Toshkent shahrida Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor tadbir natijasida zargarlik do‘konidan o‘g‘irlangan 49 million so‘mlik tilla buyumlari o‘z egasiga qaytarildi.
Poytaxtning Shayxontohur tumani IIO FMBga Olmazor tumanida yashovchi fuqaro M.S. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Unga ko‘ra, fuqaro o‘zi sotuvchi bo‘lib ishlaydigan Eski jo‘va bozorida joylashgan zargarlik do‘koniga joriy yilning 28 aprel kuni noma’lum ayol o‘smir bola bilan kelgani va zargarlik buyumlarini uzoq vaqt ko‘rib, 49 million so‘mlik tilla buyumlarni tanlagani hamda sotib olish istagini bildirib qo‘liga olgan holda o‘g‘liga bergani, o‘g‘li esa darhol noma’lum tomonga qochib chiqib ketgani haqida ma’lum qilgan.
Dastlabki surishtiruvlar natijasida ushbu ayol Qo‘qon shahrida yashovchi 49 yoshli X.G., yonidagi o‘smir esa uning 12 yoshli o‘g‘li I.A. ekani aniqlangan.
Olib borilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan voqea joyidan qochib ketgan voyaga yetmagan bola qo‘lga olinib, qimmatbaho buyumlar o‘rnatilgan tartibda o‘z egasiga qaytarilgan.
Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.