Tashqi ishlar vaziri Shallenberg Avstriyaning muvaqqat kansleri etib tayinlandi

Jahon 16:15 / 09.01.2025 580

Avstriya tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg yangi hukumat koalitsiyasi tuzilmaguncha federal kansler vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlaydi. Bu haqda 8 yanvar, chorshanba kuni Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellenning idorasi ma’lum qildi.

Van der Bellen yangi hukumat tuzilayotgan bir paytda joriy vazirlar mahkamasiga rahbarlikni Avstriya Xalq partiyasi (AXP)dan 55 yoshli siyosatchiga ishonib topshirganini aytdi. Shallenberg 2019 yildan beri Avstriya tashqi ishlar vazirligini boshqarib keladi va yangi hukumat tarkibiga kirmasligini ma’lum qilgan. Shallenberg 2021 yilda bosh vazir Sebastyan Kurs iste’foga chiqqanidan keyin bir necha hafta davomida Avstriyaning muvaqqat kansleri bo‘lib ishlagan.

Karl Nexammerning iste’fosi

Avstriyada hukumat inqirozi AXP raisi lavozimida ishlagan Avstriya kansleri Karl Nexammer 4 yanvar kuni hukumat va partiya rahbari lavozimidan iste’foga chiqqanini e’lon qilganidan keyin boshlandi. U bu qarorga Avstriya sotsial-demokratik partiyasi (ASDP) bilan koalitsiya muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragani sabab ekanini aytdi.

«ASDP bilan asosiy masalalarda kelishuvga erishib bo‘lmaydi. Xalq partiyasi o‘z va’dalariga sodiq qoladi: biz ijtimoiy imtiyozlar va biznesga qarshi choralar yoki yangi soliqlar joriy etilishiga rozi bo‘lmaymiz», — dedi Nexammer. «Shuning uchun biz ASDP bilan muzokaralarni yakunlaymiz va ularni davom ettirmaymiz», — deya qo‘shimcha qildi u.

Avstriyada konservatorlar o‘ng populistlar bilan muzokaralarni boshlaydi

Avstriya Sotsial-demokratik partiyasi (ASDP) va "Yangi Avstriya va Liberal forum" (NEOS) partiyasi bilan koalitsiya muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, konservativ Avstriya Xalq partiyasi o‘ng populist Avstriya ozodlik partiyasi (AOP) bilan koalitsiya muzokaralarini boshlash taklifini qabul qildi. AXP boshqaruvi bir ovozdan AOP bilan muzokaralarni yoqlab ovoz berganidan so‘ng, partiya yetakchisi Kristian Stoker 8 yanvar kuni muzokaralarga kirishish niyatida ekanligini ma’lum qildi, deb xabar beradi APA axborot agentligi.

Shu bilan birga, Stoker AOP matbuot erkinligi, Rossiyaga nisbatan pozitsiyasi va Yevropa hamkorligi kabi muhim masalalar bo‘yicha «halol javoblar»ga muhtojligini ta’kidladi.

O‘tmishda o‘ng populistik partiyaning ashaddiy muxolifi bo‘lgan Kristian Stoker va AOP rahbari Herbert Kikl o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi yaqin kelajakda bo‘lib o‘tishi kerak — aniq belgilanmagan vaqt.

Ko‘proq yangiliklar: