Kanada, Daniya va Panamadagilar Trampning hududiy da’volari bo‘yicha qanday fikrda?

Jahon 16:26 / 09.01.2025 5886

Uning ayrim da’volari birinchi marta yangrayotgani yo‘q — shunga qaramay, bu safar Trampning so‘zlariga ancha keskin ohanglarda reaksiya bildirildi.

AQShning saylangan prezidenti Ukrainadagi urush mavzusida ham gapirdi va bu so‘zlar amaldagi prezident Jo Bayden hamda Yevroittifoq rahbarlari aytayotgan gaplardan tubdan farq qiladi.

Kanada: «Imkoni yo‘q»

6 yanvar kuni, inauguratsiyasiga hali ikki hafta vaqt borligida, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida, o‘zining fikricha, ko‘plab kanadaliklar ularning mamlakati Amerikaning 51-shtati bo‘lishini istashi haqida yozdi. «Qo‘shma Shtatlar endi Kanada barqaror turishi uchun kerak bo‘lgan ulkan savdo defitsitlari va subsidiyalarga toqat qilmaydi. Jastin Tryudo buni angladi va iste’foga chiqdi», — deya yozgan u.

Trampning bu posti kanadaliklar bosh vaziri o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qilishi ortidan paydo bo‘ldi.

Shundan keyin u Floridadagi matbuot anjumanida ham Kanada mavzusida gapirdi.

«Kanada va AQSh — haqiqatan ham bundan nimadir chiqardi. Siz bu sun’iy chizilgan chegaradan xalos bo‘lasiz va bu qanday ko‘rinishini kuzatasiz. Bu milliy xavfsizlik uchun ham ancha yaxshi bo‘lardi. Unutmang, biz amalda Kanadani himoya qilamiz. Lekin muammo mana shunda. U yerda do‘stlarim juda ko‘p, Kanada xalqini yaxshi ko‘raman, ular ajoyib odamlar. Lekin biz ularni himoya qilish uchun yiliga yuzlab milliardlab mablag‘ sarflaymiz. Biz Kanadaga g‘amxo‘rlik qilish uchun yiliga yuzlab milliard sarflaymiz. Savdo defitsiti tufayli biz yo‘qotyapmiz… Ular [AQSh] shtatiga aylanishi kerak».

Tramp Kanadaga qarshi harbiy kuch ishlatishga tayyormi, degan savolga shunday javob berdi: «Yo‘q, iqtisodiy kuch».

Tramp Kanadadan kiradigan mahsulotlar uchun 25 foizlik tariflar joriy qilmoqchiligi va davlat rahbari lavozimiga kirishgan ilk kunidayoq shunday farmonini imzolashini bildirgan.

8 yanvar kuni Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Kanada AQSh tarkibida aks ettirilgan ikkita xaritani e’lon qildi.

Hozircha Kanada bosh vaziri bo‘lib turgan Tryudo Kanada AQShning bir qismiga aylanishi imkoniyati «do‘zaxda qor yog‘ishi» imkoniyati bilan tengligi (originali: not a snowball's chance in hell)ni aytib, ikki mamlakat avvaldan savdo hamda o‘zaro xavfsizlikni ta’minlash sohasida eng katta hamkorlar hisoblanishini qo‘shimcha qilgan.

Kanada TIV rahbari Melani Joli X ijtimoiy tarmog‘ida Tramp «Kanadani nima kuchli davlat qilishi haqida tushunchaga ega emasligi»ni namoyish etgani haqida yozdi.

«Bizning iqtisodiyotimiz kuchli. Odamlarimiz kuchli. Biz hech qachon tahdid qarshisida chekinmaymiz», — degan u.

Tryudoning posti ostida eng keskin javobni Trampning yaqin ittifoqchisi, uning yangi ma’muriyatida hukumat samaradorligi departamenti rahbari lavozimini egallaydigan Ilon Mask qoldirgan. «Qizcha, sen endi Kanada gubernatori emassan, shuning uchun nima deyishingning ahamiyati yo‘q», — deya yozgan u. Avvalroq Tramp ham Tryudoni Kanada «gubernatori» deb atagandi, bu lavozim AQShda shtat rahbarini ifodalash uchun qo‘llanadi.

Daniya: Grenlandiya «sotilmaydi»

Trampning yana bir hududiy da’vosi — dunyodagi eng yirik orol Grenlandiya Daniya tarkibidagi avtonomiya hisoblanadi. Rojdestvo arafasida Tramp Grenlandiya ustidan egalik qilish — AQSh uchun «mutlaq zarurat»ligini aytgandi.

«Grenlandiya — bizniki. Biz sotilmaganmiz va hech qachon sotilmaymiz. Biz ozodlik uchun uzoq davom etgan kurashimizni boy bermasligimiz lozim», — deya unga javob qaytargandi Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede.

Grenlandiya avtonomiyasini o‘z tarkibiga oluvchi Daniya Trampning bayonotidan keyin orol mudofaasi xarajatlarini sezilarli darajada oshirgandi.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen 8 yanvar kuni AQSh Daniyaning avtonom hududi bo‘lgan Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatishi mumkinligiga shubha bildirdi.

«Biz shu darajagacha yetib boramiz, deb o‘ylash mening tasavvurimga sig‘maydi», — dedi u Daniyaning TV 2 telekanaliga bergan intervsida.

Daniya hukumati rahbari AQSh bilan savdo urushini xohlamasligini ta’kidladi. «Menimcha, biz bir-birimiz bilan muloqot qilishda davom etishimiz va buni to‘g‘ri bajarishimiz kerak», — dedi u.

AQShning Grenlandiyaga qiziqishi ortib borayotgani yaxshi, lekin bu orol aholisini hurmat qilish bilan amalga oshirilishi kerak, deya qo‘shimcha qilgan u.

Daniya qiroli Frederik o‘zining yangi yil tabrigida Daniya qirolligi «Grenlandiyagacha» birlashgan ekanini aytgan va shunday qo‘shimcha qilgandi: «Biz birga bo‘lishimiz taqdirga yozilgan».

Bundan tashqari, 6 yanvar kuni u qirollik gerbini Grenlandiya va Farer orollarining geraldik ramzlari — ayiq va qo‘chqorni — yirikroq va ko‘rinarli qilib o‘zgartirishga buyruq berdi.

Trampning bayonoti fonida uning o‘g‘li, kichik Donald Tramp Grenlandiyaga tashrif buyurdi. 7 yanvar kuni u otasining shaxsiy samolyotida Grenlandiya poytaxti Nuuk shahriga uchib keldi. Kichik Tramp uning safari shaxsiy xarakterda ekani va avtonomiya rasmiylari bilan uchrashmoqchi emasligini aytdi.

Ammo shu kuni uning otasi AQSh Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi istagini yana bir bor bayon qilib, bunda harbiy yo‘ldan foydalanishi mumkinligini ham istisno etmadi.

«Men faqat bir gap aytishim mumkin: bizga ular iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak, — dedi katta Tramp Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. — Men [harbiy yoki iqtisodiy harakatlar qilmaslik] majburiyatini zimmamga ololmayman. Nimadir qilishga to‘g‘ri kelib qolishi ham mumkin».

Trampning yangi tahdidlariga Daniyadan tashqaridagi siyosatchilar ham munosabat bildirmoqda. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro AQSh Grenlandiyaga bostirib kirishiga ishonmasligi, ammo Yevroittifoqdagilardan hech kim o‘zini bu taxlit qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.

«Yevropa ittifoqi o‘z suveren chegaralariga kimdir hujum qilishiga yo‘l qo‘ymasligi aniq — buni qaysi davlat qilmoqchi ekanidan qat’i nazar, — degan Barro fransuzlarning Inter radiosi efirida. — Bu mutlaqo ayon va zarracha shubha tug‘ilmasligi lozim».

«Agar savolni boshqacha qo‘yadigan bo‘lsak — aytaylik, „Biz faqat eng kuchli va moslashuvchanlar omon qolishi mumkin bo‘lgan davrga qaytdikmi?“ — u holda men shunday deyman: „Ha, qaytdik“».

Yevroittifoq tashqi diplomatiya boshqarmasi vakili Anita Hipper Bryusseldagi brifingda jurnalistning Tramp haqidagi savoliga javoban Yevroittifoq mamlakatlari suverenitetini hurmat qilish muhimligini ta’kidladi.

«Bu diplomatik qadriyatlardan biri va biz o‘z faoliyatimizda doimo tayanadigan asosiy tamoyil», — deya eslatib o‘tgan Hipper.

Bu Tramp Grenlandiyaga ega chiqish niyati haqida ilk bor gapirishi emas. Bunga qadar u 2019 yilda ham orolni sotib olish taklifi bilan chiqqandi. Grenlandiyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Kim Kilsen ham Grenlandiya «sotilmasligi»ni aytgan, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Trampning taklifini «absurd» deb atagandi. Bunga javoban AQSh prezidenti uni «razil» deb atagan va Kopenhagenga tashrifini bekor qilgandi.

Grenlandiya Shimoliy Amerikadan Yevropaga eng yaqin yo‘lda joylashgan, bu uni AQSh uchun strategik ahamiyatli qiladi. Shuningdek, bu yerda neft va boshqa foydali qazilmalarning yirik zaxiralari hamda Amerikaning «Paytufik» nomli yirik kosmik markazi joylashgan.

Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani sotib olishi bo‘yicha taklif ham yangilik emas. Bu g‘oya birinchi bo‘lim mamlakatning 17-prezidenti Endryu Jonson tomonidan 1860-yillarda bildirilgandi.

Panama: «Kanalning har bir metri Panamaga tegishli»

Trampning uchinchi hududiy da’vosi — dunyodagi eng muhim suv arteriyalaridan biri, Tinch okeanidagi Panama bo‘g‘ozini Atlantika okeanidagi Karib dengizi bilan bog‘lovchi Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatish bilan bog‘liqdir. 1999 yilga qadar uni AQSh nazorat qilgan, ammo hozirda Panama davlatiga tegishli hisoblanadi.

21 dekabr kuni Tramp Panamani kanaldan foydalanganlik uchun «bema’ni» darajada yuqori tariflar joriy etishda aybladi va uni AQSh nazoratiga qaytarish bilan tahdid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kanal Amerika iqtisodiyoti va milliy xavfsizligi uchun o‘ta muhim rol o‘ynaydi va u «noto‘g‘ri qo‘llarga tushib qolmasligi kerak». Keyinroq Tramp bunda Xitoyni nazarda tutganini bildirdi.

Bunga javoban Panama prezidenti Xose Raul Mulino «Panama kanalining har bir kvadrat metri Panamaga tegishli ekani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolajagi»ni bildirdi. U kanal bevosita ham, bilvosita ham Xitoy tomonidan nazorat qilinmasligini aytib, Panama va AQShning yangi ma’muriyati o‘rtasida yaxshi va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar bo‘lishiga umid bildirdi.

Tramp esa bu bilan to‘xtamadi: ko‘p o‘tmay u ijtimoiy tarmoqqa AQShning sun’iy intellekt orqali chizilgan bayrog‘i suratini joylab, quyidagi yozuvni ilova qildi: «Xush kelibsiz Qo‘shma Shtatlar kanaliga».

7 yanvar kuni esa Tramp go‘yoki kanal taqdirini Panama rasmiylari bilan muhokama qilayotganini aytdi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bunga javoban Panama hukumati AQShning yangi ma’muriyati bilan hech qanday aloqada emasligini bildirdi. Respublika tashqi ishlar vaziri Xaviyer Martines-Acha Vaskes kanal suvereniteti muhokama qilinmasligi va «mamlakat kurashi tarixining bir qismi» ekanini ta’kidladi.

Tramp Floridadagi matbuot anjumanida Panama haqida ham to‘xtaldi.

«Panama kanali — sharmandalik. Panama kanaliga nima bo‘ldi? [AQSh sobiq prezidenti] Jimmi Karter uni ularga 1 dollarga berdi. Dahshatli qaror. Bu mamlakatimiz tarixida qurilgan eng qimmatbaho inshoot edi… Biz uni 1 dollarga berdik, lekin bitim shundan iborat ediki, ular biz bilan adolatli munosabatda bo‘lishi kerak edi. Ular biz bilan adolatsiz munosabatda bo‘lishmoqda. Ular boshqa mamlakatlarning kemalariga qaraganda bizning kemalarimizdan ko‘proq haq oladi. Ular bizni ahmoq deb hisoblashgani uchun ustimizdan kulishyapti, lekin biz ortiq ahmoq emasmiz.

Panama kanali mamlakatimiz uchun juda muhimdir. Uni Xitoy boshqaradi. Xitoy. Biz Panama kanalini Xitoyga bermadik, balki Panamaga berdik. Va ular buni suiiste’mol qildi. Ular bu sovg‘ani suiiste’mol qildi. Darvoqe, uni sovg‘a qilish umuman yaramaydi. Mening fikrimcha, Panama kanalini berishgani uchun Jimmi Karter saylovda yutqazgan».

Tramp: Ukraina NATOga qo‘shilmasligi «toshga o‘yilgandi»

AQShning hududiy da’volaridan tashqari, Tramp Ukrainadagi urush mavzusida ham gapirgan. U Rossiyaning Ukraina NATOga qo‘shilishi borasidagi tuyg‘ularini tushunishini aytdi.

«Ko‘p yillar oldin Rossiya, Putindan ancha oldin, NATO hech qachon Ukraina ishlariga aralasholmaydi, deb aytgan edi. Ular buni aytishgan. Bu xuddi toshga o‘yib yozilgandek edi. Qaysidir pallada Bayden Kiyev blokka qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini aytdi. [NATOdan] kimdir Rossiyaning ostonasida turarkan, men ularning bu bo‘yicha his-tuyg‘ularini tushuna olaman», — dedi Tramp. Uning fikricha, agar u prezident bo‘lganida, urush ham boshlanmasdi.

U inauguratsiyadan keyin Vladimir Putin bilan uchrashish niyatida ekani va sulhga yarim yilda yoki undan ham kamroq vaqt ichida erishish mumkinligini aytdi. Urushning 24 soat ichida yakunlash to‘g‘risidagi va’dasini esa yodga olmadi.

Ukraina rasmiy shaxslari hozircha bu bayonotga munosabat bildirmadi.

Ko‘proq yangiliklar: