«MYu»da halokat, «Sevilya» o‘yinida drama. YeChLda tur yakunlari

Sport 03:58 / 13.12.2023 44869

A guruhi

Daniyaliklarning muvaffaqiyati

«Manchester Yunayted» — «Bavariya» 0:1
Gol:
Koman (71). 
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Varan (Maynu, 80), Maguayr (Evans, 40), Shou (Uan-Bissaka, 46), Fernandesh, Amrabat, Maktominey, Antoni (Pellistri, 75), Garnacho (Mejbri, 74), Hoylund.
«Bavariya» – Noyyer, Mazraui (Laymer, 46), Upamekano, Kim, Devis, Goretska, Kimmix, Koman (Tel, 77), Sane (Gerreyru, 90), Musiala (Myuller, 67), Keyn.
Ogohlantirishlar: Antoni (53), Amrabat (61), Goretska (88).

«MYu» va «Bavariya» dam olish kunlarini juda yomon o‘tkazgandi: «Yunayted» o‘z maydonida «Bornmut»ga yutqazdi – 0:3, «Bavariya» «Ayntraxt»da qaqshatqich zarbaga uchradi – 1:5. Shu tufayli ikki jamoa uchun ham YeChL o‘yini muxlislari qarshisida o‘zini oqlash uchun imkoniyat edi. Farqi shuki, «Bavariya» allaqachon guruh masalasini hal qilgan va hatto birinchi o‘rinni kafolatlagan, «MYu»ga esa ikkinchi o‘ringa ko‘tarilish uchun mo‘jiza talab etilardi.

Ten Hag so‘nggi vaqtlarda zaxira o‘rindig‘iga mixlanib qolgan Varanni boshlang‘ich tarkibda tushirib ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Lekin birinchi bo‘limda «MYu»ning boshqa bir markaziy himoyachisi diqqat markazida bo‘ldi.

17-daqiqada Maguayr o‘z jamoasi jarima maydoni ichida Musialani qo‘li bilan ushlab qoldi va u yiqilib penalti so‘radi. Norvegiyalik bosh hakam Espen Eskos kurash ruxsat berilgan qoidalar doirasida bo‘lgan deb hisobladi. VAR ham maydondagi arbitrning qaroriga qarshi bo‘lmadi va o‘yin davom etdi.

Keyinroq «MYu» futbolchilari ham penalti so‘rashdi – to‘p Kim Min Jening qo‘liga tekkani uchun. VAR bu holatda ham vaziyat 11 metrlik jarima zarbasi qo‘yishga tortmaydi, deb topdi.

Bo‘lim oxirida Maguayr gazonga o‘tirdi va avvaliga shifokorlar yordami, keyin esa almashtirishni so‘radi, uning o‘rniga Evans tushirildi. Ammo «MYu» himoyasida muammolar barham topmadi. Lyuk Shou ham shikastlandi va tanaffusdan maydonga qaytmadi. Natijada ten Hag Dalotni chap qanotga o‘tkazib, o‘ngga Van-Bissakani tushirishiga to‘g‘ri keldi.

O‘yinning o‘zi esa nisbatan teng va tartibli kechdi, lekin darvozabonlarga ish qolmadi deb bo‘lmaydi. «Bavariya», kutilganidek, to‘pga ko‘proq egalik qildi va ko‘proq vaziyatlar yaratdi, ammo «Galatasaroy» bilan kechgan o‘yinlarga solishtirilganda, bu o‘yin ancha bosiq kechdi. Mehmonlarda to‘liq kuch bilan oldinga tashlanish uchun motivatsiya yo‘q edi, mezbonlar esa ochiq o‘yin namoyish etishga qo‘rqishdi. Va yakunda darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan atigi bir zarba bo‘ldi (u ham jarima maydoni tashqarisidan).

71-daqiqada tomoshabinlar baribir gol ko‘rishdi. Koman Onana bilan yakkama-yakka holatga chiqib borishdi va osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi. Keyn bu vaziyatda butsasining tashqi qismi bilan berilgan assist muallifiga aylandi. Bu ushbu angliyalik hujumchi 2023 yilning o‘zida «MYu»ga qarshi o‘yinlarda uchinchi bor golli uzatma berishi bo‘ldi. U birinchi davradagi o‘yinda va APLning o‘tgan mavsumi ikkinchi davrasida ham bu ishni amalga oshirgandi.

Shu tariqa, pley-offni orzu qilgan mankunianliklar hatto Yevropa Ligasiga ham o‘ta olmadi va Angliyada yangi antirekord o‘rnatdi. Bungacha APLning biror vakili guruh bosqichida 15 gol o‘tkazib yubormagan, shuningdek ikki bor guruhda oxirgi o‘rinni egallamagandi. Jamoa birinchi bor Aleks Fergyuson va yosh Ronaldu bilan — 2005/06 yillar mavsumida ham oxirgi o‘rinda qolib ketgandi.

«Bavariya» esa — guruh turnirlarida haqiqiy qirol ekanini yana bir bor namoyish etdi. Jamoa turnir guruh bosqichida 40 uchrashuvdan buyon mag‘lub bo‘lmayapti va qatorasiga to‘qqiz safar uchrashuvida g‘alaba qozongan.

«Kopenhagen» — «Galatasaroy» 1:0
Gol:
Lerager (58). 
«Kopenhagen» – Grabara, Ankersen, Vavro, Diks, Yyelert, Falk, Lerager, Gonsalvesh (Kornelius, 67), Elyunussi (Hoylund, 90+3), Klasson, Ashuri (Boylesen, 81).
«Galatasaroy» – Muslera, Boe, Bardakchi, Sanches, Anxelino (Yilmaz, 77), Ayxan (Mertens, 61), Torreyra (Oliveyra, 78), Zaa (Bakambu, 65), Oqturko‘g‘li, Tete (Ziyosh, 61), Ikardi.
Ogohlantirishlar: Yyelert (37), Zaa (56), Lerager (85).
Chetlatish: Lerager (90).

B guruhdagi ikkinchi jamoa esa «Kopenhagen» bo‘ldi. Oldingi turda nemislardan ochko ololgan daniyaliklar klubi bu turda Leragerning goli evaziga o‘z maydonida «Galatasaroy»ni mag‘lub etib, sakkiz ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Aslida «Kopenhagen»ni durang hisob ham qoniqtirardi. Bu guruh bosqichiga qur’a vaqtidayoq to‘rtinchi savatchada bo‘lgan jamoalar uchun tarixiy natija bo‘ldi. «Kopenhagen»ning o‘zi ham tarixida ilk bor Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichiga chiqdi.

V guruhi

Ramos ijrosida tarixiy panenka

PSV — «Arsenal» 1:1
Gollar:
Vertessen (50) — Nketia (42). 
PSV – Benites, Teze, Ramalo, Obispo, Mauro Junior, van Anholt, Tillman (Til, 82), Saybari (Dest, 74), Bakayoko (Babadi, 74), Vertessen (Oppegor, 90), Pepi.
«Arsenal» – Remsdeyl, Soaresh (Rays, 62), Gabriel, Saliba (Uayt, 62), Kiver, Al Nenni (Edegor, 62), Jorjinio, Haverts (Smit-Rou, 89), Trossar, Nelson (Jyezus, 89), Nketia.

Oxirgi tur arafasida bu turda qaysi jamoalar pley-offga qaysi o‘rinlarda chiqqanigacha ma’lum edi. «Arsenal» birinchi o‘rinni, PSV — ikkinchini kafolatlagandi. Bu jamoalar so‘nggi turni Eyndhovendagi o‘zaro uchrashuv bilan o‘tkazishdi. Tabiiyki, ikki murabbiy ham maydonga asosiy tarkibni tushirmadi. Masalan, «Arsenal» darvozasini Aaron Ramsdeyl egalladi, uning uchun bu Chempionlar ligasidagi debyut bo‘ldi.

Birinchi bo‘limda ushbu darvozabon raqib hujumi vaqtida shikastlanib, gazonga o‘tirib oldi. «Arsenal» murabbiylar shtabi asosiy darvozabon David Rayyani chigalyozdi mashg‘ulotlariga ham yuborishdi, ammo shifokorlar uning maydonga tushishiga hojat qoldirishmadi. O‘yinning birinchi bo‘limi biroz absurd ko‘rinish oldi. Vaziyatlarni PSV yaratdi, golni esa «Arsenal» urdi. Bo‘lim oxirida mehmonlarning chiroyli hujumi Eddi Nketianing bilyard uslubidagi zarbasi bilan yakunlandi.

Mezbonlar esa ikkinchi bo‘lim boshida javob golini urishdi. Bu epizodda barcha o‘z ishini aniq bajardi va yakunda Yorbe Vertessen uzoq burchakka aylanma zarba berdi. Yakunda o‘yin mantig‘iga mos durang hisob saqlanib qoldi.

«Lans» — «Sevilya» 2:1
Gollar:
Frankovski (63, penalti), Fyuljyeni (90+6) — Ramos (79, penalti).
«Lans» – Samba, Agilyar, Gradi (Husanov, 90+8), Danzo, Medina, Frankovski, Mendi (El Enaui, 24), Abdul-Samad, David Koshta (Fyuljyeni, 72), Sotoka, Vai (Gilavogi, 72).
«Sevilya» – Dmitrovich, Ramos, Salas, Gudel, Pedrosa, Xuanlu Sanches, Rakitich, Oliver Torres (Rafa Mir, 70), Sou, Sumare, An Nosiri.
Ogohlantirishlar: El Enaui (37), Sumare (61), Salas (65), Medina (75), Ramos (80), Fyuljyeni (85), Rafa Mir (90+9), Danzo (90+9).

Bu guruhdagi yagona intriga Yevropa Ligasi yo‘llanmasi kimga nasib qilishi bilan bog‘liq edi va tur arafasidagi vaziyat Lansdagi o‘yin xarakterini belgilab berdi. Durang ham qanoatlantiradigan mezbonlar shunga monand yo‘l tutishdi va dastlabki 45 daqiqalikda raqib jarima maydonida biror marta ham to‘p bilan muomila qilishmadi. Jarohatlar tufayli kuchsizlashgan «Sevilya» imkon qadar bosim uyushtirdi, ammo birinchi bo‘limda faqat Rakitich uzoqdan zarba yo‘llaganida golga yaqin keldi, to‘sin ostidan kirib kelayotgan bu zarbani Samba bartaraf etdi. Va umuman olganda, andalusiyaliklar urugvaylik Diyego Alonso bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon nima uchun g‘alaba qozonishni unutib qo‘ygani ayon bo‘ldi. Bu holatda Sevilyada bu mavsumda ham o‘tgan mavsumdagi kabi uchinchi bor murabbiy almashtirishga to‘g‘ri keladi.

Jamoalar eng qiziq vaziyatlarni ikkinchi bo‘limga olib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Bo‘lim «Sevilya» himoyachisi Pedrosaning to‘singa borgan zarbasi bilan boshlandi. «Lans» qarshi hujumda penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi, Medina ishlagan bu jarima zarbasini Frankovski aniq ijro etdi — bu mezbonlarning mehmonlar darvozasi sohasiga aniq yo‘llangan ilk zarbasi edi. Mehmonlar ham 11 metrdan zarba berish huquqiga ega bo‘lishdi, Serxio Ramosning zarbasini Samba qaytardi. Ammo darvozabon chiziqdan ertaroq harakatlangandi, shu tufayli ikkinchi urinishga ega bo‘lgan Ramos panenka uslubida aniq zarba yo‘lladi va YeChLdagi gollari sonini 17 taga yetkazib, Jyerar Pike va Roberto Karlosni ortda qoldirgan holda turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purar himoyachiga aylandi.

Hisob tenglashgach intriga qo‘shimcha daqiqalarda ham saqlanib qoldi, ispanlar yana bir gol bilan guruhdagi vaziyatni ham o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin edi. «Sevilya» raqibga qaraganda ancha yaxshiroq o‘ynadi, to‘pga egalik qilish bo‘yicha yaqqol ustunlik qildi (38 foizga qarshi 62), darvozaga ko‘proq zarbalar berdi (3 taga qarshi 10), darvoza sohasiga aniq yo‘llangan zarbalar (2 taga qarshi 4) va «Lans»ni xG bo‘yicha ham ortda qoldirdi (1,16 ga qarshi 1,35).

Ammo ikkinchi gol baribir urilmadi, Ramos jarima maydoni markazida qulay vaziyatda to‘pni yuqorilatib tepib yubordi, mezbonlarning qarshi hujumida esa Anjyelo Fyuljini turnirdagi eng yomon guruh bosqichini o‘tkazgan «Sevilya»ga hukm o‘qidi. Endi bu jamoa o‘zi uchun sevimli bo‘lib qolgan Yevropa Ligasida ham qatnasha olmaydi — bu turnirda boshqa jamoa g‘olib bo‘ladi.

S guruhi

Benuqson «Real»

«Napoli» — «Braga» 2:0
Gollar:
Saatchi (9, avtogol), Osimhen (33). 
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Jyezus (Estigor, 73), Rrahmani, Natan, Lobotka (Gaetano, 69), Zelinski (Kayuste, 61), Zambo-Angissa, Politano (Elmaz, 60), Kvaratsxeliya, Osimhen (Raspadori, 69).
«Braga» – Mateus, Viktor Gomes (Mendes, 81), Fonte, Saatchi, Borxa, Moutinio (Andre Orta, 81), Pitssi (Ruis, 46), Salasar (Al Musrati, 68), Bruma, Rikardu Orta (Roni Lopesh, 88), Banza.
Ogohlantirishlar: Banza (19), Mendes (83).

Portugallar Neapolda hech qanday mo‘jiza ko‘rsata olmadi. Italiya chempionlari amalda o‘yin boshidayoq intrigaga barham berdi, Politanoning qanotdan uzatmasi mehmonlar himoyachisi o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga olib keldi.  Bo‘lim davomida himoyachi Natan Osimhenni qulay vaziyatga chiqargach, «Napoli» pley-off yo‘llanmasini amalda hal qildi. Italyanlar qolgan vaqt davomida osonlik bilan hisobni saqlab qolishdi, portugallar esa faqat parallel uchrashuv natijasiga ko‘ra Yevropa Ligasi yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi.

«Union» Berlin — «Real» 2:3
Gol:
Folland (45+1), Kral (85) — Hoselu (61, 72), Seballos (89). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Modrich (45). 
«Union» – Rennov, Yuranovich (Trimmel, 82), Knoxe, Yyekkel (Bekker, 75), Leyte, Russiyon, Gozens (Laiduni, 75), Xedira (Kral, 75), Haberer, Folland (Aaronson, 82), Berens.
«Real» – Arrisabalaga, Alaba (Ryudiger, 71), Nacho, Garsiya, Modrich, Seballos (Paz, 90), Valverde (Kroos, 46), Bellinghem, Vaskes, Rodrigo (Dias, 80), Xoselu.
Ogohlantirishlar: Bellinghem (35), Xedira (35), Alaba (55), Laiduni (76).

Darvozasiga Kepa qaytgan «Real» o‘z tarixida uchinchi bor guruh bosqichini birorta ochko yo‘qotmasdan o‘tkazishni uddaladi, ammo bu safargi o‘yinda oson bo‘lgani yo‘q. Madridliklar uchun dastlabki ogohlik qo‘ng‘irog‘i debyutdayoq chalindi, jarohatdan endi tuzalib qaytgan darvozabon qahramonlik ko‘rsatib to‘pni to‘sin ostidan qaytarib yuborishga ulgurdi. Qolaversa, Karlo Anchelotti jamoasida bu mavsumda hayratlanarli muammo kuzatilmoqda. Futbolchilar penaltidan gol urishni unutib qo‘yishgan.

Bungacha Ispaniya chempionati o‘yinlarida Rodrigo va Hoselu o‘z urinishlarida xato zarba bergandi. Endi esa tajribali Modrich ham ishonchsiz harakat qildi, u to‘pni markazga yo‘llagandi va Rennov to‘pni oyoqlari bilan qaytarib yubordi. Mezbonlar darvozaboni shundan keyin kurajni ushladi va «Union»ning goliga hammualliflik qildi. Daniyalik posbonning to‘pni kuch bilan oldinga tepishi berlinliklarga raqib jarima maydoni ostonasida to‘p uchun kurashishiga imkon berdi, Alabaning xatosi esa Follandga hisobni ochishda yordam berdi. Bu gol tufayli o‘tgan hafta oxirida 28 avgustdan buyon ilk g‘alabasiga erishgan berlinliklar tanaffusga Yevropa Ligasi yo‘llanmasi egasi maqomida yo‘l oldi.

Ammo ikkinchi bo‘limda Hoselu Rodrigo va Fran Garsiyaning uzatmalaridan keyin ikki bor bosh bilan gol urib, «Union»ni bu maqomdan mahrum etdi. O‘yin oxirida Kral uzoqdan yo‘llagan zarbasi bilan muvozanatni tiklagandi, ammo Berlin «Real»ning Dani Sebalos muallifligidagi uchinchi goli tufayli hatto taskin beruvchi natijaga ham erisha olmadi.

D guruhi

Di Mariyadan mo‘jizaviy gol

«Zalsburg» — «Benfika» 1:3
Gollar:
Suchich (57) — Di Mariya (32), R.Silva (45+1), Kabral (90+2). 
Zalsburg – Shlager, Baydu, Pavlovich, Piontkovski, Dedich, Bidstrup (Shimich, 90+5), Suchich, Gurna-Duat, Glux (Kameri, 82), Dorjyeles (Koyta, 55), Ratkov (Pedro, 55).
Benfika – Trubin, Otamendi, Arauju, Morato, Di Mariya, Joau Mariu (Kabral, 90+1), Rafa Silva (Florentinu, 90+4), Kyokchi (Gedesh, 68), Nevesh, Eursnes, Tengstedt (Musa, 46).
Ogohlantirishlar: Gurna-Duat (10), Morato (45), Ratkov (51), Musa (72), Kameri (82).

«Benfika» Zalsburgdagi o‘yinda ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etilardi va bu vazifa Di Mariyaning xizmatlari evaziga birinchi bo‘limdayoq uddalandi. U tanaffus arafasida lissabonliklarning hisobdagi ustunligini oshirgan Rafa Silvaga assistentlik qilishdan oldinroq burchakdan to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozaga zarba yo‘llash orqali oqshomning eng chiroyli golini urdi. Chempionlar ligasida yigirma yildan ortiq vaqt davomida bunday gol bo‘lmagandi. Aniqroq aytganda — 2001 yildan buyon, o‘shanda ham argentinalik futbolchi Klaudio Lopes shunday tryukni bajara olgandi.

Faqat tanaffusdan keyin Suchichu rikoshet orqali hisobni qisqartirishi mehmonlarning holatini og‘irlashtirib qo‘ydi. Di Mariyaning aylanma zarbasi ustunga borishi esa futbolchilar va muxlislarni yanada asabiylashtirdi. «Burgutlar» faqat qo‘shimcha daqiqalarda Artur Kabralning tovoni bilan urgan goli evaziga dramatik tarzda Yevropa Ligasi pley-off bosqichiga yo‘llanma ololdi. «Benfika» YeChL tarixidagi eng yomon mavsumini shunday gollar va yagona g‘alaba bilan bezay oldi.

«Inter» — «Real Sosiyedad» 0:0
«Inter» – Zommer, Darmian, Acherbi, Augusto, Dimarko (Bastoni, 77), Kuadrado, Mxitaryan (Barella, 65), Chalxono‘g‘li (Aslani, 82), Frattezi, Sanches (Martines, 65), Tyuram (Arnautovich, 65).
«Real Sosiyedad» – Remiro, Traore, Le Norman, Subeldiya (Elustondo, 77), Munos (Tirni, 86), Kubo (Fernandes, 86), Merino, Subimendi, Zaxaryan (Magunaselayya, 77), Sodiq (Turriyentes, 61), Oyarsabal. 
Ogohlantirishlar: Subeldiya (21), Zaxaryan (44), Martines (75), Kubo (76), Elustondo (85).

Kun statistikasi

  • PSV 1997 yildan buyon 1-marta guruh bosqichida faqat bir bor mag‘lubiyatga uchradi. O‘shanda eyndhovenliklar jamoasiga Guus Hiddink ustozlik qilardi.
  • «Sevilya» Ispaniyaning guruh bosqichini birorta g‘alabasiz o‘tkazgan 5-jamoasi bo‘ldi. Bungacha bunday holat «Deportivo», «Atletiko», «Vilyarreal» va «Real Sosiyedad» klublari bilan ham kuzatilgandi.
  • «Real» futbolchilari YeChLda 9 yildan buyon penalti ijro etishda xatoga yo‘l qo‘yymayapti. So‘nggi xato 2014 yil oktyabrida kuzatilgan, o‘shanda «Ludogorets» bilan o‘yinda Krishtianu Ronaldu zarbada adashgandi.
  • Serxio Ramos asosiy yevrokubokda 142 o‘yin o‘tkazdi va «Real» afsonasi Raul bilan tenglashib oldi. Bu turnir tarixidagi sakkizinchi natija, rekord esa Krishtianu Ronalduga tegishli (183 o‘yin).
  • «Bavariya» darvozaboni Noyyer klub miqyosidagi 700-o‘yinini o‘tkazdi.
Ko‘proq yangiliklar: