Budjet taqchilligi limiti 5,5 foizgacha oshirilmoqda

Iqtisodiyot 20:38 / 15.12.2023 20965

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning tushuntirishicha, “iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan tarkibiy islohotlar, tarmoqlar, kichik biznes va hududlarni rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilayotgani” va boshqa bir qator omillar joriy yilda davlat budjetining xarajatlari kutilganidan yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

“Hukumat topshiriqlarining ijrosini ta’minlash maqsadida respublika budjetidan birinchi darajali taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari 24 trln 525 mlrd so‘m qo‘shimcha xarajatlar hisobiga oshirilmoqda”, dedi u.

Ahadbek Haydarovning qo‘shimcha qilishicha, joriy yilda ikki marta ish haqi, pensiya va nafaqalarning 7 foizdan oshirilishi, shuningdek, budjet tashkilotlari uchun kommunal to‘lovlar narxining qimmatlashishi bilan bog‘liq xarajatlarga qo‘shimcha 3 trln 740 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

“Ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun qo‘shimcha 7,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Xususan, ta’lim sohasiga 3,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Bunda umumta’lim maktablarida o‘quvchilar sonining oshishi hamda yuqori malakali o‘qituvchilarni rag‘batlantirish mexanizmlari ishga tushirilishi hisobiga ish haqi to‘lash xarajatlari uchun 1 trln 528 mlrd so‘m, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yangi avlod darsliklari bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha 456 mlrd so‘m, shu bilan birga maktabgacha ta’lim muassasalari sonining yil boshidagiga nisbatan 3 mingtaga ortishi hisobiga budjetdan 510 mlrd so‘m ajratilmoqda. Bog‘chalar ta’minoti uchun ota-onalarga kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanishi hisobiga bolalarni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha 130 mlrd so‘m ajratilmoqda”, dedi Ahadbek Haydarov.

Vazir o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasiga ham qo‘shimcha 1,7 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bundan 1,6 trln so‘m shtat birliklarining ortishi hisobiga ish haqi xarajatlari uchun, fizioterapiya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirish davlat dasturi bo‘yicha qo‘shimcha 69 mlrd so‘m ajratilmoqda. Bundan tashqari ijtimoiy nafaqa to‘lovlari uchun qo‘shimcha ravishda 1 trln 808 mlrd so‘m mablag‘ beriladi.

Shuningdek, davlat ijtimoiy soha obektlarini isitish, DXSh asosida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishga esa qo‘shimcha 5,2 trln so‘m ajratilgan. Shundan, “Uzgastrade” AJning tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlaridagi tafovut xarajatlarini qoplash uchun 3 trln 542 mlrd so‘m, jamoat transportini yaxshilash uchun 412 mlrd so‘m, Toshkent metropolitenining cheklangan tariflardagi yo‘lovchi tashishdan ko‘radigan zararlarini qoplash uchun 335 mlrd so‘m, tadbirkorlik sub’yektlarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda ularning tashish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun 92 mlrd so‘m , to‘qimachilik va trikotaj kompaniyalarida moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritishni ta’minlash va yirik savdo omborlarini ijaraga olish xarajatlari uchun 20 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Energetika vazirligi huzuridagi tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasiga muqobil energiya uskunalari o‘rnatgan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga kompensatsiya to‘lovlari uchun 50 mlrd so‘m, hududlarda, ayniqsa, mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish xarajatlari uchun 4,6 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Jumladan, dolzarb ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirish uchun 4,3 trln so‘m, Surxondaryo viloyati aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash uchun 263 mlrd so‘m ajratilmoqda”, dedi Haydarov.

Shu bilan birga, Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etish uchun qo‘shimcha ravishda 150 mlrd so‘m, Toshkent shahrida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida mavjud podstansiyalarni modernizatsiya qilish uchun 200 mlrd so‘m berilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 5 trln 893 mlrd so‘mga, xarajatlari 5 trln 916 so‘mga o‘zgarmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasining kutilayotgan daromad prognozlari 2 trln 526 mlrd so‘mga ortmoqda. Kutilayotgan daromadlarning oshishi hisobiga jamg‘armaning xarajatlari 2 trln 526 mlrd so‘mga oshirilmoqda.

“Kiritilayotgan qo‘shimcha xarajatlar hisobiga qonunning 11-moddasi bilan tasdiqlangan kodsolidatsiyalangan budjet taqchilligining cheklangan miqdori 3 foizdan 5,5 foizgacha oshirilmoqda. Yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida tashqi qarz jalb qilish bo‘yicha cheklangan miqdor 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollarga oshirilmoqda”, deya o‘z nutqini tugatdi Ahadbek Haydarov.

Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov tegishli qo‘mita raisidan "nega qonunni kiritish kechikdi?" deb bir necha marta so‘radi, ammo aniq va lo‘nda javob berilmadi.

Yil yakunlanishiga oz qolgani ro‘kach qilinib, qonun loyihasi birinchi va ikkinchi o‘qishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, hukumat joriy yilgi davlat budjetining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi ijobiy farq 4,2 trln so‘mga (profitsit) teng bo‘lishini prognoz qilgandi. Xususan, 2023 yilda daromadlar 232,1 trln so‘mni, xarajatlar 227,8 trln so‘mni tashkil etishi kerak edi.

2023 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan joriy yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMga nisbatan 3 foiz miqdorida belgilangan edi. Qonunga ko‘ra, yil davomida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan defitsitni moliyalashtirish uchun olinadigan qarzlar miqdori 2 mlrd dollardan oshmasligi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.

O‘tgan yili budjet taqchilligining belgilangan limitdan oshishi ijtimoiy soha, iqtisodiyot va aholini qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasiga investitsiya xarajatlarining oshishi bilan izohlangandi. Taqchillikning 47 foizi xalqaro moliya institutlaridan olingan qarz evaziga qoplangan.

Ko‘proq yangiliklar: