«Barsa» chempionlik poygasidan chiqmoqda, «Siti»da sensatsiya. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 14:12 / 17.12.2023 43726

Angliya: «Siti»da 6 o‘yinda faqat 1 g‘alaba, «Nyukasl»da yangi yulduz porladi

«Manchester Siti» — «Kristal Pelas» 2:2
Gollar:
Grilish (24), Lyuis (54) — Mateta (76), Olise (90+3, penalti). 
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ake, Diash, Gvardiol, Lyuis, Grilish, Silva, Rodri, Foden, Alvares.
«Kristal Pelas» – Henderson, Klayn (Eze, 90+1), Uord (Ozo, 34), Andersen, Geyi, Mitchell, Olise, Richards, Shlupp (Fransa, 81), Ridevald (Ahamada, 81), Mateta.
Ogohlantirishlar: Andersen (40), Ederson (42).

«Manchester Siti» klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga yaxshi kayfiyatda yo‘l olmaydigan bo‘ldi, lekin o‘yinning boshlanishidan amaldagi chempionlar qatorasiga uchinchi g‘alabani nishonlashi oson ko‘rinayotgandi. «Shaharliklar» ilk daqiqalardan vaziyatlar yaratishni boshladi, 5-daqiqada Alvares bosh bilan xavfli zarba yo‘lladi, 10-daqiqada Diash jarima maydoni tashqarisidan xavfli zarba berdi. Keyin esa vaziyatlar nihoyat golga aylantirildi. Foden nozik harakat bilan to‘pni himoyachilar orasidan o‘tkazib, Grilishni qulay vaziyatga chiqardi. VAR bu vaziyatda ofsayd yo‘qligini tasdiqladi.

Bo‘lim oxirida mezbonlarning yana omadi keldi. 42-daqiqada, raqib jarima maydonida to‘pga teginish bo‘yicha ko‘rsatkich 18:0 holatida, «Pelas» xavfli qarshi hujum uyushtirdi. Mateta jarima maydoniga kirayotganida Ederson uni yiqitdi.

Braziliyalik darvozabon to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygandi: u to‘pga yeta olmadi, raqib hujumchisining oyog‘iga zarba bergani uchun sariq kartochka oldi. «Pelas» futbolchilari jamoa gol urish imkoniyatidan mahrum qilinganini aytib, hakamdan nega qizil ko‘rsatmagani so‘ray boshlashdi. Agar bu fol jarima maydonining markazga yaqin qismida ro‘y berganida «Siti» bir kishi bo‘lib qolishi ehtimoli yuqori edi.

Bu holatdan yo‘qotishsiz o‘tib olgan mezbonlar masalani hal qilib qo‘yish uchun ikkinchi bo‘limni kuchli bosim bilan boshladi, avvaliga Alvaresning goli bekor qilindi, u jarima zarbasi ijro etganida ofsaydda turgan Rodri bosh harakati bilan darvozabonni chalg‘itgan deb topildi. Ammo keyingi hujumdayoq Lyuis barchasini qoida bo‘yicha ijro etdi va mezbonlarning hisobdagi ustunligini oshirdi.

Odatda Xosep Gvardiola jamoasi bunday ustunlikni boy berib qo‘ymaydi. Opta hisob-kitoblariga ko‘ra, birinchi bo‘limda «Siti»ning maydondagi barcha futbolchilari vaziyatlar yaratgani ham bu qanday ustunlik bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu qadar oson o‘yin mezbonlarning diqqatini susaytirgan bo‘lishi ham mumkin. Avvaliga himoyachilar ortga tashlab berilgan uzatmani o‘tkazib yuborishdi va Shlupp darvoza qarshisida ochilgan Matetani golli pas bilan ta’minladi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa gol muallifi Fodenni jarima maydoni ichida o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi va shu kuni qator vaziyatlar yaratib, mehmonlar safidagi eng faol futbolchi bo‘lib turgan Olise penaltini aniq ijro etdi. «Pelas» butun o‘yin mobaynida darvoza sohasiga faqat ikki bor zarba berdi va ikkisi ham golga aylandi.

«Shaharliklar» APLning so‘nggi turida faqat bir bor g‘alabaga erishdi, jamoa qatorasiga sakkiz o‘yindirki, darvozasi daxlsizligini saqlay olmayapti. Endi Gvardiola shogirdlari yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha peshqadam «Liverpul»dan olti ochkoga ortda qolmoqda. Jamoa APLdagi keyingi o‘yinini faqat ikki haftadan keyin o‘tkazadi – navbatdagi turda klublar o‘rtasidagi jahon chempionati safari tufayli o‘ynay olmaydi. 

«Chelsi» — «Sheffild Yunayted» 2:0
Gollar:
Palmer (54), Jyekson (61). 
«Chelsi» – Petrovich, Disasi, Silva, Badiyashil, Koluill, Gallaher, Mudrik (Fernandes, 69), Palmer, Kaysedo, Sterling (Broya, 75), Jyekson.
«Sheffild Yunayted» – Foderingem, Bogl, Ahmedhojich, Trasti, Lou, Makati, Hamer (Sliman, 80), Vinisius, Bruks (Osula, 58), Makberni (Norvud, 67), Archer.
Ogohlantirishlar: Makati (42), Gallaher (52), Hamer (63), Lou (74).

«Chelsi» «Manchester Siti» maydonida 4:4 hisobi bilan yakunlangan juda yorqin o‘yin o‘tkazganidan keyin barcha ko‘klar jamoasida ishlar joyiga tushishni boshlagani haqida gapira boshlagandi. Faqat taqvim Maurisio Pochettino uchun qiyin keldi va «Brayton» ustidan g‘alaba qozonilgach (3:2), ikki bor mag‘lubiyatga uchraldi. Bunday holatda londonliklarga «Sheffild Yunayted» duch kelgani ayni muddao bo‘ldi.

Birinchi bo‘limda mezbonlar faolroq o‘ynagan va to‘pni nazorat qilgan bo‘lsa-da, autsayder darvozasi qarshisida jiddiy vaziyatlar yarata olmadi. Faqat ikkinchi bo‘limda Sterling himoyachilardan qochib ketdi va darvozabon maydonchasi hududidagi Palmerni golli pas bilan ta’minladi. Shundan keyin jamoaning o‘yini ochila boshladi. Jyekson mezbonlar uchun omadli kechgan rikoshetlar seriyasi yakunida bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. Zarbalar berish bo‘yicha yaqqol ustunlik ham mezbonlar tomonda bo‘ldi – 15:6 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 6:1, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 7:3). Yakunda «Chelsi» nafaqat omadsiz seriyasiga barham berdi — balki «Stemford Brij»da 2022 yil oktyabridan buyon ilk marta qatorasiga ikki o‘yinda g‘alaba qozondi. 

«Nyukasl» — «Fulhem» 3:0
Gollar:
Mayli (57), Almiron (64), Bern (82).
«Nyukasl» – Dubravka, Livramento (Richi, 84), Sher (Kraft, 14), Lassels, Bern (Botman, 84), Botman, Gimaraes, Longstaff, Almiron, Joelinton (Mayli, 36), Gordon (Holl, 84), Uilson.
«Fulhem» – Leno, Kastan (Rodrigo Muniz, 61), Adarabioyo, Diop, Robinson, Kerni (Lukich, 76), Uilson, Pereyra (Tete, 61), Palinya (Rid, 76), Ivobi (Dekordova-Rid, 77), Ximenes.
Ogohlantirishlar: Palinya (70), Dekordova-Rid (81).
Chetlatish: Ximenes (22).

So‘nggi turlarda shov-shuv ko‘targan va qatorasiga to‘rt o‘yinda uchtadan beshtagacha gol urgan «Fulhem» «Sent-Jyeyms Park»da tor-mor etildi. Yevrokubokdan chiqib ketganidan alamzada «Nyukasl» bor alamini londonliklardan olishdi. Mezbonlarga raqib to‘purari Ximenes birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq maydondan chetlatilgani ham yordam berdi.

Jamoa yetakchilarining jarohatlar epidemiyasida o‘zini yorqin namoyish etayotgan Mayli «qarg‘alar» g‘alabasida muhim rol o‘ynadi va 17 yoshu 229 kunligida klubining APLda gol urgan eng yosh futbolchisiga aylandi. «Milan» bilan o‘yinda golli pas muallifi bo‘lgan ushbu yigitcha o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlagandi, ammo Joelinton birinchi bo‘limdayoq jarohat olgach, uning o‘rniga tushirilgandi. Eddi Hau bungacha ham jarohat tufayli markaziy himoyachisi Sherni almashtirishga majbur bo‘lgandi.

Ammo kadrlar muammosiga ko‘nikib bo‘lgan «Nyukasl» dekabrdagi mag‘lubiyatlar seriyasiga chek qo‘ydi. Bunda Bruno Gimaraynsning ham hissasi katta bo‘ldi. Braziliyalik yarimhimoyachi o‘z reydi bilan Maylining goliga ham zamin tayyorlagandi, shvedka uslubidagi uzatmasi bilan Bern gol urgan hujumni ham quvvatladi. «Qarg‘alar» kamida yakshanba kungi o‘yinlar yakuniga qadar turnir jadvalida «MYu»ni quvib o‘tdi va keyingi hafta o‘rtalarida Angliya ligasi kubogi chorakfinali doirasida «Chelsi»ga qarshi kechadigan o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.

Ispaniya: mehmonda omadsiz «Atletiko» va «qora kunlar»dan chiqib keta olmayotgan «Barsa»

«Atletik» — «Atletiko» 2:0
Gollar:
Guruseta (51), N.Uilyams (64). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Sanset (36).
«Atletik» – Simon, Lekue, Vivian, Paredes, Berchiche, Prados (Vesga, 77), Errera, Sanset (Gomes, 85), N.Uilyams (Berenger, 90), I.Uilyams (Xauregisar, 85), Guruseta.
«Atletiko» – Oblak, Molina (De Paul, 46), Ermoso, Suyunji (Ximenes, 46), Vitsel, Koke, Saul (Depay, 60), Lorente, Grizmann (Korrea, 59), Morata (Aspilikueta, 67), Lino.
Ogohlantirish: De Paul (49).

«Atletiko» so‘nggi vaqtlarda uy jamoasiga aylanib qoldi. Madridliklar barcha turnirlar doirasida «Metropolitano»da qatorasiga 20 o‘yinda g‘olib bo‘lgan, la ligada esa joriy mavsum boshidan buyon sakkiz uy uchrashuvidan sakkiztasida g‘alaba qozongan va bu borada Yevropada «Aston Villa» bilan birgalikda eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etmoqda. Ammo Madriddan tashqarida «matraschilar»da muammo chiqmoqda va safar o‘yinlarida ham o‘ziga xos seriya davom etmoqda — qatorasiga uch mag‘lubiyat. Bilbaoda Diyego Simeone jamoasi tanaffusdan keyin ikki gol o‘tkazib yubordi va «Barselona»dan oldinga chiqib keta olmaydigan bo‘ldi. «San-Mames»da doim kuchli o‘yin namoyish etadigan «Atletik» esa Chempionlar ligasi to‘rtligiga yaqinlashib oldi. Bu turdagi o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadigan «Real Sosiyedad» prinsipial raqibidan uch ochko ortda qolmoqda.

«Valensiya» — «Barselona» 1:1
Gollar:
Gilyamon (70) — Felish (55).
«Valensiya» – Mamardashvili, Korreyya, Diakabi, Moskera, Vaskes (Gasorovski, 81), Peres (Amalla, 72), Gilyamon, Pepelu, Yaremchuk (Kanos, 62), Duro (Mari, 81), Lopes (Fulke, 81).
«Barselona» – Penya, Kanselu, Kunde, Arauxo, Balde, Gundo‘g‘an (Yamal, 81), de Yong, Pedri, Rafinya, Feliks (Torres, 72), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Peres (65), de Yong (77), Kanselu (79).

Ikki og‘riqli mag‘lubiyatdan keyin tanqidlar ostida qolgan «Barselona» «Mestalya»da maydonga katta ishtiyoq va maksimal darajada e’tiborni jamlagan holda tushib keldi. Ter Shtegenning jarohati tufayli so‘nggi haftalarda kataloniyaliklar darvozasini qo‘riqlayotgan Inyaki Penya ikki bor o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi, ammo umuman olganda mehmonlar ustunlik qilishga zo‘r berayotgani ko‘rinib turardi. Birinchi bo‘limdagi eng yorqin vaziyat Mamardashvili darvozasi qarshisida, Levandovski «qaychi uslubi»da gol urishga uringanida kuzatildi. Darvozabon bu vaziyatda qutqardi, Pedri yaxshi pozitsiyada turib zarba yo‘llaganida esa to‘p biroz yuqoridan o‘tib ketdi.

Tanaffusdan keyin ham ko‘k-anorranglilar ko‘proq va xavfliroq hujumlar uyushtirishdi. Bu tezda natija berdi — Frenki de Yongning to‘pni jarima maydoni ichiga oshirib berdi, qanotdan yorib kirgan Rafinya bo‘sh darvoza qarshisida paydo bo‘lgan Joau Feliksni to‘p bilan ta’minladi. Bir necha daqiqa o‘tib portugaliyalik futbolchining zarbasini himoyachi to‘sib qoldi, keyin esa Rafinyaning o‘z qanotida raqibni fintlar bilan ortda qoldirib yo‘llagan xavfli zarbasini Mamardashvili qaytardi, «Valensiya» esa oddiy hujumdan maksimum natija chiqarib oldi. Qanotdan uzatma, to‘p uchun kurashda ustunlik va Gilyamon yuqori burchakka ideal zarba berdi.

Zaxiradan maydonga tushgan Ferran Torres juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Keyin Rafinya yakkama-yakka vaziyatda to‘xtatildi, so‘nggi vaqtlarda yomon formasi uchun ko‘p tanqidga uchrayotgan Levandovski ikkinchi bo‘limda biror marta zarba yo‘llay olmadi: «Barsa» — top-5 ligalarda yaqqol golli vaziyatlardan foydalana olmaslik bo‘yicha yaqqol yetakchiligini yanada mustahkamladi. Bunday vaziyatlar soni ellikka qarab ketmoqda. 

«Valensiya» darvoza sohasiga yo‘llangan aniq zarbalar bo‘yicha ikki barobar ortda qoldi – 4:8 (jami zarbalar bo‘yicha – 11:16, jarima maydoni ichidan berilgan zarbalar bo‘yicha – 5:14, «Barsa» xG bo‘yicha 3,4 ko‘rsatkichini qayd etgan), ammo uch markaziy himoyachi sxemasiga o‘tib, Xavi shogirdlarining o‘yinning final qismidagi bosimiga dosh berdi va g‘alabaga teng durangni saqlab qoldi (jamoa bungacha kataloniyaliklarga qarshi so‘nggi besh o‘yinida yutqazgandi).

O‘z navbatida, bu durang mehmonlar uchun mag‘lubiyatga teng bo‘ldi. Bu turdagi o‘yinini dushanbaga o‘tar kechasi «Vilyarreal»ga qarshi o‘tkazadigan «Real» g‘alaba qozonsa, «Barsa» bilan farqni 7 taga yetkazadi, tur o‘yinini seshanbaga o‘tar kechasi «Alaves»ga qarshi o‘tkazadigan «Jirona» ham uch ochko egasiga aylansa, Xavi jamoasi peshqadamdan 9 ochkoga ortda qola boshlaydi.

Jamoada omadsizlik va inqiroz davom etmoqda. O‘yindan keyin Pedri bu qiyin vaziyatda Xavini qo‘llashini aytib shunday dedi: «Biz murabbiy bilanmiz. Vaziyatni o‘zgartirish uchun barchamiz birga bo‘lishimiz kerak».

Italiya: Xvicha va Osimhen Neapolni kuchli to‘rtlikka qaytardi

«Napoli» — «Kalyari» 2:1
Gollar:
Osimhen (69), Kvaratsxeliya (75) — Pavoletti (72).
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus, Rrahmani, Natan (Ruy, 59), Lobotka, Zambo-Angissa, Kayuste (Raspadori, 59), Politano (Zanoli, 90), Kvaratsxeliya (Lindstrem, 90), Osimhen (Gaetano, 82).
«Kalyari» – Skuffet, Goldaniga (Lapadula, 79), Dossena, Aujyello, Oristanio (Luvumbu, 68), Yankto (Deyola, 46), Makumbu, Prati, Nandes (Dzappa, 67), Pavoletti, Petanya (Obert, 46).
Ogohlantirishlar: Osimhen (45), Goldaniga (45), Pavoletti (45), Rrahmani (45), Aujyello (63), Ruy (85), Politano (88), Angissa (90+1).

Neapoldagi o‘yin yarim soat kech boshlandi, kuchli shamol stadion tomiga zarar yetkazgandi va bunday holatda o‘yin o‘tkazish qanchalik xavfsizligini tekshirib chiqish uchun ma’lum vaqt talab etildi. Tabiiyki, muxlislarning bir qismini tribunalarga o‘tkazish kechikib boshlandi va ular o‘yin oxirlariga yaqin maydonda haqiqiy to‘fonga guvoh bo‘lishdi. Bu jarayondagi asosiy harakatlantiruvchi kuch Osimhen edi, u avvaliga Mariu Ruyning uzatmasidan hisobni ochdi, jarohat tufayli bir oyga safdan chiqqan Eldor Shomurodovsiz o‘ynagan «Kalyari» esa tezda hisobni tenglashtirdi. Keyin esa nigeriyalik hujumchi kichik futbol mo‘jizasini ko‘rsatib berdi, u jarima maydoni ichida himoyachilar qurshovida turgan holatda to‘p ustidan nazoratni saqlab qolib, tizzasi bilan jonglyor qildi va to‘pni Kvaratsxeliyaga uzatdi. Xvicha esa bunday uzatmani isrof qilmadi — jamoa esa gol muallifini emas, assistentni tabriklash uchun yugurdi. Bu g‘alaba goli bo‘lib qoldi va «Napoli» to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib, yakshanba kungi «Bolonya» va «Roma» o‘yini natijasini kutmoqda.

Germaniya: Forsbergning xayrlashuv benefisi

«Augsburg» — «Borussiya» D 1:1
Gollar:
Demirovich (23) — Malen (35). 
«Augsburg» – Damen, Mbabu (Pfayffer, 90), Gaueleu, Uduoxay, Pedersen, Yyensen, Dorsh, Rejbechay (Braythaupt, 90), Engels (Gumni, 69), Demirovich (Vargas, 77), Tits (Belo, 78).
«Borussiya» D – Kobel, Mene, Zyule, Shlotterbek, Bensebayni, Roys (Reyna, 58), Jan (Aller, 89), Brandt, Malen, Bayno-Gittens (Bamba, 72), Fyullkrug.
Ogohlantirishlar: Gaueleu (79), Aller (90+1), Gummi (90+4). 

«Borussiya»da dekabr boshidan buyon g‘alaba bo‘lmayotgandi (=2-2), Augsburgda ham dortmundliklarga oson bo‘lmadi. Mezbonlarning golli hujumidagi vaziyat VAR orqali tekshirilishi ham foyda bermadi, monitorda videotakrorni ko‘rib chiqqan arbitir gol muallifi Demirovich tomonidan Shlotterbekka nisbatan qoida buzilmagan deb topdi va golni inobatga olish to‘g‘risidagi fikrini o‘zgartirmadi. Va bu holatda chindan ham ikki futbolchi qo‘llari bilan yakkakurashga kirishgan va mehmonlar vakilining yiqilishiga gazonga qoqilib ketishi sabab bo‘lgandi. «Asalarilar» bu epizoddan yaxshi motivatsiya olishdi va tanaffus arafasida Fyullkrug bilan kombinatsiya uyushtirgan Malen hisobni tenglashtirdi.

«Borussiya» ikkinchi bo‘limda ham raqib darvozabonini noodatiy harakatlari uchun jazolash imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, ikkinchi gol urilmay qoldi. Qolaversa, bu darvozabon o‘yin oxirida ikki bor Malen bilan duellarda ustun keldi va unga dubl rasmiylashtirishga imkon bermadi. Fyullkrug bir necha metr masofadan «qaychi» uslubida o‘ta xavfli zarba berganida ham Damen to‘pni ustun tomon burib yuborishga erishdi. O‘yin yakunida bundan boshqa vaziyatlar ham bo‘ldi, ammo «Borussiya» YeChLda «o‘lim guruhi»dan chiqish uchun haddan tashqari kuch va ehtiroslarini sarflab yuborgani bilindi. O‘tgan mavsumda oxirgi turga qadar chempionlik poygasida qolgan Edin Terzich jamoasi hozircha top-4 dan ham joy ololmayapti.

«Leypsig» — «Hoffenhaym» 3:1
Gollar:
Klostermann (34), Forsberg (71), Simakan (74) — Qoboq (42).
«Leypsig» – Blasvih, Henriks, Klostermann, Simakan (Lukeba, 83), Raum, Shlager, Aydara (Kampl, 58), Baumgartner (Forsberg, 66), Simons (Karvalyu, 83), Poulsen, Openda (Sheshko, 83).
«Hoffenhaym» – Baumann, Kaderjabek (Nsoki, 90), Fogt, Bruks, Qoboq (Akpoguma, 75), Premel, Shtax (Bisxof, 75), Byulter, Kramarich, Bebu (Bayyer, 69), Skov (Grillich, 46).
Ogohlantirishlar: Aydara (40), Simons (62), Qoboq (62), Klostermann (81), Grillitch (90+3).

«Leypsig» dortmundliklar ochko yo‘qotishidan foydalanib, oradagi farqni uzaytirib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo jamoani oson o‘yin kutmayotgandi. «Hoffenhaym» bu mavsumda yaxshi ishtirok etmoqda va «Borussiya»ning durang o‘ynashi bu jamoa o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish orqali to‘plangan ochkolar soni bo‘yicha «asalarilar»ga yetib olishini ta’minlardi. Bir-biriga munosib va maksimal darajada motivatsiyaga ega bo‘lgan ikki raqib tanaffusgacha himoyachilarining gollari bilan almashishdi. Baumann mehmonlarni bir necha bor goldan qutqargan bo‘lsa, Blasvihning xatosi javob goliga olib keldi.

Lekin bu «Leypsig» uchun hal qiluvchi golga aylanmadi va ikkinchi bo‘limni ancha xotirjam boshlagan mehmonlar bo‘lim o‘rtalariga borib kuchli bosim uyushtirishga o‘tdi. MLS chempionatiga ketishdan oldin jamoa safida so‘nggi uy uchrashuvini o‘tkazgan Forsberg zaxiradan maydonga tushib, hisobdagi tenglikni buzdi. «Leypsig»da 2015 yildan buyon to‘p surib kelgan shved yarimhimoyachisi qishki transferlar doirasida «Nyu-York RB» klubiga yo‘l olmoqda. Ketishidan oldin esa g‘alaba golini urdi va bu orqali «ho‘kizlar» beshinchi o‘rindan olti ochkoga ilgarilab ketdi.

Kun statistikasi

  • «Everton» standart vaziyatlardan 10 gol urdi. «Irislar» bu ko‘rsatkich bo‘yicha APLda yetakchilik qilmoqda.
  • «Barselona» qatorasiga 17 o‘yindan buyon bittadan ortiq gol farqi bilan g‘alaba qozona olmagan. Jamoada bunday seriya 1962/63 yillar mavsumidan buyon kuzatilmagandi.
  • «Chelsi» hujumchisi Rahim Sterling APLda 181 (120+61) samarali ball ishladi va bu borada Maykl Ouen hamda Dennis Bergkamp bilan tenglashib oldi.
  • «Manchester Siti» himoyachisi Ruben Diash to‘p bilan 189 bor muomila qildi — Angliya chempionati uchun rekord ko‘rsatkich. Portugaliyalik jami uzatmalar (180) va aniq paslar (173) soni bo‘yicha ham mavsumning eng yaxshi natijasini qayd etmoqda.
  • «Leypsig» bundesligida urgan gollari sonini 500 taga yetkazdi. «Ho‘kizlar» jamoasiga buning uchun 253 o‘yin yetarli bo‘ldi, bu natijaga faqat «Bavariya» (231 o‘yin) va Menxengladbahning «Borussiya» (240) klublari tezroq erishgan.
Ko‘proq yangiliklar: