U-17 jahon chempionati. O‘zbekiston Angliyani mag‘lub etib, chorakfinalga yo‘llanma oldi

Sport 15:36 / 22.11.2023 33548

Jamoliddin Rahmatullayev bosh murabbiyligidagi o‘smirlarimiz Jakartada o‘tgan uchrashuvning 4-daqiqasidayoq Amirbek Saidovning goli evaziga hisobni ochishdi – 1:0. Bu Amirbekning turnirdagi 4-goli bo‘ldi va u to‘purarlar ro‘yxatida bormoqda. 

Goldan keyin inglizlar hujumkorlikni oshirib, 36-daqiqada Ndala yakkama-yakka vaziyatda Angliyaning javob goliga mualliflik qildi – 1:1.

Ikkinchi bo‘limda ham jamoalar maydonda ochiq futbol namoyish etishdi va 67-daqiqada jamoamiz sardori Lazizbek Mirzayev jarima maydoni tashqarisidan belgilangan standart zarbasini supergolga aylantirdi – 2:1.

Shu tariqa, O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi o‘z tarixida ilk marta Angliyani mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi marta chorakfinal bosqichiga yo‘llanma oldi. So‘nggi marta 12 yil avval – Meksika-2011 jahon chempionatida Aleksey Yevstafeyev boshchiligidagi o‘smirlar chorakfinalgacha yetib kelgandi. 

O‘zbekiston U17 jamoasining 1/4 finaldagi raqibi Fransiya – Senegal o‘yinidan keyin ma’lum bo‘ladi. Ushbu juftlik g‘olibiga qarshi yarimfinal yo‘llanmasi uchun kurash 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Chorakfinalni o‘smirlarimiz bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev tribunadan tomosha qiladi. Sababi u Angliyaga qarshi o‘yinning 90+10-daqiqasida maydondan chetlatildi.

22 noyabr (chorshanba)
U-17 jahon chempionati. 1/8 final
Angliya – O‘zbekiston – 1:2

Hakam: Selvin Braun (Honduras)
VAR: Joe Dikerson (AQSh)
Gollar: Amirbek Saidov 4, Lazizbek Mirzayev 67 – Jojl Ndala 36.
Angliya U-17: 1.Tommi Setford, 2. Josh-Kofi Achempong, 3. Jyeyden Megoma, 5. Lekli Samuel, 6. Samuel-Smit, 10. Sam Amo-Ameyav ( 9. Jastin Obovaoduo, 80), 11. Joel Ndala, 14. Denni Rays (4. Finli Mak Allister, 46), 16. Mayls Lyuis-Skelli, 18. Kris Rig (20. Etan Nvaneri,63) 19. Metti Verhorst
O‘zbekiston U-17: 21.Muhammadyusuf Sobirov, 5.Azizbek To‘lqinbekov, 6. Ozodbek O‘ktamov (3.Yahyo O‘rinboyev, 46), 7.Lazizbek Mirzayev, 8.Behro‘z Shukurullayev, 9.Amirbek Saidov, 13.Behruz Jumatov, 16.Muhammadali Reimov, 17.Ollobergan Karimov, 19.Sherzod Abdulboriyev, 20.Dilshod Abdullayev.

Ko‘proq yangiliklar: