«Liverpul» hujumchisi Gvardiolaga tashlandi, «Barsa»da yo‘qotish. Kun o‘yinlari

Sport 13:08 / 26.11.2023 40248

Gvardiola va Klopp o‘rtasidagi navbatdagi shaxmat partiyasida g‘olib aniqlanmadi

«Manchester Siti» – «Liverpul» 1:1
Gollar:
1:0 – 27 Holand, 1:1 – 80 Aleksander-Arnold.
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ake, Ruben Diash, Akanji, Bernardu Silva, Rodri, Foden, Doku, Holand, Alvares.
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk, Tsimikas, Soboslai (Gakpo, 73), Mak Allister (Endo, 85), Jons (Gravenberh, 54), Saloh, Diogu Jota (Dias, 54), Nunes (Elliott, 85).
Ogohlantirishlar: Nunes (75), Matip (86), Bernardu Silva (89), Endo (90).

Kunning asosiy bahsiga «Siti» yana turnir jadvalining eng yuqorisida, «Liverpul» esa chempionlik poygasida qatnashish niyatida yetib keldi. O‘tgan turda mersisaydliklar «Brentford»ni yirik hisobda taslim etgan (3:0), Gvardiola jamoasi esa «Chelsi» bilan o‘yinda hisobda quvlashmachoq namoyish etgandi (4:4). Jamoalarning o‘zaro o‘yini esa gollarga boy bo‘lmadi.

«Siti» qaysidir ma’noda o‘yin uchun zayavkasi bilan ham hayron qoldirdi. Gap maydonga kimlar chiqqanida emas, zaxirada qolganlar haqida. Zaxira o‘rindig‘idan atigi sakkiz futbolchi joy olgandi va ularning ikki nafari – darvozabonlar. O‘yin davomida hujumni kuchaytirish uchun variantlar yo‘q edi. Yakunda futbolchi almashtirishlar bo‘yicha hisob 0:5 ko‘rinishini oldi.

Maydonlar ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga oldi va «Liverpul» o‘z darvozasi atrofida himoyalanishiga to‘g‘ri keldi. Doku to‘p bilan jarima maydoniga hujum qilganida, unga qarshi nafaqat Trentning o‘zi o‘ynadi, yonida Saloh ham yordam berdi. Misrlik hujumchi ofsayd chizig‘ida harakatlanib, uzoqqa yetkazib beriladigan to‘plarga yugurish o‘rniga o‘z jamoasi jarima maydoniga tez-tez qaytishiga to‘g‘ri keldi.

«Liverpul»da birdaniga bir necha futbolchi yaxshi holatda emasligi ko‘rinib qoldi. Bu gap birinchi navbatda Jonsga taalluqli, u har ikkinchi safar to‘pni yo‘qotaverdi. Nunes ham bir necha vaziyatlardan foydalana olmadi, yana bir necha vaziyatda ofsaydga tushib qoldi. Alison esa juda asabiy ko‘rinardi – 11-daqiqada u to‘pni Fodenning oyog‘iga tashlab berdi, ammo angliyalik hujumchi yaxshi zarba bera olmadi, biroz vaqt o‘tib Kertis Jonsning noqulay pasidan keyin qaltis harakat qilib, Holandning bosimi ostida to‘pni bazo‘r autga tepib yuborishga ulgurdi. 27-daqiqada esa to‘pni oldinga tashlangan Salohga yetkazib berishga urindi, ammo toyib ketib xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu uzatmaga Ake ega chiqdi va dribling bilan Soboslai va Trentni ortda qoldirib, Holandni yakkama-yakka vaziyatga chiqardi, hujumchi esa bir necha qadam tashladi va to‘pni darvozabonning yonidan o‘tkazib darvoza to‘riga joyladi. 

Norvegiyalikning goli rekordga aylandi. U APLdagi gollari sonini 50 taga yetkazdi. Buning uchun unga 48 o‘yin yetarli bo‘ldi. Bungacha hech kim bu nuqtaga bu qadar tez yeta olmagandi:

48 – Erling Xoland;
65 – Endi Koul;
66 – Alan Shirer;
68 – Rud van Nistelroy;
72 – Fernando Torres;
72 – Muhammad Saloh.

Qolaversa, Holand bungacha «Liverpul»ga APLda gol urmagandi. Bu Premer-ligada Erling darvozasiga gol urgan 20-jamoa bo‘ldi. U gol ura olmagan yagona jamoa – «Brentford» bo‘lib qolmoqda.

Ikkinchi bo‘limda o‘yin tenglashdi: ko‘p jihatdan Jons va Jota almashtirilgani hisobiga. 54-daqiqada Luis Dias va Gravenberh maydonga tushdi, «Liverpul»ning qarshi hujumlari xavfliroq tus ola boshladi, raqib hujumlari ham kamaydi.

68-daqiqada ham «Liverpul» darvozasi ishg‘ol etildi — Alvares burchakdan to‘p uzatdi, Alisson to‘pga otildi, ammo Akanji uni turtdi va to‘p uning qo‘lidan chiqib ketdi, Ruben Diash to‘pni bo‘sh darvozaga kiritdi, ammo hakam darvozabonga fol qayd etib, golni inobatga olmadi.

79-daqiqada Holandda yana bir yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini Alisson qaytardi, darvozabon boshlab bergan javob hujumida esa «Liverpul» hisobni tenglashtirdi — Saloh Trentni qulay vaziyatga chiqardi va Ederson qutqara olmadi. 

Qolgan vaqt davomida «Siti» to‘pni u qanotdan bu qanotga olib o‘tib, raqib mudofaasining zaif nuqtasini qidirdi va imkon qadar bosim uyushtirdi, 90+5-daqiqada Bernardu Silvada, 90+8-daqiqada Holandda vaziyatlar bo‘ldi, ammo mezbonlar ikkinchi golni urishga muvaffaq bo‘lishmadi. «Liverpul» o‘yin borasida barcha muhim ko‘rsatkichlar — hujumlar va zarbalar soni, to‘pga egalik qilish bo‘yicha ortda edi, ammo durang hisobni saqlab qoldi. Bu esa jamoalarning umumiy raqibi — «Arsenal» istagan natija bo‘ldi. Endi turnir jadvalidagi dastlabki besh jamoani bir-biridan bittadan ochko ajratib turibdi.

O‘yin yakunlanganida esa Gvardiola Kloppga qo‘l berish uchun keldi, uning ortidan esa Darvin Nunes bilan munozara yuzaga keldi — urugvaylik hujumchi raqib jamoa bosh murabbiyiga e’tirozlarini tajovuzkorlik bilan namoyish etdi. Klopp futbolchisini quchoqlab, nari olib ketishga urindi, murabbiylar shtabining boshqa vakillari ham uni tinchlantirishga harakat qildi. Uni olib ketishganidan keyin esa Klopp Pep bilan suhbatini davom ettirdi, ularning ikkisi ham jilmaygan holda gaplashishdi.

Gvardiolaning qaysi harakati futbolchiga yoqmagani esa noma’lumligicha qoldi. U o‘yindan keyin shunday hazillashdi: «U yerda nima bo‘ldimi? Arzimas gap. U shunchaki mendan kuchliroq edi».

«Nyukasl» «Chelsi»ga 4 ta gol urdi, «Arsenal» birinchi o‘rinda

«Nyukasl» — Chelsi 4:1
Gollar:
Isak (13), Lassels (60), Joelinton (61), Gordon (84) — Sterling (23). 
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels (Dammett, 86), Livramento, Gimaraes, Mayli, Almiron (Merfi, 87), Joelinton, Gordon, Isak (Ritchi, 81).
«Chelsi» – Sanches, Jyeyms, Silva, Badiashil, Kukurelya, Gallaher (Mudrik, 69), Fernandes, Palmer (Koluill, 75), Ugochukvu (Kaysedo, 69), Sterling, Jyekson (Broya, 69).
Ogohlantirishlar: Trippiyer (22), Ugochukvu (41), Joelinton (45), Lassels (46), Jyeyms (55), Sterling (59), Kukurelya (77), Koluill (81).
Chetlatish: Jyeyms (73). 

Bugungi me’yorlarga ko‘ra ancha yuqori darajada qaraladigan ushbu o‘yin «Manchester Siti» va «Liverpul» qarama-qarshiligi fonida kutilganidek ikkinchi planga o‘tib qoldi. Shunga qaramay, «Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yin «Etihad»dagidan ko‘ra tomoshaboproq bo‘ldi. Birinchi golni esa bir oy futbol o‘ynamagan Isak urdi — tiki-taka uslubidagi hujumda 17 yoshli Mayli himoyachilar orasidan golli uzatma berdi. Golda ushbu yigitchaning sovuqqonligi va mahoratidan tashqari gol muallifini qo‘riqlashi kerak bo‘lgan Kukurelyaning tushunarsiz harakatlanishi ham rol o‘ynadi.

Eddi Hau jamoasi ancha qiziqarliroq ko‘rindi, ammo birinchi bo‘limda jamoaga hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi. Joelinton burchakdan to‘p uzatilganida darvozabon maydonida turganiga qaramay raqibni kechirdi, Trippiyerning jarima zarbasi esa to‘singa bordi. Sterling esa ko‘pchilikni hayron qoldirib jarima zarbasini golga aylantirdi. U jarima zarbasini o‘zi ishladi va to‘pni «jonli devor» ustidan oshirib, to‘sin ostidan darvoza to‘riga joyladi. Umuman olganda, u «Chelsi»ning birinchi bo‘lib gol o‘tkazilganda albatta javob qaytarishi bo‘yicha an’anasini davom ettirdi.

«Tottenhem»ga qarshi o‘yinda bu g‘alabaga olib borgandi (4:1). «Siti» bilan o‘yinda aql bovar qilmas 4:4 hisobi qayd etildi. Ammo bu safar o‘xshamadi, holbuki ko‘klar tanaffusdan keyin tashabbusni qo‘lga ola boshlagandek ko‘ringandi. Mezbonlar esa o‘z vaziyatlaridan foydalandi, Gordon jarima maydoni ichida qo‘riqlanmagan Laskellesni to‘p bilan ta’minladi. Ko‘p o‘tmay Tiagu Silvaning o‘ta qo‘pol xatosidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Joelinton uchinchi golni urdi. Jyeyms ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etganidan keyin esa o‘yin masalasi hal bo‘ldi. Jarohatlar tufayli kuchsizlangan «Nyukasl» ajoyib g‘alabaga erishdi. «Chelsi» Maurisio Pochettino boshqaruvidagi eng yirik mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

«Brentford» — «Arsenal» 0:1
Gol:
Haverts (88).
«Brentford» – Flekken, Mi, Ayyer, Pinnok, Yanelt, Nergor, Oneka (Lyuis-Potter, 90), Yarmolyuk (Baptist, 72), Goddos (Zanka, 90), Vissa (Mope, 72), Mbemo.
«Arsenal» – Remsdeyl, Tomiyasu, Gabriel, Saliba, Zinchenko, Edegor (Jorjinio, 90+3), Rays, Trossar, Martinelli (Haverts, 79), Saka (Uayt, 90+3), Jyezus (Nketia, 66).
Ogohlantirishlar: Ayyer (45), Martinelli (56).

«Arsenal» «Siti» va «Liverpul» duranggi ko‘rinishidagi ajoyib sovg‘adan foydalandi. G‘alaba qozonish turnirning yakkapeshqadamiga aylanish uchun yetarli edi. Ammo «Brentford»ga qarshi safar o‘yini oson kechmadi. Birinchi bo‘limda «kanonirlar»ni Rays qutqardi, Ramsdeyl qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni raqibga topshirganida, u to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatdi. Mehmonlarning bo‘lim oxiridagi goli esa Trossarda mikroskopik ofsayd qayd etilgani tufayli bekor qilindi.

Ikkinchi bo‘limda esa Zinchenko bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytarib qoldi. Londonliklarning o‘zi esa ikkinchi bo‘limda vaziyatlar yaratishda oqsadi, faqat o‘yin oxirlariga borib kuchaytirilgan bosim o‘z natijasini berdi. «Arsenal» o‘z odatiga ko‘ra to‘pni jarima maydoniga olib bordi va shu oddiy taktika muvaffaqiyat keltirdi, Sakaning uzatmasidan keyin Havers murabbiy ishonchini oqlab, «kanonirlar»ni baribir birinchi o‘ringa olib chiqdi. Bu g‘alaba Mikel Artetaning yubileyi uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi, u London jamoasida 200 o‘yin o‘tkazib, klubning ikki afsonasining natijasini yaxshiladi.

Arsen Venger shuncha o‘yinda 111 bor g‘alabaga erishgandi. Jorj Grem — 106. Ispaniyalik mutaxassisda esa 116 g‘alaba. Va qayd etish kerakki, bu statistikaga erishishda Artetaga o‘yinni aql bilan boshqarishni yaxshilash yordam berdi, Haversning goli — zaxiradan tushgan futbolchilar tomonidan urilgan 10-gol bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha hozirda «Arsenal»ga teng keladigan yo‘q.

Ispaniya: «Barsa»da yana yo‘qotish, Grizmann — 1:0 qiroli

«Rayo Valekano» — «Barselona» 1:1
Gollar:
Lopes (39) — Lejyen (82, avtogol).
«Rayo Valekano» – Dimitriyevski, Baliu, Lejyen, Mumin (Siss, 75), Espino, Palason, Unai Lopes (Ratsiu, 78), Oskar Valentin, Trexo (Kike Peres, 68), Kamelo (Falkao, 75), De Frutos (Bebe, 68).
«Barselona» – Penya, Kanselu, Martines, Kristensen, Balde, Romeu (Gundo‘g‘an, 55), de Yong, Pedri (Lopes, 75), Torres (Felish, 55), Yamal (Rafinya, 75), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Pedri (31), Romeu (51), Espino (64), Lopes (70), Falkao (90), Felish (90+3), de Yong (90+4).

Kadrlar muammosi — «Barselona»ning bu mavsumidagi holatini ifodalovchi atama. Anchadan buyon o‘ynamagan Pedri va Frenki de Yongning qaytishiga ter Shtegen va Gavi safdan chiqdi. Shanba kuni esa Xavi uchun eng noqulay raqibga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri keldi, u la ligada bu jamoaga qarshi g‘alaba qozona olmagan. U «Real»ni ham, «Atletiko»ni ham yenga olgan, «Rayo» esa to‘rtinchi o‘yinda ham yutqazmadi (=2-2).

Qolaversa, birinchi bo‘limni o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan ko‘k-anorranglilar mag‘lub bo‘lishi ham mumkin edi. Jamoa baxtiga tanaffus arafasida Balde ikkinchi goldan qutqarib, darvozabon hududidan turib zarba yo‘llanishiga yo‘l qo‘ymadi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘z uzatmasi bilan Lejyenning avtogoliga sababchi bo‘ldi va «Barsa»ning xaloskoriga aylandi. Kataloniyaliklar faxrlanishi mumkin bo‘lgan nimadir ham bor: bu mavsumda top-5 ligalarda hech bir jamoa oxirgi o‘n besh daqiqalikda urilgan gollar evaziga bu qadar ko‘p ochko (15) to‘plamagan.

«Atletiko» — «Mallorka» 1:0
Gol:
Grizmann (64).
«Atletiko» – Oblak, Aspilikueta (Ximenes, 82), Ermoso, Vitsel, Liorente, Koke (De Paul, 63), Barrios, Korrea (Rikelme, 63), Grizmann, Morata (Depay, 82), Lino (Saul, 71).
«Mallorka» – Raykovich, Gonsales, Nastasich, Valent, Kopete (Maffeo, 82), Toni Lato (Liyabres, 82), Sanches (Maskarel, 62), Dani Rodriges (Ndiayye, 74), Darder, Samu Koshta, Prats (Larin, 62).

Kokening «Atletiko» safidagi yubiley 600-o‘yinida Diyego Simeone omadsizlikka qarshi kruash olib borishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘limda «matraschilar» to‘qqiz bor zarba berdi va ularning barchasi xato ketdi, Morata o‘ta qulay vaziyatda to‘pni darvoza to‘sinidan yuqoridan yo‘lladi. Tanaffusdan keyin u to‘pni yerga cho‘pchitib zarba bera olganida esa Raykovich qutqardi. Morataning bir necha metrdan yo‘llagan zarbasi ham muvaffaqiyat keltirmadi. Natijada Grizmanning navbatdagi qahramonligini kutishga to‘g‘ri keldi — u Simeone uchun ideal futbolchi. Fransuz shanba kuni madridliklarning la ligada 1:0 hisobida yakunlangan 21-o‘yinida g‘alaba golini urib, afsonaviy Ugo Sanchesni ortda qoldirdi.

Italiya: 15 yoshli debyutant

«Atalanta» — «Napoli» 1:2
Gollar:
Lukman (53) — Kvaratsxeliya (44), Elmaz (79).
«Atalanta» – Karnezekki, Dzappakosta (Hatebur, 33), Jimshiti, Kolashinats (Bonfanti, 76), Skalvini, Bakker (Rujyeri, 46), Pashalich, Kopmeyners, Ederson, de Ketelare (Muriel, 83), Lukman (Skamakka, 83).
«Napoli» – Gollini, Di Lorenso, Rrahmani, Natan (Estigor, 78), Olivera (Jyezus, 39), Lobotka, Zelinski (Kayuste, 78), Zambo-Angissa, Politano (Elmaz, 63), Kvaratsxeliya, Raspadori (Osimhen, 64).
Ogohlantirishlar: Natan (21), Jimshiti (27), Di Lorenso (60), Kolashinats (64).

Kvaratsxeliya Valter Matssarining «Napoli»ga qaytishi g‘alabali bo‘lishi uchun barcha ishni qildi. Birinchi bo‘lim oxirida boshi bilan darvozani ishg‘ol etgan Xvichada fantastik statistika: u A seriyada o‘tgan mavsum boshidan buyon kamida 18 gol va 18 golli uzatma muallifi bo‘lgan yagona futbolchi. Top-5 ligalarda undan yuqoriroq ko‘rsatkichni faqat Messi, Saka, Grizmann, Vinisius Junior va Saloh qayd etishgan.

Ammo tanaffus arafasida «Napoli» keskin faollashgan bo‘lsa, tanaffusdan keyin «Atalanta» darhol tashabbusni qo‘lga oldi va Lukman Hateburning uzatmasidan keyin hisobni tenglashtirdi. Keyinroq Pashalichning goli inobatga olinmadi, unga assistentlik qilgan Kopmayners ofsaydda qolgani ma’lum bo‘ldi. «Napoli» mezbonlarning hujumlarini mardonavorlik bilan qaytardi va o‘yin oxiriga borib pressing orqali bergamoliklarni xato qilishga majburladi. Oktyabr oyidan buyon jarohatini davolayotgan Osimhenning podkatidan keyin to‘p o‘yin taqdirini hal qilgan Elmasga borib tushdi.

Bu g‘alaba evaziga janubliklar to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qoldi va «Atalanta» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga yetkazib oldi. Matssari esa A seriya jamoalaridagi debyutlarida mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda, u 7 marta jamoada yangi ish boshlab, 5 o‘yinda g‘alaba qozonib, ikkitasida durang o‘ynagan.

«Milan» — «Fiorentina» 1:0
Gol:
Ernandes (45+2, penalti).
«Milan» – Menyan, Kalabriya (Florensi, 90), Tomori, Tiav, Ernandes, Pobega, Reynders, Musa (Krunich, 84), Pulishich (Loftus-Chik, 61), Chukvueze, Yovich (Kamarda, 83).
«Fiorentina» – Terrachchano, Parizi, Martines Kuarta, Milenkovich, Biragi, Bonaventura (Kuame, 88), Dankan (Mandragora, 81), Artur (Lopes, 46), Gonsales, Sottil (Ikone, 81), Beltran (Nzola, 70).
Ogohlantirishlar: Artur (12), Parizi (45), Tomori (56).

Bungacha to‘rt turni g‘alabasiz o‘tkazgan «Milan» xuddi «Napoli» kabi raqobatchilarning ochko yo‘qotishlari tufayli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qolmoqda. «San-Siro»da qatorasiga ikki o‘yinda gol urmasdan yutqazgan rossonerilar nihoyat Ernandesning faolligi evaziga gol urishdi, u penalti ishlab, uni o‘zi aniq bajardi. Fransuz beshinchi mavsumdirki kamida ikkita gol urmoqda va top-5 ligalarda bunday natijani undan oldinroq faqat bir himoyachi — «PSJ» laterali Hakimi uddalagan.

Ammo bu o‘yindagi asosiy figura Teo ham, bir necha ajoyib seyvlar amalga oshirgan va so‘nggi daqiqalarda zarbani yuzi bilan to‘sgan Menyan ham emas, balki yosh Franchesko Kamarda bo‘ldi. 15 yoshu 260 kunligida ushbu vunderkind A seriya o‘yinida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylandi. O‘z tengdoshlari orasida kosmik sermahsullik qayd etgan (89 o‘yinda 485 gol) ushbu yigitcha yozda U-19 jamoasiga o‘tkazilgandi va allaqachon UYeFA yoshlar ligasida uch gol urishga ulgurdi. Asosiy jamoadagi kadrlar muammosi esa uning tarixiy premerasiga sabab bo‘ldi. 

Germaniya: Dortmundning ajoyib kambeki

«Verder» — «Bayyer» 0:3
Gollar:
Deman (9, avtogol), Frimpong (43), Grimaldo (76). 
«Verder» – Tsetterer, Vayzer, Yung (Shtark, 83), Velkovich, Fridl, Deman (Agu, 56), Bitenkur (Njinma, 72), Stage, Shmid (Linen, 83), Duksh, Borre (Voltemade, 72).
«Bayyer» – Gradetski, Frimpong (Tella, 81), Kossunu, Inkapie, Andrix, Grimaldo, Jaka (Puerta, 89), Hofmann (Amiri, 89), Palasios, Virts (Glojyek, 81), Bonifase (Adli, 71).

«Bayyer» «Bavariya»ning juma kuni Kyolndagi g‘alabasiga munosib javob qaytardi va birinchi o‘ringa qaytdi. Bremendagi birinchi bo‘limda burchak zarbalari leverkuzenliklarga qulay hisobni ta’minladi, lekin bunda gollar birinchi uzatmadan keyin emas, hujumning ikkinchi tempida urildi. Ikkinchi bo‘limda Grimaldoning o‘tkir burchakdan yo‘llagan aniq zarbasi esa «Verder»ni uzil-kesil taslim etdi. Nihoyat Ispaniya milliy jamoasiga chaqiruv olgan ushbu himoyachi bu mavsum qatorasiga oltita safar o‘yinida golli harakatlar amalga oshirish bilan (6+1) unikal seriya qayd etmoqda.

Bu «aspirinchilar»ning shanba kungi yagona rekordi bo‘lib qolmadi. Birinchidan, Xabi Alonso — bundesligada «Bayyer» bilan qatorasiga sakkiz g‘alabaga erishgan ilk murabbiyga aylandi. Ikkinchidan, turnir tarixida hech bir jamoa chempionat startidagi 12 o‘yinning har birida kamida 2 tadan gol urishi hali kuzatilmagandi.

«Borussiya» D — «Borussiya» M 4:2
Gollar:
Zabitser (30), Fyullkrug (32), Bayno-Gittens (45), Malen (90+7) — Rayts (13), Kone (28). 
«Borussiya» D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek, Bensebayni, Roys, Zabitser (Reyna, 46), Jan (O‘zjan, 67), Brandt, Bayno-Gittens (Malen, 67), Fyullkrug (Mukoko, 76).
«Borussiya» M – Nikolas, Elvedi, Veber, Skalli, Nets, Onora (Xak, 73), Vaygl (Kramer, 82), Kone, Rayts (Ngumu, 61), Plea (Noyhaus, 73), Sebatsho (Chvanchara, 46). 

Ikki «Borussiya» derbisi deyarli hech qachon oddiy o‘tmaydi, ammo bu safargisi ilk daqiqalardayoq o‘tkir syujyetlarga boy bo‘ldi. Bo‘lim o‘rtalariga kelib Dortmund umidsiz holda yutqazayotgandi, ammo tanaffusga qadar 0:2 hisobi 3:2 ko‘rinishiga keltirildi. Kambekni Zabitser Brandtning uzatmasi bilan boshlab berdi. Ikki daqiqa o‘tib Bayno-Gittensga uzatib berilgan to‘p Fyullkrugga golli uzatma bo‘lib bordi. Bo‘lim oxirida esa ushbu angliyalik futbolchi jamoaviy pressingdan maksimal natija chiqarib, o‘zi ham gol urdi. Bunday zarbadan keyin raqib o‘ziga kelishi qiyin, ammo Gladbah «asalarilar»ning ikkinchi bo‘limda vaziyatlardan foydalana olmasligi tufayli o‘yin oxiriga qadar intrigani saqlab qoldi.

Mehmonlar o‘yin oxirida shturm uyushtirdi va o‘yin taqdiri faqat qo‘shimcha daqiqalarda hal bo‘ldi — burchak zarbasi ijro etilganida darvozabon ham mezbonlar jarima maydoniga yetib bordi, qarshi hujumda esa Malen bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. Dortmund «Leypsig»ning Volfsburgdagi mag‘lubiyatidan (1:2) foydalangan holda to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Kun statistikasi

  • «Byornli» APLda qatorasiga 7 uy uchrashuvida mag‘lub bo‘lgan 1-jamoaga aylandi.
  • «Bornmut» hujumchisi Jastin Klyuyvert XXI asrda kuchli beshlikdagi barcha chempionatlarda gol urgan ikkinchi futbolchiga (Yovetichdan keyin) aylandi.
  • Darvozabon Damen 2023 yilda bundesliga o‘yinlarida 3 ta penalti qaytardi. Bittasi «Augsburg»da, ikkitasi «Mayns» safidagi o‘yinlarda.
  • PSV bosh murabbiyi Peter Bos Niderlandiya chempionatida qatorasiga 15 o‘yinda (ikkitasi «Ayaks»ga qarshi) g‘alaba qozondi. Bu Lui van Gaalning 2005 yildagi seriyasidan beri eng yaxshi natija.
  • «Brayton» qatorasiga 17 o‘yinda ham gol urib, ham gol o‘tkazmoqda. Bunday seriya Angliyada oxirgi bor 1959/60 yillar mavsumida «MYu» tomonidan qayd etilgan.
  • «Feyyenoord» hujumchisi Ximenes Niderlandiya chempionatida yil boshidan buyon 28 gol urdi. Bu turnirda 2009 yilda porlagan Luis Suares (30 gol)dan keyingi eng yaxshi natija.
  • «Manchester Siti» hujumchisi Holanda APLda rekord darajadagi qisqa muddatda 50 gol urishi uchun 48 o‘yin yetarli bo‘ldi. Bungacha eng yaxshi natijaga ega bo‘lib turgan Endi Koul 50 ta golga 65 o‘yinda erishgandi.
Ko‘proq yangiliklar: