Tribunadagi to‘qnashuvdan keyin Messi jamoani maydondan olib ketdi. Ammo Argentina qaytdi va yana Braziliyani yengdi

Sport 15:26 / 22.11.2023 28466

Messining braziliyalik muxlislari

Braziliya — Argentina 0:1
Gol:
Otamendi (63). 
Braziliya – Alisson, Emerson, Markinos (Nino, 46), Gabriel (Joelinton, 72), Augusto, Gimaraes (Luis, 78), Andre, Rafinya (Endrik, 72), Rodrigo, Martinelli (Veyga, 78), Jyezus.
Argentina – Martines, Molina, Otamendi, Romero, Akunya (Talyafiko, 66), Lo Chelso (Gonsales, 70), Mak Allister, De Paul, Fernandes (Paredes, 70), Messi (Di Mariya, 78), Alvares (Martines, 78).
Ogohlantirishlar: Jyezus (5), Rafinya (14), Augusto (33).
Chetlatish: Joelinton (81).

Bu hayratlanarli ko‘rinishi mumkin, ammo fakt shuki, muxlislar roppa-rosa ikki yildan buyon Janubiy Amerika klassikasi guvohi bo‘lishmagandi. Oldingi saralash siklida Argentinadagi o‘yinda golsiz durang qayd etilgan, Braziliyadagi o‘yin esa katta mojaro tufayli o‘tkazilmay qolgandi. Aniqrog‘i, o‘yin boshlangani hamono maydonga tibbiyot mulozimlari chiqib kelib, raqib safidagi o‘shanda mamlakatdagi koronavirus cheklovlarini buzgan to‘rt futbolchini karantinga yuborishni talab qilgandi. O‘yinni avvaliga qoldirishgandi, bu o‘yinni o‘tkazishdan ma’no qolmagach (ikki jamoa ham yo‘llanma masalasini hal qilgach), KONMeBOL o‘yinni umuman o‘tkazmay qo‘ya qolgandi.

Shunday ekan, bu jamoalar futbolini ko‘pchilik sog‘ingandi. Argentina bu sikldagi ilk mag‘lubiyatga qanday reaksiya qilishini kuzatish ham qiziqarli edi. Qatorasiga uch uchrashuvni g‘alabasiz o‘tkazgan Braziliya inqirozdan chiqish uchun qanday harakat qiladi? Ikki yarim hafta oldin o‘z boshqaruvidagi «Fluminense» bilan «Marakana»da Libertadores kubogini qo‘lga kiritgan Fernandu Diniz nima o‘ylab topadi? Nihoyat, «Arsenal»ning keskin noroziligiga qaramay milliy jamoaga chaqirilgan Gabriel Jyezus pentakampeonlarga yordam bera oladimi? Forvard jarohat tufayli jamoasining bir qancha o‘yinlarini o‘tkazib yuborgandi va Argentinaga qarshi o‘yinga bir necha kun qolganida umumiy guruh bilan mashg‘ulotlarga qaytgandi.

Hakamning o‘yin boshlanishi haqidagi hushtagi chalinishiga oz vaqt qolayotganida ijtimoiy tarmoqlarda stadionga Messining nomi bitilgan futbolkalar yoki unga bag‘ishlangan plakatlar bilan kelgan braziliyalik muxlislarning tasvirlari tarqaldi. Lekin bu ajablanarli emasdi. 2021 yilgi Amerika Kubogi finali arafasida ham xuddi shu arenada shu kabi manzara kuzatilgandi: ular Messi milliy jamoasi bilan ilk sovrinini qo‘lga kiritishi uchun Argentinaga muxlislik qilishgandi.

«O‘ynamaymiz»

Lekin ko‘p o‘tmay romantika o‘rnini reallik egallay boshladi. Argentinalik fanatlar joylashgan sektorda mushtlashuv yuzaga keldi, Braziliya harbiy politsiyasi janjalni bostirish uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Janjalda aybdor bo‘lgan radikal muxlislar ham, vaziyatga umuman aloqador bo‘lmaganlar ham kaltaklardan benasib qolmadi, bu esa vaziyatni yanada yomonlashtirdi. Bunga javoban huquq-tartibot organi xodimlariga qarata yulib olingan o‘rindiq uchib keldi, natijada kuch ishlatish darajasi oshdi. Ayrim jabrlanuvchilarni zambilga solib olib ketishga to‘g‘ri keldi, hodisaning kelib chiqish sababi haqida turli versiyalar paydo bo‘la boshladi.

Argentina matbuoti kutilganidek aybni politsiyaga ag‘darib, qit’a klublari o‘rtasidagi turnirlarda ham xuddi shunday bo‘lishini esladi. Aslida esa tartibsizliklar Braziliya madhiyasi yangrayotganida boshlangandi. Mahalliy nashrlar esa voqeani quyidagicha talqin etdi: politsiya, aksincha, argentinaliklar madhiyasi boshlanganida yuzaga kelgan mojaroga juda kech aralashgan. Ya’ni uch daqiqa o‘tganidan so‘ng. Xavfsizlik darajasini esa braziliyalik fanatlardan biri politsiyachining dubinkasini tortib olib, u bilan o‘z raqibini kaltaklay boshlagani aks etgan video ko‘rsatib beradi.

Ammo braziliyalik jurnalistlar va ekspertlar ancha ehtiyotkorlik bilan so‘z tanlab bo‘lsa ham tan olishdi: ikki jamoa fanatlarini bir tribunaga hech qanday to‘siqlarsiz joylashtirish — aqlsizlikdir. Styuardlar faqat janjal tugaganidan keyingina ularni ajratib turishdi. Shunday ekan, nafaqat politsiyaga, balki o‘yin tashkilotchisi — Braziliya futbol konfederatsiyasiga ham savollar tug‘iladi.

Tashkilot esa buni shunday izohladi: o‘yin «Flamengo» va «Fluminense» tomonidan birgalikda boshqariladigan «Marakana» konsorsium tomonidan o‘tkazilgan va xavfsizlik xodimlari bilan birgalikdagi yig‘ilishda klub o‘yinlari tajribasidan kelib chiqqan holda mehmonlar uchun alohida sektor tashkil qilmaslikka qaror qilingan. Shu bilan birga, stadionda politsiya vakili sifatida ishlagan polkovnik Ferreyra chiptalar aralash holda sotilgani muammo keltirib chiqarganini aytgan, xavfsizlik xodimlarining harakatlari esa ro‘y bergan voqeadan kelib chiqib amalga oshirilgani va bu to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlagan.

Argentinalik futbolchilar esa tribunalar yaqiniga borib, muxlislarga kuch ishlatishni bas qilishni talab qildi, darvozabon Emiliano Martines muxlislar sektoriga chiqishga urindi va politsiyachilardan biri muxlisni urishiga xalaqit berdi. Messi esa sardor sifatida jamoasini maydondan olib chiqib ketgach, bu safar ham o‘yin qoldirilishi mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga keldi. «Biz ketamiz. Biz bunday sharoitda o‘ynay olmaymiz», — deya Leoning so‘zlarini keltirgan yangiliklar lentasi.

Messisiz standartlar

Rioda baribir futbol o‘ynaldi, ammo sodir bo‘lgan voqea jiddiy iz qoldirdi. Qolaversa, mojaro avjiga chiqqanida De Paul va Jyezus o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi: braziliyalik futbolchi provokatsion jyest namoyish etdi. O‘yin boshlangach ham ushbu qarama-qarshilik davom etdi, natijada braziliyalik forvard sariq kartochka oldi, uning raqibi esa burni qonga belangani tufayli futbolkasini almashtirishiga to‘g‘ri keldi.

Bundan tashqari, o‘yin boshlanishidan oldin Rodrigo va Messi baland ohangda so‘zlashishdi, birinchisi raqibni qo‘rqoqlikda aybladi, Leo esa shunday deb javob qaytardi: «Biz jahon chempionlarimiz. Nima deyayotganingni bilasanmi? Tilingni tiy». O‘yin boshlanganida esa har bir «to‘qnashuv» futbolchilar chopib kelib to‘planishiga olib keldi. Birinchi bo‘limda saralash bosqichi uchun rekord darajadagi 22 fol qayd etilgani holda arbitr uch sariq kartochka bilan cheklangani biroz ajablanarli. Bu ogohlantirishlarning barchasi mezbonlarga berildi, jami qoidabuzarlikdan 16 tasi ularning hissasiga to‘g‘ri keldi.

Shu bilan birga, tanaffusda almashtirilgan Markinos hamda 76-daqiqagacha o‘ynay olgan va belidagi og‘riq tufayli maydonni tark etgan Messining jarohatiga raqiblar sabab bo‘lmadi. Leo hatto standart vaziyatlarni ijro eta olmadi va bu huquqni Lo Chelsoga topshirdi. Va aynan uning burchakdan to‘p uzatishidan Argentina Otamendining goli ko‘rinishida maksimum natija chiqarib oldi. U esa golini tribunalarga formasidagi JCh-2022 g‘olibligi uchun qo‘yilgan nashivkani namoyish etish bilan nishonladi.

Braziliya esa o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi. Masalan, argentinaliklarning golidan bir necha daqiqa oldin Gabriel Martinellida juda qulay vaziyat bo‘lgandi. Yakunda Braziliya tushunarsiz ravishda qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatini tan oldi.

Federatsiya rahbari Ednaldo Rodrigesning kelgusida Karlo Anchelottini taklif etish uchun vaqtincha bosh murabbiy bilan ishlash g‘oyasi o‘zini oqlamayapti. Buning barini Neymar va Vinisius Juniorning jarohatiga bog‘lash to‘g‘ri emas. Pentakampeonlar boshqa yulduzlari tarkibda bo‘lib ham ikki oyog‘ida oqsoqlanmoqda. Argentina esa oqsoqlangan Messi bilan «Marakana»da yana g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin esa mehmon fanatlar sektori qarshisiga borib, g‘alabani birgalikda nishonlashdi.

Argentina bu g‘alabadan keyin guruhda peshqadamlikni saqlab qolgan, Urugvay Boliviyaga qarshi o‘yinda g‘alabali yurishini davom ettirib (3:0) ikkinchi o‘rinda kelmoqda. Olti o‘yinda 7 ochko to‘plagan Braziliya o‘ziga xos bo‘lmagan 6-o‘rinda joylashgan.

Skaloni pikda ketadimi?

Bu g‘alabadan kattaroq natija edi. Qolaversa, bungacha hech kim Braziliyani saralash bosqichida uning maydonida mag‘lub etmagan. Messi esa maydonga qaytib, bayramga qo‘shildi va o‘zining o‘yindan oldingi qarorini izohladi: «Biz odamlarni qanday urishayotganiga guvoh bo‘ldik. Biz kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldik, chunki bu vaziyatni tinchlantirishning eng yaxshi yo‘li edi, aks holda fojia ro‘y berishi mumkin edi».

Yaxshiki, noxush hodisa ro‘y bermadi. Lionel Skalonining o‘yindan keyingi intervyusiga esa ko‘pchilik e’tibor qaratmadi.

«Endi to‘pni to‘xtatish va o‘ylashni boshlash vaqti keldi. Bu futbolchilar menga juda ko‘p narsa berishdi, men esa o‘z kelajagim haqida o‘ylashim kerak. Bu xayrlashuv emas, ammo planka juda yuqori, u esa juda ko‘p energiya talab qiladi, davom etish va g‘alaba qozonishda davom etish qiyin. O‘ylab olish vaqti keldi. Chunki jamoaga maksimum energiyaga ega va barchasi joyida bo‘lgan murabbiy kerak», — dedi jamoasini uning sharafiga Skalonetta deb atashayotgan mutaxassis.

U jamoani faoliyatining yuqori cho‘qqisida tark etadimi? Ko‘plar bunga jazm eta olmagan. Shtabning «Marakana»dagi tasvirlari esa xayrlashuvga ishora bo‘lib ko‘rindi.

Ko‘proq yangiliklar: