“Bu sanani to‘y qilib yuborishdi” – Xalqaro nogironlar kunida nogironlik muammolari haqida

Jamiyat 13:50 / 03.12.2023 25536

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisining 16 foizini (1,3 mlrd odam) nogironligi bor shaxslar tashkil qiladi. Bu degani har 6 kishidan biri nogironligi bor shaxs hisoblanadi.

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 va undan yuqori yoshdagi jami aholining 13,5 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga, 3,5 foizi esa nogironlikning og‘ir shakliga ega.

Mamlakatda nogironlikning tarqalishi yosh bilan chambarchas bog‘liq: 60 va undan yuqori yoshdagilarning 54 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga ega.

Rasman esa bu raqam kamroq. 2022 yilda 845,3 ming kishi yoki umumiy aholining 2,3 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar deb tan olingan.

O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari tadqiqotchisi Dilmurod Yusupovning tushuntirishicha, rasmiy ma’lumotning bunchalik pastligi uning ma’muriy statistika ekani, ya’ni faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan nogironligi bor shaxslardan iboratligi bilan bog‘liq. Ro‘yxatdan o‘tish uchun kerakli hujjatlarni taqdim eta olmaganlar rasmiy statistikaga kirmagan. Yoki ota-onalar jamiyatdagi gap-so‘zlardan qochib nogironligi bor farzandlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasliklari ham ko‘p uchraydi. 

Kun.uz bu yilgi 3 dekabrda O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarga oid qanday muammolar dolzarb bo‘lib turgani haqida tadqiqotchi Dilmurod Yusupov bilan suhbatlashdi.

“Qabul qilinayotgan qarorlar amalda yetarlicha ishlamayapti”

2021 yil O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Oxirgi yillar nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor kuchaydi va fuqarolik jamiyati, ayniqsa, nogironlar jamoat birlashmalari faollashganligini ko‘ryapmiz. Ammo bu faollik ko‘proq shahar markazlarida, chekka hududlarga yetib bormayapti. Qabul qilinayotgan prezident qarorlarini quyi pog‘onalarda samarali amalga oshirish muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Bu sohada ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinyapti, lekin ularni amalda qo‘llash mexanizmlari yaxshi ishlamayotgandek.

Muammoning ikkinchi tarafi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligi sustligida va ular adolatga erishishda ko‘plab to‘siqlarga uchrab kelyapti. Afsuski, sud-huquq tizimida nogironligi borlar uchun hali yetarlicha shart-sharoitlar yaratilmagan. Nogironlik masalalari jamiyatimizda hanuz tibbiy yoki xayriya masalasi sifatida ko‘riladi. Lekin bu, birinchi navbatda, inson huquqlari muammosi. Misol uchun "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitmaslik tamoyili kiritilgan. Endi savol: O‘zbekistonda 2023 yilda nechta shunday kamsitish holatlari sudda ko‘rib chiqilgan? Bu savolga javob nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari qanday ta’minlanayotganligi haqida yaxshi bir ko‘rsatkich bo‘ladi deb hisoblayman.

Hozir nogironligi bo‘lgan shaxslarni qiynab kelayotgan muammolar bu uy-joy bilan ta’minlash, sifatli ta’lim, munosib ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya masalalari deb bilaman. Asosiy muammolar – shu sohalarda.

Nogironligi bor shaxslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yetarlichami?

2023 yil uchun tasdiqlangan davlat budjetida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun xarajatlar 12,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Kinematografiya agentligiga esa 10 barobar ko‘proq, 125,8 mlrd so‘m ajratilgan. Afsuski bu solishtirishdan ko‘rinib turibdiki, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan mablag‘lar yetarlicha emas.

Agar budjetdan yetarlicha mablag‘ tushmayotgan bo‘lsa, 2018 yil tashkil qilingan Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali qo‘shimcha mablag‘larni shakllantirish kerak, deb hisoblayman.

Bu jamg‘armaga nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun belgilangan tartibda solinadigan jarimalar va ularni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini yaratishga doir mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini bajarilmaganligi uchun belgilangan tartibda solinadigan jarimalar yo‘naltirilishi kerak edi. Afsuski, bu jamg‘arma haqida umuman hech qanday ma’lumot yo‘q. Ma’muriy islohotlardan so‘ng bu jamg‘arma qaysi davlat idorasi qoshida qolgani ham aniq emas.

Agar jamg‘arma faoliyati to‘g‘ri tashkil etilsa, unga yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori amalda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari qanchalik himoya qilinayotganligi haqida yaxshi ko‘rsatkich bo‘la oladi.

Nega mas’ul lavozimlarda nogironligi bor shaxslarni ko‘rmaymiz?

Nogironligi bor shaxslar OTMga alohida 2 foizli imtiyozli kvota doirasida qabul qilinadi. Biroq ish topishga kelganda yetarlicha muammolarga duch kelishadi.

"Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning 43 moddasida “mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan xodimlarining soni yigirma nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda xodimlar umumiy sonining kamida uch foizi miqdorida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanadi”, deb qayd etilgan. Bu talab davlat idoralariga ham tegishli.

Ammo amalda 3 foiz kvota asosida beriladigan vakansiyalar juda ham past tabaqali ishlarni tashkil qiladi. Misol uchun, tashkilotlar farrosh vakansiyalarini berishadi. Lekin OTMni bitirib chiqqan nogironligi bo‘lgan yosh 1 million so‘mlik farrosh ishini qilmaydi-ku. Afsuski, davlat idoralarida mana shunday stereotipik qarashlar ko‘p uchrayapti. Ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘lidan faqat past tabaqali ishlar keladi, boshqa ishlarga ular yaramaydi degan noto‘g‘ri tushuncha.

Misol, bir davlat banki bilan muzokara olib borganimizda “Nogironligi bo‘lgan shaxs qanday qilib mijozlarni qabul qiladi, axir u nogiron-ku”, degan qarashni ochiqchasiga aytishgan. Chet elda bunday bank mutasaddilarini nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishda ayblab, allaqachon ishdan bo‘shatib yuborishgan bo‘lar edi. Ammo bizda shaxsni jismoniy holatidan kelib chiqib uning mehnat yoki boshqa qobiliyatlari haqida xulosa chiqarish – ko‘p uchraydigan holat.

Muammo nogironlik holatida ham emas, jamiyatimizda shakllangan salbiy stereotiplar va kamsitishlarda.

Muammoning boshqa tarafi, bu davlat OTMlarida nogironligi bo‘lgan yoshlarga berilayotgan ta’lim sifati bilan bog‘liq. Ayrim holatlarda nogironligi bo‘lgan talabalardan uncha katta narsa kutishmaydi va ularga imtiyozli ravishda baholarni qo‘yib berish holatlari ham uchrayapti. Agar ulardan kutuv kam bo‘lsa, ular qanday mutaxassis bo‘lib yetishib chiqishadi? OTMlarda ularga kerakli sharoitlarni yaratib berish va nogironligi bo‘lmagan talabalar kabi bir xil talab qo‘yilishi kerak. Nogironlik holati uchun baho qo‘yib berish esa xato.

Aslida, 3 dekabr qanday nishonlanishi kerak?

3 dekabrni to‘y qilib tashlashdi. Afsuski, aksariyat mutasaddilarimiz bu kun mohiyatini tubdan tushunib yetishmadi. Bu kun bayram emas, balki nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari haqida jamiyatimizni ko‘proq xabardor qilish va ular duch kelayotgan to‘siqlarni birgalikda yengish uchun belgilangan sana. Bu ishlarni biz yilning faqat bir kuni emas, har kuni qilishimiz va hayotimizning har bir jabhasini inklyuziv qilishga harakat qilishimiz kerak.

Sovg‘a-salomlar va bir kunlik e’tibor uzoqqa cho‘zilmaydi, chunki bayram tugaydi va to‘siqlar muammoligicha qolaveradi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: