«Real»da yana yo‘qotish, «Arsenal» yana birinchi o‘ringa qaytdi. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 17:01 / 18.12.2023 36082

Angliya: «Arsenal»ning dominant futboli va Emeri nomidagi rekord

«Arsenal» – «Brayton» 2:0
Gollar:
1:0 – 53 Gabriel Jyezus, 2:0 – 87 Haverts.
«Arsenal»: Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Kiver, 90), Edegor, Rays, Haverts (Smit-Rou, 89), Martinelli (Trossar, 82), Saka (Nelson, 89), Gabriel Jyezus (Nketia, 81).
«Brayton»: Verbryuggen, Veltman (Hinshelvud, 27), Dank, van Hekke, Milner (Igor Julio, 60), Lallana (Buonanotte, 60), Gross, Gilmor, Mitoma, Adengra (Uelbek, 79), Fergyuson (Joao Pedro, 60).
Ogohlantirishlar: Uayt (38), Mitoma (43), Arteta (43), Gilmor (76), Gross (89).

«Brayton» «Emireyts»da o‘ziga xos bo‘lmagan darajada kamtarona ko‘rindi. Jamoa birinchi bo‘limni raqib darvozasi tomon birorta zarba bermasdan o‘tkazdi va bor e’tiborini «Arsenal» hujumlarini to‘xtatishga qaratdi. Roberto De Dzerbi o‘z uslubida qisqa paslar orqali himoyadan chiqishga e’tibor qaratdi, ammo mezbonlarning yuqori bosimi tufayli bu juda katta tavakkalchilik edi.

Birinchi bo‘limda zarbalar berish borasida mezbonlarning katta ustunligi qayd etildi — 15:0. Saka va Edegor qator xavfli vaziyatlardan foydalana olmadi, Martinelli esa juda qulay pozitsiyadan turib yo‘llagan zarba to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. Dastlabki 45 daqiqalikda goldan ko‘ra almashtirish ko‘proq bo‘ldi. «Brayton»da Veltman jarohat olib maydonni tark etdi.

Arteta shogirdlari tanaffusdan keyin ham raqibni jarima maydoni ichida pressing qilishda davom etdi, shunday hujumlardan biri vaqtida burchak zarbasi ishlandi va uzoq ustun yaqinida bo‘sh qoldirilgan Gabriel Jyezus hisobni ochdi. Navbatdagi korner esa Dank to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib yuborishi bilan yakunlandi. «Brayton»ga darvozabon Verbryuggenning seyvlari ham o‘yin oxirigacha intrigani saqlab qolish imkonini berdi. Agar mehmonlar shu kuni ochko olganida bunda darvozabonning hissasi katta bo‘lardi. Ammo o‘yin oxirida Gross darvozabon hududida turib aniq zarba bera olmadi va amalda «Brayton»ning APLda 32 o‘yin davom etgan golli seriyasiga nuqta qo‘ydi. Mezbonlarning zarbalar berish bo‘yicha ustunligi ikkinchi bo‘limda ham davom etdi va 26:6 ko‘rinishiga keldi (aniq zarbalar bo‘yicha 9:1). O‘yin oxirida esa so‘nggi vaqtlarda o‘z o‘yinini topib borayotgan Havers qarshi hujumda aniq harakat qilib intrigaga barham berdi. Turnir jadvalidagi peshqadamlikni o‘ziga qaytargan «Arsenal» qatorasiga 13 ta uy uchrashuvida mag‘lub bo‘lmasdan, so‘nggi besh yillikdagi eng yaxshi seriyasini qayd etdi.

«Brentford» – «Aston Villa» 1:2
Gollar:
1:0 – 45 Lyuis-Potter, 1:1 – 77 Moreno, 1:2 – 85 Uotkins.
«Brentford»: Flekken, Roerslev (Olakigbe, 89), Yorgensen, Mi, Pinnok, Nergor, Yanelt (Yarmolyuk, 88), Damsgor (Oneka, 68), Vissa (Kollinz, 76), Lyuis-Potter (Mope, 68), Goddos.
«Aston Villa»: Martines, Kesh (Beyli, 65), Diyego Karlos, Pau Torres (Dzaniolo, 81), Konsa, Moreno, Makginn, Kamara, Remzi (Dendonker, 90), Diabi (Duran, 65), Uotkins.
Ogohlantirishlar: Nergor (46), Beyli (80), Goddos (86), Konsa (86), Duran (87), Yanelt (88), Oneka (90), Mope (90), Martines (90), Yarmolyuk (90).
Chetlatishlar: Mi (71), Kamara (90).

«Aston Villa» «Manchester Siti» va «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabalardan keyin Konferensiyalar ligasi o‘yinida yetakchilarga dam berdi, ammo bu birminghemlikliklarga «Brentford»da osonroq bo‘lishini ta’minlamadi. Mehmonlar 77-daqiqaga qadar hisobda ortda borishdi, faqat 71-daqiqada mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolgach, o‘yinda burilish yasaldi. Avvaliga Beylining uzatmasini olis ustun oldida bo‘sh qoldirilgan Moreno golga aylantirdi. Keyin esa burchak zarbasidan keyin Uotkins yana g‘alaba goli muallifiga aylandi. Uning bosh bilan yo‘llagan bu aniq zarbasi «Villa»ga rekord o‘rnatish imkonini berdi — Emeri shogirdlari yil boshidan buyon Angliya chempionati o‘yinlarida 25-g‘alabasini nishonladi.

«Liverpul» – «Manchester Yunayted» 0:0
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Tsimikas, Endo, Soboslai (Gomes, 61), Gravenberh (Gakpo, 61), Saloh, Dias (Jons, 78), Nunes (Elliott, 78).
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Evans, Varan, Shou, Amrabat, Maktominey, Maynu (Mejbri, 82), Antoni (Pellistri, 82), Garnacho (Reshford, 71), Hoylund.
Ogohlantirishlar: Nunes (21), Maynu (27), Amrabat (35), Endo (45), Shou (88), Reshford (90), Diogu Dalot (90).
Chetlatish: Diogu Dalot (90).

«Liverpul» «MYu» bilan o‘yinda yaqqol favorit edi. Va gap kim mezbonligida emasdi. Ten Hag chempionatdagi sariq kartochkalari soni ortib ketgani (5) tufayli jamoa sardori Fernandeshdan foydalana olmasdi. Umuman olganda ham «Yunayted» tarkib borasida qiyin davrni boshdan kechirmoqda va natijalar ham shunga monand bo‘lmoqda, o‘yin arafasida bosh murabbiy iste’fosi haqida ham chaqiriqlar paydo bo‘lgandi. Mavsum startida memlar qahramoni bo‘lgan, keyin formasini tiklab olgan Maguayr o‘tgan turda jarohat olgani ham jamoaga zarba bo‘ldi, natijada «MYu» 2016 yildan buyon g‘alaba qozonmagan «Enfild»da Varan va Evans juftligi ilk bor birgalikda harakat qilishiga to‘g‘ri keldi.

Kutilganidek, «Liverpul» ilk daqiqalardan kuchli boshladi va tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Lekin mezbonlarning hujumlari ko‘pincha Nunes yaxshi pozitsiya tanlamasligi, yaxshi zarba bera olmasligi va ofsaydga tushib qolishi tufayli oxiriga yetmay qoldi. Burchak zarbasi ijro etilgan vaqtda van Deyk xavfli zarba yo‘lladi.

Umuman olganda, birinchi bo‘limdagi burchak zarbalari statistikasi ko‘p narsani ko‘rsatib turardi – 9:0 (raqib jarima maydoni ichida to‘pga teginish bo‘yicha – 21:1). Translatsiya rejissyori burchak zarbalari statistikasini aynan 28-daqiqada, bu borada «Liverpul» 7:0 hisobida ustunlik qilayotgan chog‘da namoyish etish orqali o‘tgan mavsumdagi natijani eslatdi.

Lekin birinchi bo‘limda mezbonlar yaqqol ustunlikka qaramay, yaqqol golli vaziyatga ega bo‘lishmadi.

«MYu» yarimhimoya chizig‘i Fernandesh va Kazemirosiz zaif ko‘rinardi. Maktominey hujumkor havbek sifatida tushdi, uning ortida Amrabat va 18 yoshli Maynu joylashtirildi. Va aynan yosh tayanch yarimhimoyachisi Antoni bilan birgalikda jamoadagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi va himoyaga ham, hujumga ham yordam berishga ulgurdi.

55-daqiqada Maynuning pasidan keyin Garnacho amalda darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi, ammo darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llay olmadi. «Liverpul» baribir raqibdan yaxshiroq edi, ammo vaqt o‘tgan sayin o‘yin tenglasha boshladi. Yana bir qarshi hujumda Hoylund APLdagi debyut golini urishi mumkin edi, ammo u ham taxminan 10 metr masofardan turib xato zarba berdi.

Mezbonlarda esa Trent xavfli zarba yo‘lladi, Diasda yaxshi vaziyat bo‘ldi va «Liverpul» futbolchilari «MYu» darvozasiga penalti ham talab qilishdi. O‘yin oxirlarida to‘p jarima maydoni ichida Shouning qo‘liga tegdi, ammo bosh hakam ham, VAR ham 11 metrlik zarba qo‘yishga asos ko‘rishmadi. Katta ehtimol bilan, hakamlar bu vaziyatda ham rikoshet bo‘lgani, ham futbolchining qo‘li tabiiy holatda turganini inobatga olishgan.

Uchrashuvdagi so‘nggi yorqin voqea – 90+4-daqiqada Dalot hakam bilan bahslashgani uchun besh soniya ichida ikki sariq kartochka olgani bo‘ldi. U to‘p raqibga tekkan holda maydonni tark etishiga erishgandi, ammo hakam to‘pni raqiblar maydonga kiritishi kerakligini ko‘rganida uning asablari dosh bermadi. Shunga qaramay, «MYu» «Enfild»da bardosh bera oldi – 0:0. Bu «Yunayted» uchun APLning joriy mavsumidagi ilk duranggi bo‘ldi. «Liverpul» esa turnir jadvalidagi birinchilikni «Arsenal»ga bo‘shatib berdi. Keyingi turda ushbu jamoalar o‘rtasida yil o‘yini bo‘lishi mumkin.

Ispaniya: Anchelotti Alabadan ham ayrildi

«Real» – «Vilyarreal» 4:1
Gollar: 1:0 – 25 Bellinghem, 2:0 – 37 Rodrigo, 2:1 – 54 Morales, 3:1 – 64 Braim Dias, 4:1 – 68 Modrich.
«Real» – Lunin, Alaba (Nacho, 35), Ryudiger, Mendi (Fran Garsiya, 46), Valverde, Bellinghem (Sebalos, 78), Modrich, Kroos (Tchuameni, 79), Vaskes, Braim Dias (Xoselu, 84), Rodrigo.
«Vilyarreal» – Yorgensen, Altimira, Albiol (Kuenka, 46), Mandi, Pedrasa, Aleks Baena (Terrats, 29), Kapu, Parexo, Axomash (Trigeros, 74), Jyerar Moreno (Serlot, 46), Morales (Brereton, 79).

«Barselona»da jarohatlar ko‘pligidan haqli ravishda shikoyat qiladi, ammo «Real»da ham vaziyat bundan yaxshiroq emas. Va yakshanba kuni madridliklar navbatdagi yo‘qotishga uchradi. Alaba maydon markazida raqibga o‘zi ortdan hujum qilgan vaziyatda tizzasini shikastlab oldi.

Uning dastlabki reaksiyasi ham, avstriyalik tibbiyot shtabi vakillariga tayangan holda maydonni tark etgani ham vaziyat jiddiyligini ko‘rsatib turardi. O‘yindan keyin esa u mavsum oxirigacha maydonga qayta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Uning o‘rniga Nacho maydonga tushdi va darhol Modrichdan sardorlik bog‘ichini qabul qilib oldi.

Bungacha Luka boshqa bir jamoadoshini xursand qilgandi, uning nozik uzatmasidan keyin Bellinghem bosh bilan hisobni ochgandi. Karlo Anchelottida kadrlar muammosi bor, ammo o‘yin borasida muammo yo‘q. Yakshanba kuni jamoaning boshqa vakillari ham yaxshi harakat qilishdi. Mavsumni yorqin o‘tkazayotgan Rodrigo o‘zi gol urdi va Modrichga uzatma berdi, Braim Dias esa yana bir bor chiroyli harakat bilan darvozani ishg‘ol etdi. Hisob qaltis 2:1 holatida ushbu havbek maydon markazida raqibdan qochib ketdi va jarima maydonida ham himoyachilarni dog‘da qoldirdi.

Endi madridliklar kamida «Jirona»ning seshanbaga o‘tar kechasi bo‘ladigan o‘yini oxirigacha turnir jadvalida birinchi o‘rinda qoladi. «Santyago Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar o‘yin oxirida oktyabr oyida «Barselona»ga qarshi klasikoda jarohat olganidan buyon o‘ynamagan Tshuamenini olqishlar bilan kutib olishdi.

Italiya: Leau «Milan»ni jonlantirdi

«Milan» – «Monsa» 3:0 
Gollar:
1:0 – 3 Reynders, 2:0 – 41 Simich, 3:0 – 76 Okafor.
«Milan» – Menyan, Florensi, Ker (Bartezagi, 67), Tomori, Pobega (Simich, 24), Ernandes, Loftus-Chik (Bennaser, 67), Reynders, Pulishich, Rafael Leau (Okafor, 67; Chukvueze, 80), Jiru.
«Monsa» – Di Gregorio, Pedru Pereyra, Kaldirola, D`Ambrozio, Karboni (Itsso, 80), Kiryakopulos (Churria, 54), Galyardini, Pessina (Akpa-Akpro, 64), Kolpani (Karboni, 63), Mota, Kolombo (Marich, 54).

Rafael Leau bir oylik tanaffusdan qaytishi bilan «Milan» ishlari joyiga tusha boshladi. Avvaliga rossonerilar Nyukaslda kambek qilib, Yevropadagi kampaniyasini Yevropa Ligasiga yo‘llanma olish orqali davom ettiradigan bo‘ldi. Endi esa — A seriya doirasida «San-Siro»dagi qatorasiga uchinchi g‘alabasini nishonladi. «Monsa» bilan o‘yin Reyndersning raqib jarima maydoniga yorib kirishi va tezkor gol urishi bilan boshlandi, tanaffus arafasida esa Leau o‘z uzatmasi bilan 18 yoshli Shimichni baxtiyor qildi. Ushbu yigitcha Italiya chempionatidagi debyutini bir umrga eslab qoladigan bo‘ldi, u Pobegining jarohati tufayli maydonga tushish imkoniyatini qo‘lga kiritgandi.

Bungacha bo‘lim davomida mehmonlar darvozaboni bir necha kuchli seyvlar bilan hisob yirik ko‘rinish olishiga yo‘l qo‘ymagandi, Pulishichning zarbasi esa to‘singa tekkandi. Pioli jamoasi ikkinchi bo‘limda kuch tejab o‘ynashga o‘tgan bo‘lsa-da, baribir hisobni yirik ko‘rinishga keltira oldi, Okafor Jiru tashlab bergan to‘pni darvoza to‘riga joyladi. Lekin bu o‘yin ham milanliklar uchun ideal kechmadi, uchinchi gol muallifi jarohat olib safdan chiqdi. Bu vaqtga kelib barcha almashtirishlar amalga oshirib bo‘lingandi va qolgan vaqtni mezbonlar bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Va bu noodatiy tarkib bilan amalga oshirildi, mudofaada 17 yoshli himoyachi Bartezagi harakat qildi.

«Bolonya» – «Roma» 2:0
Gollar:
1:0 – 37 Moro, 2:0 – 49, avtogol Kristensen.
«Bolonya» – Ravalya, Posh, Bekema (Lukumi, 58), Kalafiori, Kristiansen (Likoyannis, 75), Froyler, Moro (Ebisher, 75), Fergyuson (Fabbian, 88), Salemakers (Urbanski, 88), Ndoyye, Zirkzeye.
«Roma» – Ruy Patrisiu, Kristensen, Liorente (Ozmun, 64), Manchini (Chelik, 82), Ndika, Spinatssola (Sanshesh, 46; Bove, 64), Paredes, Kristante, Pellegrini (Pizilli, 81), Al-Sha’roviy, Belotti.

Bu natijani «Roma» va Joze Mourinioning mag‘lubiyati emas, Tiagu Motta va «Bolonya»ning g‘alabasi deb qabul qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Parijdagilar o‘z vaqtida sobiq futbolchisiga ishonch bildirmasdan, Kristof Galteni tanlaganidan afsusda bo‘lsa ajab emas. «Roma» safida muammolar, jamoa asosiy yulduzlari Dibala va Lukakuni yo‘qotgani ham natijaga ta’sir ko‘rsatdi. «Bolonya» esa alohida futbolchilarga tayanib qolmagan va aynan jamoaviy o‘yin yaxshi yo‘lga qo‘yilgani tufayli Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi kvartetda joylashgan.

«Latsio» – «Inter» 0:2
Gollar:
0:1 – 40 Martines, 0:2 – 66 Tyuram.
«Latsio» – Provedel, Kazale, Xila, Marushich, Kamada (Luis Alberto, 65), Genduzi, Rovella (Kataldi, 75), Ladzari, Felipe Anderson (Kastelyanos, 80), Dzakkani (Pedro, 75), Immobile.
«Inter» – Zommer, Darmian, Acherbi, Bastoni, Bissek, Dimarko (Karlos Augusto, 70), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Aslani, 89), Barella (Frattezi, 70), Tyuram (Arnautovich, 78), Martines (Klassen, 89).
Chetlatish: Ladzari (86).

«Inter» yana bir bor o‘z darajasini namoyish etgan holda juma kuni «Yuventus» ochko yo‘qotganidan foydalanib qoldi va oradagi farqni to‘rt ochkoga yetkazdi. Qiyin davrni boshdan kechirayotgan «Latsio» qanchalik harakat qilmasin, neradzurrilarga hisobni ochish uchun rimliklarning birgina xatosi yetarli bo‘ldi. Marushich o‘z darvozasi tomon ehtiyotsiz uzatma berib, chempionatning eng yaxshi to‘purari Lautaro Martinesga 15-golini urishda yordam berdi. Argentinalik futbolchi to‘qqiz golni safar o‘yinlarida urgan va bu bilan o‘z shaxsiy rekordini mavsum yarmidayoq takrorladi. Ikkinchi bo‘limda esa Tyuram Barellaning nozik uzatmasini golga aylantirib, uchrashuv taqdirini hal qildi.

Germaniya: «Bayyer» va «Bavariya» rekordlarni qayta yozmoqda

«Bayyer» – «Ayntraxt» F 3:0
Gollar:
1:0 – 14 Bonifase, 2:0 – 51 Frimpong, 3:0 – 57 Virts.
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 82), Ta, Tapsoba, Kossunu, Grimaldo, Chaka, Hofmann (Glojyek, 83), Palasios (Inkapie, 82), Virts (Amiri, 87), Bonifase (Shik, 72).
«Ayntraxt» F – Trapp, Buta, Kox (Smolchich, 64), Tuta, Pacho, Nkunku, Getse (Sxiri, 64), Larsson (Baum, 73), Dina-Ebimbe (Xeuge, 72), Shaibi (Ngankam, 82), Knauff.

«Ayntraxt» «Bavariya»ni yirik hisobda tor-mor etganidan (5:1) keyin faqat yutqazmoqda. Frankfurtliklar bu o‘yinda raqib Germaniyaning bu mavsumdagi eng yaxshi jamoasi (natija borasida ham, o‘yin sifati bo‘yicha ham) ekanini inobatga olgan holda o‘z o‘yiniga tuzatishlar kiritishi talab etilardi.

Amalda esa Bonifase reyd uyushtirib, o‘zi aniq zarba berdi, ikkinchi bo‘lim boshida Frimpong raqib hujumni qaytarganida ham gol urib ketdi, nemis futbolining yangi avlodidagi eng yorqin iste’dod bo‘lib turgan Virs esa himoyachilardan qochib ketib, to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashlagan holda o‘yindagi intrigani batamom o‘ldirdi. Kuchli va chiroyli o‘yin namoyish etishda davom etayotgan «Bayyer» yetakchilikni mustahkamladi, shuningdek «Hamburg»ning 1982 yilgi rekordini takrorladi. Habi Alonso jamoasi mavsum startidan buyon 24 o‘yinda yutqazmadi.

«Bavariya» – «Shtutgart» 3:0
Gollar:
1:0 – 2 Keyn, 2:0 – 55 Keyn, 3:0 – 63 Kim Min Je.
«Bavariya» – Noyyer, Upamekano, Kim Min Je, Devis (Kretsig, 89), Gerreyru, Pavlovich, Laymer, Myuller (Shupo-Moting, 83), Sane, Musiala (Tel, 83), Keyn.
«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman (Stergiu, 83), Anton (Ruo, 59), Zagadu, Mittelshtedt, Karazor, Shtiller, Fyurix (Mvumpa, 59), Miyo (Leveling, 59), Girassi, Undav (Jon Vu Yen, 77).

«Bavariya» ham ortda qolmaslikka harakat qilmoqda va mavsumning kashfiyot jamoasini, haqli ravishda kuchli to‘rtlikdan joy olib turgan jamoani yirik hisobda mag‘lub etdi. Birinchi hujumdayoq Sane Keynni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqardi. Mehmonlar darvozaboni Nyubel bu epizodda to‘pga chiqishda juda ishonchsiz o‘ynagan bo‘lsa-da, keyinroq bir necha ajoyib seyvlar ijro etdi. Tanaffusga qadar yana ikki holatda VAR mehmonlarga yordamga keldi - birinchi vaziyatda texnik nosozlik tufayli Kim Min Jening haqqoniy goli inobatga olinmadi (keyinroq u baribir o‘z maqsadiga erishdi).

Lekin bu mehmonlarni yirik mag‘lubiyatdan qutqara olmadi va ikkinchi bo‘limda Keyn bundesliganing 15 o‘yinida urgan gollari sonini 20 taga yetkazib qo‘ydi. Bundesligadagi ilk mavsumida hech kim bunday tezkorlik namoyish eta olmagandi. Hatto Holand ham 20 golga yetish uchun 22 o‘yin o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgandi, norvegiyalik hujumchi o‘shanda Uve Zeyelerning rekordini yangilay olmagandi. Keyn esa keldi, ko‘rdi va rekordlar kitobini qayta yozishga kirishdi. Yakshanba kungi ingliz hujumchisi «Bavariya»ga o‘zining tarixiy rekordini takrorlashga yordam berdi — jamoa 1970 yildan 1974 yilga qadar bo‘lgan muddatda ham qatorasiga 64 uy uchrashuvida gol urgandi.

Fransiya: Mbappening goli yetarli bo‘lmadi

«Lill» – «PSJ» 1:1
Gollar:
0:1 – 66, penalti Mbappe, 1:1 – 90+4 Devid.
«Lill» – Shevale, Diakite (Santush, 71), Yoro, Alessandro, Ismaili, Gudmundsson (Kabella, 71), Andre (Unas, 90), Bentaleb, Gomes, Jyegrova, Yaziji (Devid, 81).
«PSJ» – Tenas, Markinos, Ernandes, Danilu Pereyra (Shkrinyar, 75), Zair-Emeri, Li Kan In, Ugarte (Hakimi, 67), Vitinya, Dembele (Asensio, 81), Barkolya (Kolo-Muani, 67), Mbappe.

Hakimining Fransiya chempionatidagi 100-o‘yinida uning klubdagi eng yaxshi do‘sti Mbappe penaltidan urgan gol parijliklarga g‘alaba olib kelishi mumkin edi. «Lill» — Kilian uchun «Monpele» bilan birgalikda eng «sevimli» raqib hisoblanardi, bu jamoalar bilan o‘yinlarda forvard 17 tadan samarali ball ishlagan. U «itlar» jamoasi darvozasiga 11 gol urib, 6 golga uzatma bergan. Undan shu kuni natijasini yangilashi talab etilardi, chunki bir gol g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi, qo‘shimcha daqiqalarda Devid mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqardi. Natijada «PSJ» ikkinchi o‘rindan u qadar uzoqlashib keta olmadi (besh ochko), «Lill» esa to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi, shu bilan birga «Marsel» va «Lans»ga o‘ziga yaqinlashib olish imkonini berdi. Ligada Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurash qizg‘in kechishi shubhasiz.

Kun statistikasi

  • «Vest Hem» yarimhimoyachisi Lukas Paketa Roberto Firminodan keyin APLda assistlar bo‘yicha het-trik qayd etgan ikkinchi braziliyalik futbolchiga aylandi.
  • «Marsel» dekabr oyida 4 g‘alabaga erishdi. Bu may oyidan noyabrgacha bo‘lgan g‘alabalar soniga teng.
  • «Feyyenoord» Niderlandiya chempionatida o‘z tarixida ilk bor bir kalendar yilida safar o‘yinlarida 47 gol urdi.
  • «Arsenal» hujumchisi Gabriel Jyezus APLda urgan gollari sonini 59 taga yetkazdi va u gol urgan o‘yinlarda jamoasi biror marta mag‘lub bo‘lmagan (+54=5).
  • PSV hujumchisi Lyuk de Yong gollari sonini 120 taga yetkazdi, endi u klubning eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni o‘tgan asr o‘rtalarida porlagan Koen Dillen bilan bo‘lishib turibdi. 308 golga ega Villi van den Keylen esa deyarli yetib bo‘lmas uzoqlikda.
  • Argentinalik himoyachi Niklas Otamendi «Benfika» safida 150 o‘yin o‘tkazdi. U boshqa bir yubileyiga — klublar miqyosidagi 600 uchrashuvga yetishiga yana to‘rt o‘yin qolgan.
  • «Sassuolo» hujumchisi Berardi A seriyada 200 (122+78) samarali ball ishladi. Uning debyutidan buyon ligada bundan ko‘proq gol va golli uzatma bergan futbolchi birgina Immobiledir (236 ochko).
Ko‘proq yangiliklar: