Guliston shahar hokimining sobiq o‘rinbosari 9 yilga qamaldi. U xitoylik investorlarni chuv tushirgan

O‘zbekiston 16:17 / 09.01.2025 12082

Guliston shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Qodir Dodoyev jinoiy javobgarlikka tortildi. Sud hukmiga ko‘ra, u juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.

Kun.uz o‘rgangan sud hujjatida keltirilishicha, Qodir Dodoyev Guliston shahar hokimining o‘rinbosari – investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelib, o‘z mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik yo‘li bilan xitoylik investorlarning pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan. Bunda u tarjimon Abduvoris Abduvaliyev va fuqaro Shokir Fayziyev bilan jinoiy til biriktirgan.

Qodir Dodoyev 2023 yil sentabr oyida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda investitsiya kiritish maqsadida Sirdaryo viloyatiga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari Jin Dongeng va Xue Jongvuning ishonchiga kirgan. “Zamhokim” jinoiy sheriklari bilan til biriktirib, investorlarga parrandachilik faoliyatini amalga oshirishi uchun e-auksion’ga qo‘yilgan, Sayxunobod tumani Nurli yo‘l mahallasidagi umumiy yer maydoni 9,2 gektar eski paxta zavodi obektning narxi 200 ming dollar ekani haqida yolg‘on ma’lumotlar bergan. Obekt va yer maydonining haqiqiy narxi esa 1 mlrd 844 mln so‘m bo‘lgan.

So‘ngra Jin Dongengga paxta zavodning ulushdoriga pul berishlari lozimligini aytib, investordan firibgarlik yo‘li bilan dastlab 15 ming dollar, 2023 yilning 2 noyabr kuni esa Qodir Dodoyevning xizmat xonasida 185 ming dollar olgan. Ushbu puldan 134 ming 450 dollari e-auksion’da yutib olingan obekt uchun to‘lov qilingan. Qolgan 65 ming 550 dollar esa firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan.

Qodir Dodoyev o‘zlarining ushbu harakatlariga qonuniy tus berish maqsadida mansabidan foydalanib, Guliston shahar hokimligining gerbli muhridan foydalangan holda tarmoq jadvali yasab bergan. Jadvalga 190 ming dollar yozuvi kiritilgan hamda hokimiyat muhri bosilib, olingan pullarni tasdiqlovchi hujjat sifatida Jin Dongengga taqdim etilgan.

Bundan tashqari, “zamhokim” 2023 yil noyabr oyi boshlarida Guliston shahar, Ulug‘obod mahallasida joylashgan 9,8 gektar yerni Jin Dongengga ko‘rsatgan. Yer maydoni investorga ma’qul bo‘lgach, uning narxi 150 ming dollar ekanini, boshidan 100 ming dollar bersa, qolgan 50 ming dollarini yerning kadastr hujjatlari tayyor bo‘lishidan so‘ng berishi mumkinligini aytgan. Jin Dongeng 2023 yil noyabr oylari o‘rtasida Xitoyga borib, pul jo‘natgan. Jo‘natilgan mablag‘ni uning o‘g‘li Jin Yinghua va jiyani Xue Jongvu Toshkent shahriga borib olib, birgalikda Qodir Dodoyevning xonasiga keltirib bergan.

Jinoiy guruh Jin Dongengga ko‘rsatilgan sanoat zonasidagi yer to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilmasligini bila turib, investorning 100 ming dollar pulini qo‘lga kiritgan. So‘ngra o‘zlarining ushbu harakatlariga qonuniy tus berish maqsadida Dodoyev eski usulini qo‘llagan: Guliston shahar hokimligining gerbli muhridan foydalangan holda mazkur sanoat zonasidagi 9,8 gektar yerning kelgusida ishlatilishi bo‘yicha tarmoq jadvali yasab bergan. Ushbu jadvalga 150 ming dollar yozuvlari kiritilgan hamda hokimlik muhri bosilib, olingan pullarni tasdiqlovchi hujjat sifatida Jin Dongengning o‘g‘li va jiyaniga taqdim etilgan.

Biroq keyinchalik mazkur sanoat zonasida parrandachilik va tekstil loyihalarini amalga oshirish mumkin emasligini bilganlaridan so‘ng jinoyatlari fosh etilmasligi hamda Jin Dongengdan olingan pul mablag‘larini qaytarmaslik maqsadida investor olishi mumkin bo‘lgan boshqa yerni qidirgan. Jarayonda Sayxunobod tumanining Baxmalsoy mahallasidagi chorvachilikka ixtisoslashgan, binolardan tashqari qo‘shimcha 23 gektar yeri bo‘lgan fermani borib ko‘rishgan. Mazkur chorva fermasini yeri bilan birga 140 ming dollarga sotib olishga kelishishgan. So‘ngra uni Jin Dongengning o‘g‘li va jiyaniga ko‘rsatib, ushbu yerni olishga qiziqtirishgan. Qodir Dodoyevning dadasi Shuhrat Mamarasulovni esa mulk egasi sifatida tanitishgan.

“Zamhokim” va tarjimon mazkur mulk narxi 250 ming dollar ekanini, 200 ming dollar bersa, oldingi 100 ming dollardan 50 mingini mazkur chorva fermasini sotib olish uchun o‘tkazishlari mumkinligini aytishgan.

Jin Dongeng 2023 yil dekabr oyi boshida Xitoydan 200 ming dollar jo‘natgan. Pulni uning o‘g‘li va jiyani olib, Qodir Dodoyevning xizmat xonasiga keltirib bergan. Hokim o‘rinbosari yana olingan pullarni tasdiqlovchi hujjat sifatida soxta tarmoq jadvali yasab bergan.

Qodir Dodoyev va sheriklari 10 gektar baliqchilik ko‘lini sotib olib berishini aytib, Jin Dongengning yana 125 ming dollar pulini olgan. Ammo ko‘l olib bermagan.

Shu tariqa jinoiy guruh xitoylik investor Jin Dongengning jami 350 ming dollardan ortiq pul mablag‘ini qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, “zamhokim” va tarjimon yana bir xitoylik investor Liu Changhiangga Sayxunobod tumanida yangi qurilgan qayta ishlab chiqarish korxonasi binosiga kadastr hujjatlarini tayyorlab berishini va’da qilib, uning 21 ming dollarini olgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudi hukmi bilan Qodir Dodoyev Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Xitoylik investorlarga tarjimonlik qilgan Abduvoris Abduvaliyev 9 yil 7 oy muddatga, Shokir Fayziyev esa 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Ma’lumot uchun, 1994 yilda tug‘ilgan Dodoyev Qodir Shuxratovich 2021 yil iyun oyida Guliston shahar hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Bungacha u Guliston shahar hokimligida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan.

Oldinroq Buxoro viloyatining Romitan tumani hokimi sobiq o‘rinbosari firibgarlikda ayblanayotgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: