COP28'da O‘zbekistonning ekologik siyosati haqida taqdimot o‘tkazildi

Jamiyat 18:36 / 08.12.2023 17662

8 dekabr kuni O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Bosh prokuratura vakillari bilan hamkorlikda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi buyicha konferensiyasi doirasida “Qonunchilik va normativ-xuquqiy bazani shakllantirishda yashil o‘sish tamoyillarini tadbiq etish” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Taqdimot doirasida adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev tomonidan O‘zbekistonning BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Hadli konvensiyasi, ushbu konvensiyaning Parij bitimi hamda boshqa xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarini amalga oshirilishi yuzasidan ma’lumot berildi.

Qonunchilik hujjatlari loyihalarini qabul qilishda ularni atrof-muhitga ta’sirini baholash, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risida normativ-xuquqiy xujjatlar hamda yashil iqtisodiyot, yashil o‘sish, Orolbo‘yi mintaqasi, ekologik ta’lim kabi yo‘nalishlarda 10 dan ortiq konsepsiya va strategiyalarning mazmun-mohiyati tadbir ishtirokchilari e’tiboriga yetkazildi.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi 4 yillikda qabul qilingan hujjatlar soni 6400 dan oshdi, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish sohasida jami 397 ta hujjat qabul qilinib, umumiy hujjatlarga nisbatan ulush 6,25 foizni tashkil etmoqda.

Xususan, O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangan bo‘lib, unda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va yashil transformatsiya jarayonlarining normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilash, iqtisodiy choralar va vositalar ishlab chiqish, xususan, issiqxona gazlari tashlamalarini qisqartirganlik uchun rag‘batlantirish, energiya samaradorligiga qo‘yiladigan majburiy talablarni ishlab chiqish va joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, milliy qonunchiligimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga berilayotgan imtiyozlar shu jumladan quyosh fotoelektrik stansiyalari sotib olish xarajatlariga kompensatsiyalar berish, kredit bo‘yicha olingan uskunalarning foiz xarajatlarini davlat budjetidan qoplash, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i solishdan ozod qilish tartiblari ochib berildi.

X.Meliyev o‘z so‘zida O‘zbekistonda bugun Konstitutsiya kuni nishonlanayotgani va yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning ekologiyaga oid bir qator huquqlari aks ettirilganini ta’kidladi.

Tadbir davomida Bosh prokuratura tomonidan ekologik huquq buzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshiralayotgan ishlar yuzasidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

Shu bilan birga, tadbirda Koreya Respublikasi, Janubiy Afrika, BAA va boshka xorijiy davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakillari bilan interaktiv suhbatlar o‘tkazildi.

Vazirlik delegatsiyasi konferensiya doirasida O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Abdulaziz Akkulov bilan hamkorlikda boshqa bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: