“O‘zbekneftgaz” AJ: Qashqadaryoda ishga tushirilgan yangi loyiha "Janubiy Tandircha" konining umrini uzaytiradi

Jamiyat 19:07 / 22.12.2023 10086

Kondagi tabiiy gaz zaxiralarini chuqur o‘zlashtirishni ta’minlashga qaratilgan ushbu loyiha bosh pudratchi – “Enter Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Obektning yiliga 1 mlrd kub metr tabiiy gazni (5,9 MVt) haydab berish quvvatiga ega.

"Janubiy Tandircha" konini o‘zlashtirish 2001 yilda boshlangan. Yillar davomida ishlab kelgan konda tabiiy gaz qazib chiqarishning kamayishi va qatlam bosimining tabiiy tushishi sharoitida qazib olinayotgan gazni barqaror yetkazib berish maqsadida konda siquv kompressor stansiyasi qurish texnologik yechimi ishlab chiqildi. Stansiyaning asosiy vazifasi “Janubiy Tandircha” konida qazib olinayotgan gazni 40 km masofadagi "Sho‘rtan" bazaviy kompressor stansiyalariga bosimini oshirib yetkazib berish hamda kondagi mavjud uglevodorod zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirishdan iborat.

Stansiya loyihasida AQShning "Cooper Machinery Services" kompaniyasining "Superior WH74" rusumli gaz porshenli kompressorlari va "Superior 16SGTD" rusumli dvigatellari qo‘llangan.

Shuningdek, Avstriyaning “Jenbacher” kompaniyasining 6 ta gaz porshenli elektrostansiyalar o‘rnatilgan bo‘lib, ularning har biri soatiga 800 kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Loyihani amalga oshirishda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan texnologik uskunalar va apparatlardan foydalanildi.

Stansiyadagi agregatlar 2023 yil dekabr oyida ishga tushirildi. Gaz haydash agregatining har biri kuniga 1,5 mln metr kub tabiiy gaz bosimini ko‘tarib berish quvvatiga ega. Loyihaviy yechimga asosan 2 ta agregatlar ishchi va 1 ta agregat zaxira rejimida ishlaydi.

Tadbirda jurnalistlarga ushbu stansiyaning kondagi qatlam bosimining tabiiy tushishi sharoitida uglevodorodlar qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini barqaror ta’minlashdagi ahamiyati tushuntirib berildi. 

Shuningdek, kondagi mavjud gaz zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirish va quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gazni keyingi bosqich texnologik qurilmalariga uzluksiz yetkazib berish bosqichlari haqida ma’lumot berildi.

Qayd etish joiz, shu paytga qadar konga qarashli 40 ta quduqdan kuniga 1,8 mln kub metr gaz qazib olinayotgan bo‘lsa, stansiya ishga tushirilgandan so‘ng bu ko‘rsatkich kunlik 2,3 mln kub metrni tashkil qilmoqda.

 “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: