Toshkentda mag‘lub bo‘lmagan raqib. O‘zbekiston Eronga qarshi o‘yinlar tarixini yangilay oladimi?

Sport 16:38 / 21.11.2023 23183

«Bunyodkor» stadionida anshlag bo‘lishi kutilmoqda

JCh-2026 va Osiyo kubogi-2027 ikkinchi saralash bosqichi 2-turi doirasida Srechko Katanets bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasining guruh peshqadami bo‘lib turgan Eronga qarshi o‘yiniga qiziqish juda katta.

«Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun chiqarilgan chiptalar deyarli sotib bo‘lingan. O‘zbekiston – Eron o‘yini chiptalari onlayn savdosi Iticket.uz sayti platformasi orqali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, so‘nggi hafta davomida 100, 50, 30, 25 va 20 ming so‘m narxlarda sotuvga chiqarilgan edi. 20 noyabr kechki vaqtga sotuvda qolgan chiptalar soni qariyb 300tani tashkil etayotganini ko‘rish mumkin edi, bugun chiptalar deyarli sotib bo‘lingani xabar qilingan. Shunday ekan, 34 ming tomoshabin sig‘imiga ega stadion bugungi o‘yinda muxlislar bilan to‘lib, anshlag bo‘lishini kutish mumkin.

Vakillarimiz o‘tgan haftada Turkmanistonda kambekli g‘alaba bilan qaytishdi va o‘yin oldidan Srechko Katanets Eronni qanday mag‘lub etish mumkinligini bilishini aytdi. Bu ham jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini va muxlislarning g‘alabaga bo‘lgan umidini oshiradi.

O‘zaro o‘yinlar

O‘zbekiston milliy jamoasi bugungi kunga qadar Eronga qarshi jami 12ta o‘yin o‘tkazib, forslarni Toshkentda mag‘lub eta olmagan. 12 o‘yindan 10tasida Eron g‘olib bo‘lgan, 1 o‘yinda durang va yana bir bahsda Ulug‘bek Baqoyevning Tehrondagi yagona goli O‘zbekiston milliy jamoasiga bu raqib ustidan qozonilgan yagona g‘alabani keltirgan. To‘plar nisbati 3:16 – forslar foydasiga.

Vakillarimiz Eronga qarshi so‘nggi o‘yinni iyun oyida Toshkentda o‘tkazib, CAFA Cup-2023 finalida Sardor Ozmunning yagona goli mehmon jamoaga yangi turnirning ilk sovrinini keltirgan edi. Vakillarimiz bugungi bahsda Toshkentdagi noxush an’anaga chek qo‘yib, tarixni yangilashga urinishadi.

O‘zbekiston – Eron. O‘zaro o‘yinlar:

20.06.2023. O‘zbekiston – Eron – 0:1

08.10.2020. O‘zbekiston – Eron – 1:2

11.09.2018. O‘zbekiston – Eron – 0:1

19.05.2018. Eron – O‘zbekiston – 1:0

12.06.2017. Eron – O‘zbekiston – 2:0

06.10.2016. O‘zbekiston – Eron – 0:1

11.06.2015. O‘zbekiston – Eron – 0:1

14.11.2012. Eron – O‘zbekiston – 0:1

03.06.2012. O‘zbekiston – Eron – 0:1

05.09.2009. O‘zbekiston – Eron – 0:0

11.07.2007. Eron – O‘zbekiston – 2:1

14.12.1998. O‘zbekiston – Eron – 0:4.

2023 yilda mag‘lub bo‘lmayotgan jamoa

Eron milliy jamoasi Qatarda o‘tgan JCh-2022da guruhdan keyingi bosqichga chiqa olmagach, Karlush Keyrush bilan xayrlashdi. Mamlakat futbol rahbariyati jamoaning sobiq murabbiyi Amir G‘olinoiyni yana milliy jamoa boshqaruviga taklif etgach, forslarning mag‘lubiyatsiz seriyasi boshlandi va Eron 2023 yildagi 10 o‘yinda 9ta g‘alabaga erishdi va faqat Rossiya bilan o‘rtoqlik o‘yinida 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘ldi.

«Osiyo leopardlari» so‘nggi 4 o‘yindan 3tasida yirik hisobda g‘alabaga erishdi. Xususan, JCh-2026 va Osiyo kubogi-2027 qo‘shma saralash bosqichi 1-turi doirasida Sardor Ozmun va Mehdi Toremiyning gollari evaziga Hongkongni yirik hisobda mag‘lub etib, to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhda peshqadamlik qilmoqda.

Eron milliy jamoasining 2023 yilgi o‘yinlari:

23.03.2023. Eron – Rossiya 1:1

28.03.2023. Eron – Keniya 2:1

13.06.2023. Eron – Afg‘oniston 6:1

16.06.2023. Qirg‘iziston – Eron 1:5

20.06.2023. O‘zbekiston – Eron 0:1

07.09.2023. Bolgariya – Eron 0:1

12.09.2023. Eron – Angola 4:0

13.10.2023. Iordaniya – Eron 1:3

17.10.2023. Qatar – Eron 0:4

16.11.2023. Eron - Hongkong 4:0

Eron transfer narxi bo‘yicha O‘zbekistonni ortda qoldirmoqda

Transfermarkt portaliga ko‘ra, Eron milliy jamoasining umumiy bahosi 57,2 million yevroni tashkil etayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston milliy jamoasi 29,9 million yevro narxga ega. Forslarning eng qimmatbaho o‘yinchisi Mehdi Toremiy hisoblanadi – 18 mln yevro, mamlakatimizning eng qimmatbaho futbolchisi esa Eldor Shomurodov – 6 million yevro.

Eron milliy jamoasining eng qimmatbaho 5 o‘yinchisi:

1. Mehdi Toremiy (Portu) – 18 mln yevro

2. Sardor Ozmun (Roma) – 12 mln yevro

3. Alirizo Jahonbaxsh (Feyyenoord) – 4 mln yevro

4. Majid Husseyni (Kayserispor) – 2,6 mln yevro

5. Saman Kuddus (Brentford) – 2 mln yevro

O‘zbekiston milliy jamoasining eng qimmatbaho 5 o‘yinchisi:

1. Eldor Shomurodov (Kalyari) – 6 mln yevro

2. Azizjon G‘aniyev (Shabob Al-Ahli) – 3 mln yevro

3. Otabek Shukurov (Fotih Karagyumruk) – 2,50 mln yevro

4. Jaloliddin Masharipov (Panserraikos) – 2 mln yevro

5. Abbosbek Fayzullayev (TsSKA) – 2 mln yevro.

Anons. JCh-2026 saralashi. 2-tur

21 noyabr (seshanba)

O‘zbekiston – Eron

Toshkent, «Bunyodkor» stadioni.

O‘yin boshlanish vaqti: 18:00

TV-translatsiya: Sport

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: