10 ming soat qoidasi – shuncha vaqtda istalgan narsani o‘rganib olsa bo‘ladimi?

Jamiyat 18:13 / 11.12.2023 20538

Bitta sohada ishlaydigan 2 xodimdan biri yo‘nalishida kuchli professional, ikkinchisi esa o‘rta darajada bo‘lishi mumkin. Albatta, bir narsani o‘rganish va o‘zlashtirish doimiy mehnat evaziga keladi. Inson 10 ming soatini o‘rganishga sarflasa, qaysidir sohada ekspert darajasiga yetishi mumkin, degan qoida bor.

10 ming soat qoidasi

10 ming soat g‘oyasi 1990 yillarda Anders Erikssonning maqolasida ilgari surilgan. Keyinchalik Malkolm Gladvell "Outliers" kitobi orqali 10 ming soat g‘oyasini ommalashtiradi. Unga ko‘ra, har qanday sohada mutaxassis bo‘lish uchun 10 ming soat yetarli bo‘ladi.

Ya’ni, biror sohada muvaffaqiyatga erishishni istagan odam unga yetarlicha vaqt sarflasa va e’tibor qaratsa, iqtidor darajasidan qat’i nazar natijaga erishishi mumkin. Bunda aniq maqsadga yo‘naltirilgan amaliyot olib borish va inson o‘zi o‘rganayotgan narsasiga kuchli diqqat qarata olishi kerak bo‘ladi. Qoidaning muvaffaqiyati ham shunda.

10 ming soat qoidasidagi eng asosiylaridan yana biri qattiq mehnat qilishdir. Albatta, qattiq mehnat bilan harakat qilgan har qanday odam o‘rganayotgan sohasida mutaxassis bo‘la olishi ehtimoli katta. Bundan tashqari, doimiy qattiq mehnat qilgan odamda chidamlilik va o‘z-o‘zini nazorat qilish xususiyatlari ham shakllanadi.

10 ming soat qoidasini istalgan yo‘nalishda yangi narsalarni o‘rganish uchun ishlatish mumkin. O‘z ustida ishlayotgan rassom ham, biznesini rivojlantirmoqchi bo‘lgan tadbirkor ham, nechchidir yil davomida 10 ming soat jismoniy mashq qilishni maqsad qilgan yana bir boshqa odam bu qoidani ishlatib ko‘rishi mumkin. 

10 ming soat necha kun degani?

10 ming soat 416,67 kunga to‘g‘ri keladi.

Nimalarni hisobga olish kerak?

  • 10 ming soat qoidasidan istalgan odam o‘ziga moslangan tarzda foydalanishi mumkin. Bunda:
  • Oldingizga qo‘ygan maqsadingiz real va erishish imkoni bor bo‘lsin;
  • Kunlik topshiriqlarni mayda bo‘laklarga taqsimlab oling;
  • Kuchsizlanib qolmaslik uchun doimiy tanaffuslar qiling;
  • Har bir kichikroq muvaffaqiyatni ham nishonlang;
  • Sizga birga shug‘ullanishda yaxshi sherik va mentor bo‘lsa, bu ham yaxshi variant;
  • O‘zingizni mukofotlab turing.

Qoida ishlamasligi ham mumkinmi?

Lekin bu qoida bilan kerakli foydaga erishib bo‘lmaydi degan ikkinchi tomon fikri ham bor. Unga ko‘ra, shunchaki mexanik harakat qilib mashg‘ulot olib borish bilan qobiliyatni o‘stirib bo‘lmaydi. Balki, qilinayotgan xatolarni aniqlab, mutaxassis bilan shug‘ullanish ham kerak.

Shuningdek, o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, insonning bir sohada mahoratli bo‘la olishida uning yoshi faktori ham muhim. Ya’ni istalgan odam bir yo‘nalishda 10 ming soatni o‘rganishga sarflasa, u ekspert bo‘lib qola olmaydi.

Masalan, bolalik davrida til o‘rganishda murakkab va spetsifik ko‘nikmalarni ham singdirish osonroq bo‘ladi. Yoki bolaligidan shaxmat bilan shug‘ullangan sportchilar keyinroq shaxmatga kirib kelgan sportchilarga qaraganda kamroq vaqt sarflasa ham, ko‘proq muvaffaqiyatli bo‘lishi aniqlangan.

Yana insonning tug‘ma qobiliyati bor-yo‘qligi ham muhim. Qisqa qilib aytganda, bir narsada mutaxassis bo‘la olish uchun insonning uni o‘rganishga sarflaydigan vaqti muhim, lekin u birlamchi faktor emas.

Albatta, 10 ming soat qoidasini ham to‘la ishonchli deb bo‘lmasligi, ishlamaydigan holatlari ko‘p bo‘lishi mumkin. Lekin o‘rganayotgan sohasiga yetarlicha e’tibor bilan yondashib vaqt sarflagan odam kam bo‘lmasligi aniq.

Ko‘proq yangiliklar: