2023 yil 20 noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda, shuningdek daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarning qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt va buta ko‘chatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda, shuningdek daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.