«Katta terror»ning qonli izi – Sandarmoxda topilgan ommaviy qabrlarga kimlar ko‘milgandi?

Jahon 09:53 / 03.12.2023 26500

Bugun «covet ittifoqi» deyilganda ko‘pchilik yovuz bir saltanatni eslaydi. Bu davlat ikkinchi jahon urushida 20 milliondan oshiq qurbon bergani yetmaganday, Stalinning 31 yil davom etgan yovuz boshqaruvi tufayli o‘zining 20 milliondan ortiq aholisini qatag‘on qilgan.

Agar tarixga nazar tashlansa, o‘sha qatag‘onlar tasodifan bo‘lmagan, yovuz tuzum unga ancha avvaldan tayyorgarlik ko‘rgandi. Stalin SSSRni qamoqxonalar mamlakatiga aylantirishni 1920-yillarning ikkinchi yarmida, mamlakatda kollektivlashtirish siyosatini o‘tkazish davrida boshlagan edi.

O‘shanda millionlab dehqonlar, hunarmandlar va boshqalar «boy-quloq» qilinib, uylaridan surgun qilingan. Qamoqxonalarga tiqilgan va o‘ldirib yuborilgan. Shundan so‘ng qatag‘onlar tinmagan va u Stalin vafotigacha davom etgan.

Stalin davridagi eng yirik qatag‘onlardan biri 1937 yil 31 iyuldan 1938 yil noyabr oyigacha o‘tkazilgan va shu davrda qariyb 2 mln odam hibsga olingan.

Ularning qariyb yarmi o‘lim jazosiga hukm qilingan. Qolganlari uzoq yillarga qamalib, GULag qamoqxona lagerlarida o‘lib ketgan. Tarixda sovetlarning bu qatag‘oni «Katta terror» deb nomlanadi.

«Katta terror» davom etar ekan juda ko‘p insonlar qamaladi. Boshqalari esa ovloq joylarga olib chiqilib, otib tashlanadi. So‘ng ommaviy qabrlarga ko‘milib, ularning usti kishi bilmas qilib tekislab yuboriladi.

Ana shunday ommaviy qabrlardan bir nechtasi 1997 yilda Rossiyadagi «Memorial» jamiyati vakillari tomonidan Kareliyadagi Sandarmox o‘rmonidan topgan edi.

Sandarmox o‘rmonidagi ommaviy qatllar o‘tkazilgan joy
lenta.ru

Sandarmox qatliomi

1930-yillar ikkinchi yarmida ham Kareliyadagi SSSR va Finlandiya o‘rtasidagi chegara to‘liq nazorat qilinmas, qalin o‘rmonlar va botqoqliklar orqali o‘tib qaytish mumkin edi.

Aynan shuni bahona qilgan sovetlar «Katta terror» vaqtida Kareliyada juda ko‘plab odamlarni josuslikda ayblab hibsga oladi. O‘shanda respublika aholisining 2,2-2,5 foiz aholisi qamaladi. SSSR bo‘ylab boshqa hududlarda qamalganlar soni o‘rtacha 0,8 foiz bo‘lgan.

Bir necha oyda Kareliyada 12 mingdan oshiq odam qamaladi va ulardan 11 ming nafari, 87 foizi o‘ldiriladi. O‘sha paytda SSSRda qamalganlarning o‘rtacha 50 foizi o‘ldirilgan. Kareliyada o‘ldirilganlar soni foiz hisobida ancha ko‘p edi.

Bundan tashqari, Kareliyada GULag tarkibigi kiruvchi bir nechta yirik qamoqxona bo‘lib, ularda SSSRning boshqa hududlaridan keltirilgan mahbuslar ham saqlanardi. Ommaviy qatllar paytida ular ham omon qolmagan.

Kareliyada qatl etilganlarning asosiy qismi Ayiq tog‘i atrofidagi o‘rmonda o‘ldirilgan va ommaviy qabrlarga ko‘mib yuborilgan. Ana shunday joydan biri Sandarmox deb ataladi.

Sandarmox xaritada. «Katta terror» paytida va undan keyin manfur tuzum mahbuslarni «gadoytopmas» joylarda ommaviy qatl qilgan

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Sandarmox «Katta terror» vaqtida hibsga olinganlar qatl etiladigan asosiy joy bo‘lgan. Bu yerda qariyb 7000 ming boshqa manbalarda esa bundan ham ko‘proq odam qatl etilgani keltirilgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Sandarmoxda 1937 yilda eng avval Oq dengizdagi Solovetsk orolida joylashgan qamoqxonada saqlanayotgan 1 111 nafar mahbus qatl etilgan.

Bundan tashqari, Sandarmoxda 1930-yillar boshida Oq dengizni Onega ko‘li bilan bog‘lash uchun qurila boshlangan kanalda ishlagan mahbuslar qatliom qilinib, ko‘milgani aniqlanadi.

Sovetlar bu kanal qurilishiga jalb qilgan mahbuslar asosan kollektivlashtirish davrida SSSRning turli hududlari, shu jumladan, O‘zbekiston quloq qilingan odamlar bo‘lgan.

Kanal qurilishi uchun «Belbaltlag» (Oq dengiz-Boltiq bo‘yidagi axloq tuzatish mehnat lageri tashkil etilgan va mahkumlar asosan o‘sha yerda saqlangan.

O‘sha yil avgustda Solovetskdagi qamoqxonaga yana 1200 kishi olib kelinadi va ular oktyabrda qatl etiladi. Qatliomlar «Katta terror» tugagancha va undan keyin ham davom ettiriladi.

Qatag‘on qilinganlar Sandarmox o‘rmonida otib tashlanar ekan, jasadlar ommaviy qabrlarga ko‘milib, hech qanday belgi qo‘yilmasdan ularning usti tekislab tashlangan.

Sandarmox o‘rmonida o‘ldirilgan shaxslarning suratlari u yerdagi daraxtlarga ilib qo‘yilgan
euromaidanpress.com

Ommaviy qabristonlarning topilishi

1953 yilda Stalin vafot etadi. Uning davrida qatag‘on qilinganlardan o‘lganlar oqlanadi. Qamoqxonalarda bo‘lganlar ozod qilinadi.

Biroq mustabid tuzum Stalin davrida insoniyatga qilingan jinoyatlarning aksariyatini yashirishda davom etadi. Ommaviy qabrlar va u yerga ko‘mib yuborilganlar haqidagi ma’lumotlar odamlardan sir tutiladi.

1985 yilda SSSR taxtiga Mixail Gorbachyov kelganidan so‘ng siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshlanadi. Arxivlar ochiladi va ommaviy qabrlarni qidirish boshlanadi.

1990 yilda «Memorial» jamiyatlari tuziladi. Qatag‘on qurbonlarining shaxsini va ular ko‘milgan joylarni aniqlash ishlari bilan asosan shu jamiyat a’zolari shug‘ullanadi. Shu jumladan, Kareliyada ham.

Kareliyada qatag‘on qurbonlarini qidirish va ular ko‘milgan joylarni aniqlash ishlariga asosan polkovnik Ivan Chuxin bosh-qosh bo‘ladi. 1997 yilda Chuxin vafot etgach rahbarlik uning yordamchisi Yuriy Dmitriyevga o‘tadi.

O‘sha paytda hali qatag‘onlarga guvoh bo‘lgan insonlar tirik, ular ommaviy qabrlar Ayiq tog‘i etaklaridagi o‘rmonlarda ekanini aytishardi. Biroq qabrlar usti tekislab yuborilgani uchun aniq manzillarni topishning iloji bo‘lmayotgandi.

Dmitriyevning qo‘liga tushgan hujjatlarning birida ommaviy qabrlar Chelyabinsk traktining janubiy-g‘arbiy tomonida, Medgora temiryo‘l bekatidan 10 kilometr uzoqlikda ekani yozilgandi. U shu yo‘nalish bo‘ylab qidiruvlarni boshlab yuboradi.

Sandarmoxga olib boruvchi yo‘l
www.tourister.ru

Boshqa tomondan Leningraddagi «Memorial» jamiyati Solovetskdagi lagerda saqlangan mahbuslarning izini qidira boshlaydi. Xalq orasida mahbuslar Oq dengizga cho‘ktirib yuborilgan degan mish-mishlar yurardi.

Bir necha yillik izlanishdan so‘ng jamiyat a’zolari mahbuslar Ayiq tog‘i qo‘rg‘onidan 16 kilometr uzoqlikdagi o‘rmonga, ko‘mib yuborilganini aniqlashadi.

1997 yilda Sandarmox deb ataladigan qadimiy manzil yaqinidan ilk ommaviy qabriston topiladi. Jasadlar tekshirib ko‘rilganda ular 50 yil avval ko‘milgani aniqlanadi. Shundan so‘ng ommaviy qabrlar topilgan joyga Sandarmox qabristoni deb nom berishadi.

Ko‘p o‘tmay Sandarmoxdagi barcha ommaviy qabrlar ochiladi. So‘ng ularning har birining oldiga ommaviy qabr haqidagi ma’lumot yozilgan beshta yodgorlik toshlari o‘rnatiladi.

Keyinroq, Sandarmoxda yodgorlik majmuasi barpo qilinadi va Kareliya hukumatining qarori bilan 5 avgust «Katta terror» davrida qatag‘on qilinganlarni yod etish kuni deb belgilanadi.

2000 yilda esa respublika hukumatining maxsus qaror bilan Sandarmox Rossiya xalqlari madaniy meros obekti ro‘yxatiga kiritiladi. Medvejyegorsk tumanida muzey tashkil qilinadi.

Sandarmoxdagi ommaviy qabrni qazish payti
www.is.fi

Sandarmoxda harbiy asirlar ham ko‘milganmi?

2016 yil yozda bir qator OAVda Sandarmoxda faqat «Katta terror» davridagi siyosiy mahbuslar emas, balki sovet-fin urushi davrida harbiy asirlar ham ko‘milgani haqida xabarlar tarqaladi.

Agar voqealar rivojiga qaralsa, «Katta terror» 1937 yil yozdan, 1938 yil oxirigacha, sovet-fin urushi esa 1939 yil 30 noyabrdan, 1940 yil 10 martgacha 100 kun davom etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sovetlar Finlandiya tarkibida bo‘lgan hududlarni bosib olar ekan, u yerda sovet hokimiyatini o‘rnata boshlaydi. Bu yo‘lda 1928-1932 yillarda SSSRda bo‘lgani kabi kolxozlar tuziladi.

Barcha unga a’zo bo‘lib kirishga majburlanib, o‘rtahollar va boylar quloq sifatida qamoqqa tashlanadi. Shuningdek, urushda fin askarlari yoki ularga yordam bergan partizanlar asirga olinadi.

Oxirida, harbiy asirlar va quloq qilinganlar Sandarmoxga olib borilib, otib tashlanadi. So‘ng ommaviy qabrlarga ko‘milib, usti tekislab tashlanadi.

Keyinchalik, natsistlar Germaniyasi bilan bo‘lgan urushda sovetlarning qo‘li baland kela boshlagach ko‘plab nemis harbiylari asir tusha boshlaydi. Petrozavod universiteti tarixchilariga ko‘ra, Sandarmoxda nemis asirlari ham qatl etilgan va ommaviy qabrlarga ko‘mib yuborilgan.

Sandarmoxda qatliom qilingan kazaklar xotiras uchun o‘rnatilgan qabrtosh
ru-travel.livejournal.com

Sovetlarga qarshi Dmitriyev

Sandarmoxdagi ommaviy qabrlarni topishda jonbozlik ko‘rsatgan Yuriy Dmitriyevning hayoti oson kechmagan. U ilk marta qamalganida hali komsomol safida edi.

Dmitriyev 1978 yilda Kareliyadagi sayyohlik bazasida yo‘riqchi bo‘lib ishlab yurganida mast holda baza o‘t yoquvchisini do‘pposlaganlikda ayblanib, 3 yilga qamaladi. U qamoqdan sovetlarga qarshi kayfiyatda qaytadi.

1980-yillar oxirida Dmitriyev 1930-1940 yillarda Kareliyada siyosiy ayblar bilan ayblanib qatag‘on qilinganlar ishlarini o‘rgana boshlaydi. U rahbari Ivan Chuxin bilan birga ommaviy ko‘mib yuborilgan mahbuslarning ism-shariflarini aniqlaydi.

1997 yilda Chuxin avtohalokat tufayli vafot etgach «Memorial» jamg‘armasining Kareliya bo‘yicha boshlig‘i sifatida ishlarni davom ettiradi.

1999 yilda Dmitriyevning «Otuv joyi – Sandarmox» nomli kitobi chop etiladi. Kitobda Kareliyadagi ommaviy qabrlarga ko‘mib yuborilgan mahbuslar haqida ko‘plab ma’lumotlar bor edi.

Sandarmoxda qatliom qilingan odamlar orasida turli millat vakillari bilan birga O‘zbekistondan surgun qilingan o‘zbek oilalari ham bo‘lgan.

Bu haqda Muazzam Ibrohimovaning feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilingan «Sandarmox fojiasi yoki yig‘layotgan daraxtlar» maqolasida qiziq ma’lumotlar berilgan.

Yuriy Dmitriyev qatliom qurbonlarining bosh suyaklarini ko‘zdan kechiromoqda. 1990-yillar oxirlari.
www.bbc.com

Stalinni ulug‘layotgan Putin va Rossiyani bosqinchilikda ayblagan Dmitriyev

Rossiya tepasiga Putin kelgandan so‘ng Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga va Stalin shaxsiyatiga e’tibor kuchaydi. Sovet davrini maqtash boshlandi. Qonxo‘r jallodni ulug‘lovchi asarlar yozildi, filmlar ishlandi.

Putinning o‘zi ham ko‘p marta Stalinni ulug‘lab fikrlar bildirgan.Oxirgisi, 2022 yil 21 sentabr kuni Novgorod shahrida Rossiya davlati tashkil etilganining 1 160 yilligida so‘zlagan nutqida u Vladimir Lenin, Iosif Stalin i Nikolay II Rossiyani buyuk davlatga aylantirganini alohida ta’kidlagandi.

Rossiyalik tarixchi Anatoliy Razumov so‘nggi yillarda mamlakatda davlat darajasida Stalinni ulug‘lash boshlangani haqida shunday deydi:

«Bu xuddi SSSRda bo‘lgan aksiltarg‘ibot olib borishning davomi hisoblanadi. Mavzuni boshqa yoqqa burish, ikkinchi jahon urushi paytidagi fashistlarning vahshiyliklari haqida to‘xtovsiz gapirish, polyaklar farishta emas, finlar yovuz odamlar edi deb takrorlash va hokazo shu tariqa odamlarni sovet zulmidan chalg‘itish bo‘lyapti».

1990-yillar boshidagi siyosatning 2000-yillar ikkinchi yarmiga kelib bunday tarzda o‘zgarishi sovet davlatini, ayniqsa Stalin davrini qoralab kelgan Dmitriyev uchun muammolar tug‘dirishi tayin edi.

2010 yildan boshlab Stalin buyrug‘i bilan qatl etilganlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ish olib borgan Dmitriyev va boshqa faollar hokimiyat vakillarining qarshiligiga duch kela boshlaydi.

2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng Dmitriyev va uning hammaslaklari bo‘lgan boshqa faolllar bu ishni qoralab chiqishadi. Shundan so‘ng ularga nisbatan turli ayblovlar ilgari suriladi.

2016 yilning dekabrida Dmitriyev bolalar pornografiyasini ishlab chiqarishda ayblanib hibsga olinadi. Sud uni oqlaydi, ammo ikki oy o‘tgach, tarixchi yana hibsga olinadi

Bu safar prokuratura pornografiya ishlab chiqarishga yana jinsiy tajovuz va o‘qotar qurol saqlash ayblovlarini qo‘shadi. Shu tariqa u 2018 yilgacha bir necha marta hibsxonadan ozod qilinadi va qayta qamoqqa olinadi.

Yuriy Dmitriyev hibsga olingandan so‘ng
7x7-journal.ru

2019 yilda Dmitriyev hali vaqtincha saqlash hibsxonasida o‘tirgan paytida Sandarmox kitobining davomini yozib chop ettiradi. Ikkinchi kitob «Sandarmox yodgorlik joyi» deb nomlangan.

2020 yilda 64 yoshli Dmitriyev jinsiy tajovuz qilishda ayblanib, 3,5 yilga qamaldi. 2021 yilda unga berilgan jazo 15 yilga uzaytirildi.

2018 yilda Dmitriyevning hammaslagi, u bilan Sandarmoxdagi ommaviy qabrlar bo‘yicha ishlagan, Medvejyegorsk o‘lka tarix muzeyi rahbari Sergey Koltirin ham hibsga olinadi. 2019 yilda sudning hukmi bilan Koltirin ham 9 yilga qamaladi.

Rossiyaning Stalinga munosabati o‘zgarar ekan, nafaqat Sandarmox qatliomlari bo‘yicha ishlab kelayotgan faollar qamaladi, balki har yili o‘tkaziladigan turli tadbirlar ham qisqartiriladi.

Masalan, 2016 yildan boshlab Kareliya rasmiylari 5 avgust kuni Sandarmoxda har yili o‘tkaziladigan Xotira kuniga kelishni to‘xtatadi.

Sandarmoxda ko‘plab musulmonlar ham qatliom qilingan
ru-travel.livejournal.com

Biroq har yili 5 avgust kuni Sandarmoxga Rossiya va boshqa sobiq ittifoq respublikalaridan, xorijiy davlatlardan ko‘plab odamlar kelib, qatliom qilinganlarni yod etmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: