi?

Jamiyat 16:09 / 23.12.2023 29911

“Maxinatsiya”ning boshlanishi

Yangi Zelandiya nashrlaridan biri, Stuff’ning yozishicha, Angren shahrida yashovchi 7 nafar o‘zbek uy-joylarni ichki ta’mirlash ishlari (molyarka) xizmatini ko‘rsatuvchi “Zero Max Line” kompaniyasi boshlig‘i Sherzod Nosirov tomonidan ishga taklif qilingan.

Ekspluatatsiya qilingan o‘zbekistonliklar – Shukurjon Qo‘chqorov, Diyorbek Komilboyev, Ibrat Xatamov, Nuriddin Abdullayev, Sirojiddin Usmonov, Asliddin Jumanov.
Ular orasida bo‘lgan Hamidullo Esanaliyev keyinchalik Angrenga qaytib ketgan, shu sababli suratda yo‘q / Foto: Stuff

Bu erkaklar bir hududda yashashsa ham, bir-biri bilan tanish bo‘lmagan, ammo ularning hammasi Sherzod Nosirovni bilgan. Chunki Nosirovning o‘zi ham asli angrenlik ekani aytilmoqda. 

Qayd etilishicha, kompaniya rahbari ish topib berishni, soatiga 28 dollar to‘lashni va’da qilib, yigitlardan Yangi Zelandiyaga kelishlarini so‘ragan. O‘zbekistonda soatiga o‘rtacha 2 dollar atrofida pul topilishini hisobga olsak, hamyurtlarimiz uchun yuqoridagi taklif juda jozibador bo‘lib ko‘ringani va unga rozi bo‘lishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Nosirov hatto yigitlardan birini uyi va boshqa mol-mulkini sotishga, Zelandiyaga kelishga ko‘ndira olgan.

Keyinroq 7 kishidan Nosirov 10 ming AQSh dollari miqdorida “obligatsiya” hamda viza to‘lovlari uchun 2 500 dan 3 500 gacha AQSh dollarida badal talab qilgan. Vaholanki, ish bilan ta’minlash uchun fuqarolardan tovon undirish O‘zbekistonda ham, Yangi Zelandiyada ham taqiqlagan.

Erkaklarning hech biri ingliz tilini bilmagan, biri ichki ishlar xodimi bo‘lgani, yana boshqasi esa talaba ekani ham aytiladi. Ularning barchasiga akkreditatsiyalangan ish beruvchi (“Zero Max Line”)ning ishchi vizasi sxemasi doirasida viza berilgan.

Zelandiyaga ketib boshlangan stress

Yigitlar bir amallab pul topib, Yangi Zelandiyaga kelib olishgach ham ularda ba’zi narsalar uchun pul so‘rash holatlari uchragan. Oradan ko‘p o‘tmay, ularga haftasiga atigi 20 soat ishlash kafolatlangani haqidagi xatlar berilib, unga imzo chekishlari so‘ralgan (vizalarda esa ularga 40 soatlik ish berilishi kerakligi aniq ko‘rsatilgan). Ishchilar ingliz tilini bilmagani uchun shu hujjatga imzo chekkanini ta’kidlagan.

Shuning uchun yigitlarga berilgan maosh va ajratilgan ish soatlari juda xilma-xil bo‘lgan. Nosirov o‘shanda ularga uydagi ta’mirlash ishida har bir kvadrat metr qilingan ish uchun 3,5-4 dollar to‘lashini aytgan. Ammo ular hatto O‘zbekistonda ham bundan yaxshiroq pul topishlarini bildirishgan.

Masalan, Sirojiddin Usmonovning ish varaqasida ikki haftada 30 soatlik ish uchun atigi 840 dollargacha maosh olishi ko‘rsatilgan. Ibrat Xatamovga esa tajriba orttirish uchun bir oy tekin ishlashi aytilgan. Uning aytishicha, yigit oilasining vizasi uchun qo‘shimcha 2 ming 500 dollar to‘lagan, lekin ularni olib kelolmagan.

Suratda o‘rtada O‘zbekistondagi uyini sotib, 3 farzandi bilan Yangi Zelandiyaga borgan Sirojiddin Usmonov, chap tomonda uning rafiqasi Ra’no Abdurashitovna. O‘ng orqa tomonda Asliddin Jumanov / Foto: Stuff

Jamoa a’zosi bo‘lgan Hamidullo Esanaliyev Yangi Zelandiyada bir necha oy bo‘lgach, ta’til vaqtida O‘zbekistonga qaytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nosirov o‘shanda unga ham uyi va mol-mulkini sotib, qaytishni maslahat bergan. Lekin Esanaliyev maoshi borligi sabab qaytib bormaslikka qaror qilgan. Vaholanki, Nosirov undan 2 500 AQSh dollarida garov undirgan va uni qaytarib bermagan. 

“Avvaliga uning yomon niyati bor deb o‘ylamagandim. Hozirgi ish munosabatlarini ham haqiqiy deb hisoblamayman, uning yagona maqsadi bizni ekspluatatsiya qilish orqali pul ishlash edi”, – deydi Esanaliyev. Ta’kidlanishicha, Hamidullo Yangi Zelandiyaga qaytib bormasligini aytgach, Nosirov bilan Telegram tarmog‘idagi yozishmalarning hammasi o‘chirib yuborilgan.

To‘satdan g‘oyib bo‘lgan ish beruvchi, umidsiz qolgan ishchilar

Ishdagi adolatsizlik, mehnatlarining past baholanishlaridan norozi bo‘lgan 6 nafar o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarga murojaatlar yo‘llagan. Shundan keyin ular bilan Yangi Zelandiya Immigratsiya xizmatining sobiq xodimi, advokat, rus tilida gaplasha oladigan Stiven Vestvud aloqaga chiqib, yigitlarning vakili bo‘lishga rozi bo‘lgan. 

14 avgust kuni ishchilar ishdan ketishlari, uyga qaytishlarini bildirib, Nosirov bilan suhbatlashgan. Ammo u ishdan ketish haqidagi arizalarni bekor qilgan. Shu bilan Nosirov kompaniyasini sentabr oyida tugatayotganini ma’lum qilgan. Bu esa ishchilarning avtomatik ravishda ishsiz qolganini bildiradi. 

Yangi Zelandiya hukumat gazetasi va nufuzli konstitutsiyaviy yozuvlar jurnalining rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotga qaralsa, chindan ham 2023 yil 13 sentabr oyida “Zero Max Line” kompaniyasi likvidatsiya qilinayotgani haqidagi ma’lumotni ko‘rish mumkin.

Xalqaro korporatsiyalar ochiq ma’lumotlar bazasidan olingan surat, unda “Zero Max Line” kompaniyasi Sherzod Nosirovga tegishli ekani qayd etilgan / Foto: opencorporates.com
4-rasm. Kompaniya tugatilish jarayonida ekani haqidagi ma’lumot aks etgan surat / Foto: Gazette.govt.nz

Vestvudning ta’kidlashicha, kompaniya likvidatori Muhammad Jan “Zero Max Line”ning erkaklar bilan bog‘liq nizosidan boxabar bo‘lmagan. Shundan so‘ng, ishchilarga kompaniya tugatilayotgani sababli ishsiz qolishayotgani haqida xat yuborilgan. 

“Zero Max Line” kompaniyasi rahbari Sherzod Nosirov va uning rafiqasi Nargiza / Foto: Stuff

Shu zaylda hamyurtlarimiz ishsiz, pulsiz va hatto keyinchalik oziq-ovqatsiz qolib ketishgan. Oqibatda tushkunlikka tushib, kimga murojaat qilishni ham bilmagan.

Ochiq ma’lumotlar bazasiga tayanilsa, Yangi Zelandiyada O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi mavjud emas.

OAVga murojaat va olingan yordam

Yangi Zelandiya immigratsiya xizmatining ko‘magi bilan yurtdoshlarimiz Stuff nashriga murojaat qilgan va ularning shikoyatlari haqidagi material e’lon qilingan. Shundan so‘ng, ularning barchasi ish bilan ta’minlangan va migrantlarni ekspluatatsiya qilishdan himoyalanish vizalariga (MEPV) ega bo‘lishgan. Hatto doimiy ish topishlari uchun olti oy muhlat ham berilgan. Qolaversa, shu davlatdagi yana 2 nafar o‘zbekistonlik, Abror Razzoqov va Bahriddin Abdiyevga ham yordam berilgan.

Ammo Yangi Zelandiya immigratsiya xizmatining ogohlantirish xatiga qaramay, “Zero Max Line” rahbari Sherzod Nosirov hamon jazosiz qolmoqda. Hozirda u boshqa chet davlatda ekani aytilmoqda.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: