O‘zini armiyadagidek his qilgan talabalar va 21 ming so‘mlik tangaga qilingan bozorlik – “Talaba kundaligi”

Jamiyat 13:36 / 03.12.2023 27712

1-hikoya: Talabani tuyani ustida ham it qopadi

O‘qishga kirgan yillarimiz ko‘pincha mardikor bozoriga chiqardik. Hatto bir marta oziq-ovqat yo‘qligidan bir kunimizni suv ichib o‘tkazganmiz. Ertasiga do‘stim bilan Samarqand shahridagi mardikor bozoriga borganmiz. Chamasi 500 kishi ish uchun to‘planib turibdi. Ha, bu haqiqiy mardlar maydoni edi. Haqiqiy demokratiyani shu yerda ko‘rganman. Chunki qo‘lingdan ish keladimi o‘zing harakat qil. Hech qanday tanish-bilishga ehtiyoj yo‘q.

Oltmishlardan o‘tgan onaxon bizni tanladi. U bilan tayyor loyni g‘isht qoliplariga quyishga va donasini 800 so‘mdan kelishdik. Ishga kirishishni boshlamoqchi ham edik, boyagi ayol loyni o‘zimiz tayyorlashimiz kerakligini aytib qoldi. Uzoq tortishuvlardan keyin loyni ham o‘zimiz qoradigan bo‘ldik. Bir amallab loy qildik. Keyin g‘isht quya boshladik. Shu payt ayolning o‘g‘li kelib, ishimizni tekshirib, ayb topishni boshladi. Bunga onaxon ham qo‘shildi. Biz chidolmay, ishni tashlab ketishga qaror qildik. Lekin kutilmaganda uy egasi bizni ovqatlantirishga 100 ming sarflaganini, shuni to‘lamasak, bizga yaxshi bo‘lmasligini aytib, bosim qildi. Bo‘shlik qildik, ko‘p tortisholmadik, majbur boshqa bir do‘stimizdan iltimos qilib, ayolning plastik kartasiga 100 ming o‘tqazib berdik.

Maqol bor edi: Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi. Menimcha, kambag‘al so‘zini talaba so‘ziga ham almashtirib ishlatsa xato bo‘lmaydi.

2-hikoya: 21ming so‘mlik tangaga qilingan bozorlik

Kursdoshlar bilan yig‘ilganda, qayta-qayta eslaydigan voqeamiz bor.

O‘shanda 2014 yil, 1-kurs talabasi edik. Yotoqxonaga ota-onalar, qarindoshlar bizni yo‘qlab kelishardi. Tabiiyki, talabaning oldiga o‘zlari bilan yaxshigina oziq-ovqatlar olib kelishardi. Shunday vaqtlarda o‘zimiz kam bozorlik qilardik. Lekin bir kuni yeguliklarni tagi ko‘rinib qoldi. Biz 2 xonada turadigan 8 o‘rtoq bozorlik qilishga kelishdik. Lekin pulimiz yo‘q. Shunda mening xayolimdan “dohiyona” fikr o‘tdi: yotoqxonalardagi xonalarni aylanib, avtobusda qaytimga beriladigan tanga pullarni talabalardan iltimos qilib yig‘ib chiqish.

Shunday qildik ham. Hamma yig‘gan pulini o‘rtaga tashladi. 21 ming so‘m bo‘ldi. Tangalarni oldikda,  do‘konga bordik. Savdo qilib bo‘lib, do‘konchining yoniga 21 ming so‘mlik tangalarni qo‘ydik. Sotuvchi bizga qarab turib, talabamisizlar deb so‘radi. Ha, dedik. Va u savdo qilgan narsalarimiz uchun bizdan pul olmadi, 21 ming tangaga, boshqa do‘kondan yana narsa sotib oldik.

3-hikoya: Yotoqxonada tungi 1da o‘tgan yig‘ilishlar

Talabalar turar joyida yashaydiganlar yotoqxoning armiyacha tartibidan xabardor bo‘lsa kerak. Xuddi shunday holat bizning yotoqxonani ham chetlab o‘tmagan. Tasavvur qiling, soat tungi 01:00 va odamlar mazza qilib shirin tushlar ichida kezib, tinch uyda, hech qanday "yig‘ilish"larsiz uxlaydi. Bu – ko‘pchilik "Talabalar shaharchasi"da turuvchi 1-kurs talabalarining orzusi bo‘lsa kerak, menimcha.

Nega, deysizmi? Chunki O‘zbekistondagi ko‘p yotoqxonalarda talabalar bilan tungi yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Bizda ham ko‘p shunday bo‘ldi. Oliygohga kirishdan oldin, butunlay boshqacha tasavvurda edim. Lekin kirgach, fikrim ancha o‘zgardi. Bunga yotoqxonalarda o‘tadigan yig‘ilishlarning hissasi katta. Bizda kechqurun 2-3gacha "ma’naviy tarbiyaviy yig‘ilishlar davom etadi. Natijada ertalab 8:30dagi darsga kechikmay borishning iloji bo‘lmay qoladi. O‘zim aynan shu sabab bir necha bor darsga kechikdim va yo‘qlamadan o‘tolmay, dars qoldirganga chiqdim. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari tungi reydga chiqib, yotoqxonalarda o‘tadigan yig‘inlarga barham berishlarini so‘rardim.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

P.S: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uz’ning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: