Omborxonada o‘ldirilgan ota va o‘g‘il. Qarnabdagi mudhish qotillik qanday fosh etilgandi?

Jamiyat 17:51 / 02.12.2023 77792

Tongda tarqalgan sovuq xabar

2020 yilning 8 oktyabri. Qarnab qishlog‘i aholisi uchun tong qo‘rqinchli boshlandi: qishloqda yashovchi Mashrab Saidov (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) va uning o‘g‘li o‘z uyida o‘ldirib ketilgani haqida xabar tildan tilga ko‘chardi.

Hovlisida kichik oshxona ochib, tuppa-tuzuk ishlab yurgan, birovga yomonligi tegmagan odam nega o‘g‘li bilan birga o‘ldirib ketildi? Qotillik sababi nima? Qotil kim? Qishloq odamlarini mana shu kabi savollar tinch qo‘ymasdi.

Qolaversa, Qarnab qishlog‘ining to‘rt tomoni bepoyon dashtliklardan iborat, boshqa hududdan kimdir kelib, yarim tunda bu jinoyatni sodir qilib ketishi ehtimoldan ancha yiroq edi. Qishloq ahli vahshiy qotil oralarida yurganini sezib turishar, hatto bir-birlariga shubha bilan qarashardi. Ularning bu shubhasi oxir-oqibat haqiqat bo‘lib chiqdi: qotil o‘zini hech vaqodan xabari yo‘qday tutib, ularning orasida yurgandi.

Ochiq qolgan darvoza

Qishloqdagi tez tibbiy yordam bo‘limida hamshira bo‘lib ishlovchi oila bekasi o‘sha mudhish tunda navbatchilikka tushgandi. U turmush o‘rtog‘i bilan soat 21:18 da telefon orqali suhbatlashadi.

Ertasiga ertalab soat 7:43 larda oshxona ishlarida turmush o‘rtog‘iga ko‘maklashadigan ishchi unga qo‘ng‘iroq qilib, hovli ochiq turganini, ammo hech kim yo‘qligini bildiradi. Oila bekasi o‘sha atrofga biror joyga chiqqandir, degan o‘yda navbatchilikni topshirib, uyiga boradi. Ko‘rsaki, uyda turmush o‘rtog‘i ham, o‘g‘li ham yo‘q.  

Oila bekasi ishchiga ishlarni boshlayverishini aytib, uyga kiradi. Shunda uning nigohi xonada yotgan qog‘oz qutiga tushadi. Turmush o‘rtog‘i oiladagi jamg‘arma pullarni ana shu qutida saqlardi. Ko‘ngli bir noxushlik bo‘lganini sezgan ayol omborxonaga kiradi hamda muzlatkich yonida yerda ustma-ust yotgan turmush o‘rtog‘i va o‘g‘lini ko‘radi.

Avvaliga ularni tok urgan deb o‘ylaydi. So‘ngra birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida borib o‘g‘lini ushlaydi va baqirib yuboradi: ularning tanasi sovib qolgan, turmush o‘rtog‘i ham, farzandi ham allaqachon vafot etgandi.

Qotillik

Marhumlarning yaqinlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari voqea joyiga yetib borganida Mashrab Saidov va o‘g‘lining murdasi omborxonada qonga belanib yotardi. Ularning har ikkisi boshining orqa qismiga qattiq jism bilan urilishi oqibatida vafot etgani shundoq ko‘rinib turardi.

Tezkor xodimlar ishga kirishishadi: holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlandi, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanadi. Xonadondan katta miqdorda pul va tilla taqinchoqlar yo‘qolgan edi.

 Hududdagi maktabda shtab tashkil etilib, hududdagi jinoyat qilishga moyilligi bo‘lgan shaxslar, ichkilikka berilganlar, shubhali fuqarolar so‘roq qilina boshlaydi. Ammo ha deganda kalavaning uchi topilavermaydi. Bu esa qishloq odamlari o‘rtasida turli shubha-yu gumonlarga sabab bo‘ladi. 

Bu orada odamlar orasida yurgan qotil ham bir necha marotaba shtabga so‘roqqa chaqirilgan, uning o‘zini tutishi tergov xodimlarida shubha uyg‘otib, kuzatuvga olingandi.

Qotilni oshkor qilgan xato

Qarnabda yashovchi Botir Choriyev qishloqdan gips mahsulotlari olib, Toshkentga olib borib sotar va shu orqali ro‘zg‘or tebratardi. 2020 yilning 9 oktyabr kuni ham u o‘z ishlari bilan Toshkentda yurgandi. Botirga kutilmaganda qo‘shnisi qo‘ng‘iroq qilib qoladi. Suhbat davomida qo‘shnisi hamqishloqlari Mashrab Saidov va uning o‘g‘lini kimdir o‘z uyida o‘ldirib ketganini aytadi.

Botir Choriyev bu xabarni eshitib, qaltirab ketadi, ammo u buni sezdirmasdan tez orada qishloqqa yetib borishini aytadi. U o‘sha kuni kechga Qarnabga yetib boradi. Qarasa hamma joyda organ xodimlari, barchaning tilida mudhish qotillik voqeasi. Botir ham bir necha marotaba so‘roq uchun hududdagi maktabda tashkil qilingan shtabga chaqiriladi.

15 oktyabr kuni Botir Choriyev qo‘shni Tutli qishlog‘iga boradi. U oldinroq shu qishloqda yashovchi ikki tanishidan qarzga pul olgan, biroq qo‘li kaltaligi sababli pulni o‘z vaqtida qaytara olmayotgandi. Botir qo‘shni qishloqda tanishlariga ulardan olgan 14,5 mln so‘m qarzini qaytarib, ular bilan biroz suhbatlashib o‘tiradi. Keyin esa mototsiklini minganicha ortga qaytadi. 

Ayni shu holat – kutilmaganda qarzlarini uzishi Botir Choriyevni oshkor qilib qo‘yadi. Aslida barcha izlayotgan va topilmayotgan qotil u edi...

“So‘roqqa valerianka ichib borardi”

Botir Choriyevning turmush o‘rtog‘i undagi o‘zgarishlarni sezgan, lekin o‘z eri qotil ekani hayoliga ham kirib chiqmagandi.

Aslida qotil Toshkent shahriga 2020 yil 8 oktyabr kuni soat 4:00 larda chiqib ketgan, bu paytda u o‘zi oldindan reja qilgan jinoyatni sodir qilib kelgan bo‘lgan.

“2020 yil 7 oktyabr kuni turmush o‘rtog‘im kun bo‘yi uyda bo‘ldi. Shu kuni yarim tunda hovlimizning kirish qismida yangi qurilgan xonaga joy solib berishimni, o‘zi alohida uxlashini aytdi. Turmush o‘rtog‘imga aytgan xonasiga joy solib berdim, o‘zim esa farzandlarim bilan yotib uxladim. Shu kuni kechasi turmush o‘rtog‘imni qayta ko‘rmadim.

2020 yil 8 oktyabr kuni soat tonggi 4:00 larda asosiy uyimizning oshxonasidagi shovqinni eshitib, uyg‘onib ketdim. Qarasam turmush o‘rtog‘im ko‘chaga chiqqanida kiyadigan kiyimlarini kiyayotgan ekan. Qayerga ketayotganini so‘raganimda ish bo‘yicha Toshkent shahriga borishi kerakligini, tanishlari sms yozib chaqirganini aytdi va chiqib ketdi.

Keyin yotib uxladim va ertalab farzandlarimni maktabga jo‘natib, akamning uyiga bordim. O‘sha yerda dugonam bilan telefonda gaplashdim. Shunda dugonam qishlog‘imizda yashovchi bir fuqaro o‘g‘li bilan birgalikda o‘ldirib ketilganini aytib qoldi. Bu xabardan hayron bo‘ldim.

2020 yil 9 oktyabr kuni soat 19:00 larda turmush o‘rtog‘im uyga kirib keldi. Uyga IIB xodimlari kelib, uni so‘rab ketishganini aytdim. U ushbu gapimga qisqacha qilib, «hammadan surishtirishyapti shekilli», deb qo‘yaqoldi.

2020 yil 10 oktyabr kuni ham IIB xodimlari turmush o‘rtog‘imni chaqirtirib, savol-javob qilishdi. Har safar qishloqdagi maktabda tashkil etilgan shtabga chaqirtirilganida turmush o‘rtog‘im negadir juda qo‘rqib qolib, sarosimaga tushar va “valerianka” dorisini ichib olardi. O‘sha kunlarda kechqurunlari uyqusida bir necha bor “qo‘rqyapman”, deya baqirib uyg‘ondi”, deya ko‘rsatma bergan sudda guvoh sifatida so‘ralgan ayol.

Qotillik qanday sodir bo‘ldi?

Mashrab Saidovni pul uchun hamqishlog‘i Botir Choriyev o‘ldirgandi. U mazkur jinoyatni oldindan reja qilgan.

Qotil jinoyatga qo‘l urishdan ikki oy oldin Mashrab Saidovdan 2 mln so‘m qarz so‘rab borgan. Mashrab Saidov xo‘p deya pul olgani uyiga kirgan. Botir Choriyev esa uning ortidan kirib, oila pullari qayerda saqlanishini ko‘rib qolgan.

U o‘sha kundanoq ushbu pullarni qo‘lga kiritish rejasini tuza boshlaydi. Atrofdagi tanishlaridan qarzi ko‘pligi, topish-tutishi o‘xshamayotgani uni bu jinoyatni qilishga tobora ko‘proq undardi.

U jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida 2020 yil 7 oktyabrdan 8 oktyabrga o‘tar kechasi tunggi soat 2:00 larda temir bolg‘a bilan qurollanib, Mashrab Saidovning uyi tomonga yo‘l oladi. Manzilga yetib borganida Mashrab hovlisida biroz mast holatda o‘tirganini ko‘radi. Hamqishloqlar biroz suhbatlashib o‘tirishadi. Shu orada uy egasi spirtli ichimlik olish uchun hovlidagi omborxonaga kiradi, Botir Choriyev esa uning ortidan ergashadi.

Mashrab omborxonaga kirib, spirtli ichimlik olish uchun egilganida Botir yonidagi temir bolg‘a bilan uning boshiga zarba beradi. Mashrab birinchi zarbadanoq yerga yiqiladi. Qotil qo‘lidagi “quroli” bilan yana 6 marta zarba berib, uni qasddan o‘ldiradi.

“Ishni bitirib” bo‘lgan Botir asta omborxonadan chiqadi. Hovlida bo‘layotgan shovqindan Mashrabning uyda uxlab yotgan o‘g‘li uyg‘onib ketgan va tashqariga chiqqandi. Shoshib qolgan qotil unga otasi yiqilib tushganini, yordam ko‘rsatish kerakligini aytadi. O‘g‘il yugurib omborxonaga kiradi va yerda yiqilib yotgan dadasini ko‘rib, unga yordam ko‘rsatish maqsadida egiladi. Shu paytda Botir uning ham bosh qismiga o‘sha bolg‘a bilan 6 marta zarba berib, qasddan o‘ldiradi.

So‘ngra uyda boshqa hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilib, xonadondan 1,6 mln so‘mlik qo‘l telefoni, 48 mln so‘m naqd pul, 1400 AQSh dollari, bir qancha tilla taqinchoqlar – jami 72,7 mln so‘mlik moddiy qimmatliklarni olganicha o‘z uyiga ketadi. Yo‘l-yo‘lakay jinoyat quroli bo‘lgan bolg‘ani uylardan birining tomiga uloqtirib yuboradi.

Mudhish jinoyat evaziga qo‘lga kiritgan boyligini o‘z xonadonining turli burchaklariga yashirib qo‘ygan qotil ertasi kuni tongda Toshkentga borish bahonasida uyidan chiqib ketadi.

Jinoyat jazosiz qolmadi

O‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan qotilga sud 22 yil muddatga  ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Sud materiallari asosida Ruslan Saburov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: