Panama va Daniya AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning Panama kanali va Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish tashabbusini yana rad etdi. Panamaning Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘lovchi kanal ustidan suvereniteti «muhokama qilinmaydi va bizning sa’y-harakatlarimiz tarixining bir qismidir», dedi 7 yanvar, seshanba kuni Panama tashqi ishlar vaziri Xaver Martines-Acha.
U, shuningdek, mamlakatning bu boradagi pozitsiyasi avvalroq prezident Xose Raul Mulino tomonidan aniq bildirilganini ta’kidladi.
Frederiksen AQShning Grenlandiyani egallab olishi ehtimolini rad etdi
O‘z navbatida, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQShning Daniya tarkibidagi hudud bo‘lgan va keng avtonomiya huquqlariga ega Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun harbiy yoki iqtisodiy choralarni qo‘llash ehtimoliga shubha bildirdi. «Grenlandiya grenlandlarga tegishli», dedi u TV 2 telekanaliga bergan intervyusida va «bu hudud sotilmaydi», deb qo‘shimcha qildi.
Frederiksen Amerika Qo‘shma Shtatlari Grenlandiyani kuch ishlatib egallab olishi ssenariysini tasavvur qila olmasligini aytdi. U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Daniyaning «eng muhim va eng yaqin ittifoqchisi» ekanligini ta’kidlab, qirollik fuqarolarini xotirjam bo‘lishga chaqirdi.
Donald Trampning o‘g‘li Grenlandiyaga uchib keldi
Kichik Donald Tramp Daniyaga qarashli Grenlandiyaning Nuuk shahriga yetib keldi – bu AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp hududni nazorat qilish istagini yana bir bor ta’kidlaganidan ikki hafta o‘tib ro‘y berdi. 7 yanvar kuni yon tomonida «Tramp» yozuvi bo‘lgan Boeing 757 samolyoti aeroportga qo‘ndi.
Tramp safar haqida 6 yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. «Mening o‘g‘lim kichik Don va AQShning turli vakillari u yerga eng ajoyib va diqqatga sazovor joylarni ko‘rish uchun boradilar», deb yozdi u.
Daniya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, bu ma’lumotni e’tiborga olganini ma’lum qildi. «Bu Amerikaning rasmiy tashrifi bo‘lmagani uchun Daniya Tashqi ishlar vazirligi boshqa izoh bera olmaydi», — deya ta’kidlagan idora.